10-sentabr kuni men AQSh senatori bilan uchrashuvga bordim. Kirsten Jillibrand – Nyu-York shtatidan senator, demokrat. Tarafdorlari ko’p. Kelajakda uning AQSh prezidenti bo’lishiga ishonadiganlar ham kam emas.

Uchrashuv bo’lib o’tadigan joyga yetib kelib, hayratga tushdim. Odam liq-liq. Hamma binoga kirish uchun navbatda turibdi. Bu qadar qiziqish bo’lishini kutmagandim, axir uchrashuv yakshanba kuni bo’lib o’tyapti. Men bilan navbatda turgan yoshi kattaroq rusiyzabon odamlar sovet paytida talaba bo’lganida dekan hammani nomzodlar bilan uchrashuvga haydaganini eslab, farqni qarang-a, deya kuldi.

Nima sababdan amerikaliklar bu qadar faol? Chunki ular siyosatga haqiqatan ham ta’sir qila olishini biladi, har bir saylovchining ovozi ahamiyatli ekanini biladi, senatorni saylagan men, deydi har bir saylovchi.

Darvoqe, uchrashuvga borganlar orasida respublikachilarni qo’llab-quvvatlaydiganlar ham bor edi. Men biri bilan gaplashganimda o’tgan yilgi prezident saylovlarida Donald Tramp uchun ovoz berganini aytdi.

Majlis bo’ronlar qurbonlari yaqinlariga, qolaversa, 2001-yil 11-sentabr kuni ro’y bergan terror xurujlaridan nobud bo’lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirish va bir daqiqalik sukunat bilan boshlandi. Senatorning qisqa chiqishidan keyin saylovchilar faolligi kamaymadi. Birin-ketin mikrofon oldiga chiqib savol berishdi. Savollarning barchasi ichki siyosatga oid.

Hozirgi kunda eng dolzarb mavzu – DACA masalasi muhokamani ochib berdi. So’ngra senator saylovchilar bilan soliqlar, uy-joy, tibbiy sug’urta, iqlim o’zgarishi va ta’limdan tortib, qurol ishlatishda xavfsizlik, bo’ronlarga tayyorgarlik kabi masalalarga ham batafsil to’xtaldi.

Rossiyaning o’tgan yilgi prezidentlik saylovlariga ta’sir qilgani ehtimoli va hozirda bu borada olib borilayotgan taftish ham chetda qolmadi.

Biroq bu masala ham ko’proq ichki vaziyatga qaratildi, ya’ni bundan buyon o’tkaziladigan saylovlarga biz naqadar tayyormiz, xorijiy davlatning aralashuviga qarchi qanday choralar ko’rildi, qabilida savollar berildi. Umumiyat-la, saylovchi o’zi saylagan senatordan hisobot talab qildi. Hurmat va ehtirom ko’rsatgan tarzda keskin savollar berishdan o’zini tiymadi. Ko’plar esa hozirgi prezidentni nishonga olishdan ham o’zini tiyib o’tirmadi.

Amerikadagi demokratiya va siyosiy faollik mana shu 2,5 soat davom etgan majlisda mujassam edi. O’zining ishtiroki bilan mamlakatdagi ahvolni o’zgartira olishga ishonch bu. Mamlakatdagi ahvol aslida har bir odamga bog’liq, degan ishonch. Fikrini erkin bildirishi va buning uchun jazolanmasligiga ishonch. Amerikaliklarga havasim keldi, rosti. 26 yil oldin mustaqillikka erishgan mamlakatlarda odamlar qachon shunday bo’larkin, degan o’y bilan majlisdan qaytdim.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim.

Gaplashamiz.