Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yig’ini davom etar ekan, matbuot e’tiboridan chetda qolayotgan bir mavzuni ko’tarmoqchi edim. Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko BMT minbaridan turib so’zlagan nutqida turli masalalarni ko’tardi, Rossiya bosqinchiligi haqida gapirdi va xususan Qrim tatarlarini tilga oldi. Shunda operator kamerani Ukraina delegatsiyasi o’tirgan joyga burdi. U yerda diplomatlar orasida Mustafo Jemilev o’tirardi.

Yoshi 70 dan oshgan, gavdasi kichikkina, ko’zlari ham qayg’u hamda yosh yigitlarga xos qiziquvchanlikka to’la bu arbobni Nelson Mandela bilan qiyoslash mumkin.

1943-yilda, II Jahon urushi avj olgan paytda Jemilev Qrimning fashistlar bosib olgan hududida  tug’ilgan. Qizil armiya u yerlarni ozod etgandan keyin NKVD – Sovet Ittifoqining xavfsizlik xizmati – bu xalqni ona yeridan quvgan. Olti oylik go’dak Mustafoning ota-onasi minglab boshqa qrim-tatarlar bilan birgalikda poyezd vagonlarida O’zbekistonga keltirilgan.

Mustafo Jemilev aynan O’zbekistonda ulg’aygan. O’smirligidanoq faol bo’lgan. 1989-yilda Sovet Ittifoqida boshlangan qayta qurish siyosati natijasi o’laroq qrim-tatarlar vataniga qaytdi. Ungacha esa Jemilev Sovet hukumatini tanqid qilgani, qrim-tatarlar huquqlarini ilgari surgani uchun olti marta qamalgan, umrining kattagina qismi GULAG tizimidagi lager va koloniyalarda o’tgan. Norozilik tariqasida ochlik e’lon qilib, o’ziga xos “rekord” qo’ygan: ha, Jemilevning ochlik aksiyasi 303 kun davom etgan. Unga majburan ovqat yedirilgani sababli faol tirik qolgan.

Yoshligimda ota-onam Jemilev haqida gaplashganini men ko’p eshitganman. Bola bo’lganim sababli qulog’imga ko’p gap kirmasdi, lekin bu ism xotiramda muhrlangan. Otamning ishxonasida turli millatlar vakillari ishlardi, ular orasida qrim-tatarlar ham bo’lgandir, deb taxmin qilaman hozir, chunki bu ismni otam ko’p tilga olardi.

O’zbekistonda qrim-tatarlar haliyam kam emas. Bu borada O’zbekiston sobiq sovet respublikalari orasida – Qrim va Ukrainani aytmasa – birinchi o’rinda.

Qrim-tatarlarning eng katta diasporasi esa Turkiyada yashaydi – ayrim manbalarga ko’ra, 6 million odamga teng bo’lishi mumkin. Tasavvur qiling-a, bu Qirg’iziston aholisi bilan teng. Yevropa va AQShda ham bor.

Turkiya Qrim yarimorolining tub aholisi qrim-tatarlarni doim qo’llab-quvvatlab kelgan. 2014-yilda Qrimning Rossiyaga qo’shilishini Turkiya hukumati qoralab chiqdi. Bu aloqa ko’p asrlik tarixga ega. Qrim tatarlari – turkiy xalq, musulmon, tili ham turkiy.

Turk teleseriallari bilan tanish bo’lgan gapdoshlarim “Muhtasham yuz yil” serialida sulton Sulaymonning onasi Volida sulton Qrim tatarlaridan bo’lganini eslasa kerak. Bu rolni mashhur turk aktrisasi, go’zal Nabohat Chehra o’ynagan. Burak Ozchevit ijrosidagi Malkocho’g’li Bali Beyni ham eslasangiz kerak. U ham, film yodingizda bo’lsa, qrim-tatarlar qavmidan edi. Usmonli imperiyasida qrim-tatarlar dovyurak, mard va erksevar jangchilar bo’lgan, Yevropaga qarshi urushlarda birinchi qatorlarda jang qilgan.

Men bu maqolani yozayotganimda, Kiyevdan mana bu xabar keldi. 21-asrning ikkinchi o’n yilligida ham qrim-tatarlar kurashni davom ettirishga majbur.

Mustafo Jemilevga qaytadigan bo’lsak, u yana quvg’inda: Ukrainada yashaydi, o’z vatani Qrimga borolmaydi. Bugunda Qrim Rossiyaga qarashli. Rossiyaparast yangi hukumat qrim-tatarlarni uylaridan haydab chiqarmoqda. Tarixi qonli kunlarga to’la xalq hanuz o’z huquqlari va erkinliklari uchun kurashishga majbur.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.