31-oktabr kuni Nyu-Yorkda o’zbekistonlik Sayfullo Soipov amalga oshirgan terror xurujidan keyin o’zbeklarga munosabat yomonlashmoqda, deya yozadi o’zbek muhojirlari ijtimoiy tarmoqlarda.

Bruklinda bir erkak o’zi yashaydigan bino devorida “Ozbeklar, uyingga yo’qol” (Go home, Uzbeks) degan yozuv qoldirgan.

Bundan keyin politsiya binoga kelib, kameralardagi videoni tekshirib chiqqan va bu yozuvni yozgan odamning asli ukrainalik Dmitriy Gekman ekanini aniqlagan. Gekman hibsga olingan va unga rasman ayblovlar qo’yilgan.

Nyu-York huquq-tartibot organlarining tezda chora ko’rgani – quvonarli hol.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ham o’zbeklarga nisbatan nafratga to’la gaplar ko’paygan. Ular, asosan, rus tilida gapiradigan va o’zlari ham AQShga immigrant sifatida kelganlar tomonidan bildirilmoqda.

Mana shunisi, ayniqsa, qiziq. Jamiyatshunoslardan tortib ruhshunoslargacha o’rganadigan mavzu. Yana qizig’i – bu rusiyzabon odamlarning aksariyati yahudiy ekanida. Axir ular ham Sovet Ittifoqida oz sonli etnik guruh sanalgan. O’zbeklar kabi. To’g’rirog’i, ma’lum ma’noda o’zbeklardan ham pastroq bir guruhdek qaragan ularga ruslar. Chunki o’zbeklarning o’z Sovet Sotsialistik Respublikasi bo’lgan. Bu SSSR tarkibidagi eng ko’p huquqli tuzilma edi. Yahudiylarga qarashli tuzilma esa avtonom oblast edi. Bu Sovet Ittifoqida eng past maqomga ega tuzilma bo’lgan.

Shuningdek, yahudiylar ruslar tomonidan eng ko’p xo’rlangan millat bo’lgan. Aynan shu sababdan ular 1970-1980-yillardan  boshlab Isroil, AQSh va Yevropa davlatlariga chiqib keta boshlagan.

Ular o’zbeklardan bor-yo’g’i 15-25 yil avval AQShga kelganiga qaramay, bu o’lkani o’ziniki deb, o’zbeklarni yot demoqda va haydamoqda. Zotan, ularning bunga hech qanday haqqi yo’q. Aslida bunga hech kimning haqqi yo’q, chunki Amerika – muhojirlar yurti. Faqat ba’zilar ertaroq, boshqalar kechroq bu yerda qo’nim topgan. Hech bir elat yoki irqning boshqalardan huquqlari ko’proq emas. Hammaning huquqi teng. Amerikaning buyukligi mohiyati ham shunda.

Qizig’i, AQShda tug’ilib o’sganlar tomonidan o’zbeklarga nisbatan bunday salbiy munosabat haqida hali eshitmadim. Mening asl amerikalik do’st va tanishlarimdan hech biri terror xurujini o’zbek amalga oshiribdi, ham demadi. Chunki biladi: alohida bir shaxs butun millatni aks ettirmaydi.

Shunga qaramay, bundan buyon o’zbeklarga munosabat yomonlashmasligini hech kim kafolatlamaydi. Shuning uchun o’zbek faollari, yoshlari, professionallarining xurujni qoralashi va nobud bo’lganlarga ta’ziya izhor etishi muhim.

Biroq ko’cha-ko’yda sizga birov yomon gap gapirsa, urishib o’tirmay, to’g’ridan to’g’ri politsiyaga murojaat qiling. “Facebook”da biror bir salbiy sharhni o’qisangiz ham, talashib, o’zbeklar undaymas, bunday, deb tushuntirib o’tirmay, “Facebook”ka shikoyat qiling. Buning uchun o’sha odam ismi to’g’risida o’ng knopkani bossangiz, “Report” degan so’z chiqadi. O’shani bosib, sababmni tushuntirasiz. Bu holda “it shoudln’t be on Facebook” va so’ngra “hate speech against race or ethnicity” qabilidagi sabablarni tanlashingiz kerak. “Facebook” shikoyatingizni ko’rib chiqib, hech bo’lmaganida, 1-2 kunga u odamni blok qilib qo’yadi. Unga bu saboq bo’lishi kerak.

O’zingizni asrang. Sog’ bo’ling.