Bir oydan so’ng, ya’ni 15-oktabr kuni voyaga yetgan qirg’izistonliklar yangi prezidentni saylash uchun saylov uchastkalariga yo’l oladi.
Bu lavozimni ko’zlaganlar avvalida juda ko’p bo’ldi – qariyb 60 kishi. Biroq asta-sekin ular soni kamaydi. Ayrimlari nomzod bo’lishga loyiq deb topilmadi, yana ba’zilari o’z fikrini almashtirdi, arizasini qaytarib oldi. Nihoyat poygaga 13 da’vogar chiqdi.
Bu nimasi bilan qiziq?
Avvalambor, Markaziy Osiyoning besh respublikasi orasida Qirg’iziston erkin saylovlar o’tkazib kelayotgan yagona mamlakatdir. Muammolar kuzatilgan bo’lsa-da, saylovlarning erkin o’tkazilganini YXHT kabi xalqaro tashkilotlar e’tirof etgan. Eng muhimi – saylovda tanlovning borligi.
Ikkinchidan, bu mamlakat Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri saylangan prezidentlar soni bo’yicha Markaziy Osiyoda birinchi o’rinda. Shu kungacha 4 kishi – Asqar Akayev, Qurmonbek Bakiyev, Roza Otunbayeva va Almazbek Atambayev davlatni boshqardi.
Uchinchidan, Atambayevning Konstitutsiyani o’zgartirish orqali prezidentlik muddatini cho’zish va yana hokimiyatda qolish kabi qo’shni respublikalarda qayta-qayta qo’llanilgan uslublarni tanlamay, hokimiyatdan tinchgina ketayotgani ham huquq ustuvorligi va demokratiya belgisi.
To’rtinchidan, Boltiqbo’yi davlatlarini aytmasa, sobiq sovet respublikalari orasida Qirg’iziston ayolni prezident etib saylagan yagona davlat. (Gruziyada Nino Burjanadze ikki marta ikki oydan prezident vazifasini bajargan, ammo bu lavozimga saylanmagan). (Shu bilan birga, bu safar 13 nomzodning orasida ayolning yo’qligi achinarli hol, albatta).
Nomzodlarning ko’pligi – demokratiya alomati. Ammo ayni vaqtda beqarorlikka sabab bo’lishi mumkin. Ayniqsa, bu mamlakatda hokimiyat bir emas, ikki marta inqilob orqali o’zgarganini aytsak.
Yana bir muhim faktor – saylovga xorijiy davlatning aralashuvi ehtimoli. Masalan, Rossiya sobiq sovet makonida o’z ta’sirini kuchaytirishga harakat qilib keladi. Rossiya orbitasida bo’lgan mamlakatlar orasida Qirg’iziston ham bor. AQShdagi o’tgan yilgi prezident saylovlariga Rossiya aralashgani, xususan, Hillari Klintonga xalaqit berib, Donald Trampga yordamlashgani haqida iddaolar bor, bu borada Vashingtonda jiddiy taftish davom etmoqda. Shu bahorda Fransiyada prezident saylovlari bo’lib o’tganida Rossiya o’z targ’iboti orqali va kompyuterlarga uyushtirilgan xakerlik hujumlari yordamida Emmanuel Makronni emas, balki Marin Le Penni qo’llab-quvvatlagani haqida ma’lumotlar paydo bo’lgan edi. Qirg’izistondagi saylovga Kreml aralashmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Qolaversa, Almazbek Atambayev oliy lavozimdan ketganidan keyin ham biznes-imperiyasini va o’z ta’sirini saqlab qolish maqsadida prezidentlik kursisiga o’z odamini qo’yishga intilmoqda. Bu borada u Rossiyadan yordam olishdan ham toymasligi mumkin.
Demak, keyingi to’rt hafta davomida Qirg’izistonni kuzatamiz.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz