AQShda saylovlar haqida gap ketganda, odatda eng katta ovoz beruvchi guruh sifatida oq tanli erkaklar ko’riladi. Aslida ham shundaymi?
AQShda saylovlarda ovoz berishda eng ko’p ishtirok etuvchi qatlam bu ayollardir. 1960-yildan beri shunday.
2020-yilda ovoz berishga layoqatli ayollarning 68 foizi saylovlarda ishtirok etgan bo’lsa, erkaklar o’rtasida bu raqam 65 foizni ko’rsatgan. 2016-yildagi saylovlarda esa 63 foiz ayollar va 59 foiz erkaklar qatnashgan.
“Masalan, oxirgi ikki saylovni olsak, har ikkisida ovoz berishda ishtirok etgan ayollar soni erkaklarga nisbatan kamida 10 millionga ziyod”, – deydi Ratgers universitetidagi Amerikalik ayollar va siyosat markazi tadqiqotchisi Kleir Gotrou.
Oq tanli ayollar o’rtasida ham oq tanli erkaklarga nisbatan saylovlarda ishtirok etuvchilar ko’proq.
Amerikada ayollar ko’proq demokratlarga ovoz beradi. Irq kesimida olsak, respublikachilarga ko’proq oq tanli ayollar ovoz bersa, qora tanli, lotin amerikalik va osiyolik ayollar demokrat nomzodlarga ko’proq ovoz beradi. Shunday bo’lsa-da, oq tanli ayollar orasida oq tanli erkaklarga nisbatan demokratlarga ovoz beruvchilar ko’proq.
2020-yilda oq tanli bo’lmagan saylovchilar jami saylovchilarning uchdan bir qismini tashkil etgan.
Gotrouning aytishicha, qora tanli ayollar saylovlarda faol qatnashadi. Shu sabab ham 2020-yilda Jo Baydenning g’alabasida ular muhim ahamiyat kasb etgan.
Saylovchilar ma’lumotiga qarab o’rganilganda shu narsa aniq bo’lganki, oliy ma’lumotli saylovchilar ko’proq demokratlarga ovoz beradi. Shu bilan birga, saylovchilar ovoz berayotganda nomzodning jinsiga emas, ko’proq irqiga qaraydi.
Saylovlarda ayollar katta ovozga ega. Shunday bo’lsa-da, oq tanli erkaklar asosiy ovoz beruvchi qatlam sifatida ko’riladi. Mutaxassislarga ko’ra, bu hali ham jamiyatda gender va irqiy tengsizlik kuchli ekanini ko’rsatadi.
“Siyosiy soha doim “erkak” so’zi bilan sinonim sifatida ko’rilgan. Buni o’zgartirish uchun hali ko’p vaqt kerak”, – deydi Ratgers universitetida siyosatshunos Eshli Koning.
Oydin Sa’dullayeva