Yaqinda AQShdagi “Pew” tadqiqot markazi dunyoning 200 ga yaqin mamlakatida kiyinish bo’yicha chekovlar borasida tadqiqot o’tkazdi. Tadqoqotda 2016-2018-yillar o’rganildi. Natijalarga ko’ra, dunyoning 56 davlatida kishilar ma’lum bir kiyinish me’yorlariga amal qilmagani uchun turli xil darajadagi qarshiliklar, ta’qiblar, tahdidlarga uchraydi. Ayollar, asosan, hijob o’rash yoki o’rmaslik, erkaklar esa soqol qo’yish yoki qo’ymaslik borasida qarshiliklarga duch keladi. Haddan tashqari diniy yoki zamonaviy kiyingani uchun tanqid qilinadi. Nafaqat biror shaxs yoki guruhlar tomonidan, balki hukumat tomonidan tizimli ravishda ta’qiblar ham kuzatilgan.

Aniq raqamlarda aytilsa, 56 mamlakatning 42 tasida juda diniy kiyingani, xususan, ayollar hijob o’ragani uchun qarshiliklarga duch kelgan. 19 ta davlatda esa, aksincha, ayollar hijob o’ramagani, din talabidan kelib chiqqan holda kiyinmagani uchun tanqidu tahdid qilingan. Yana beshta mamlkatda, ya’ni Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Isroil va Rossiyada har ikki ko’rinishdagi cheklovlar kuzatilgan.

Bu mavzu O’zbekiston uchun ham yot emas.  To’g’ri, AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasiga ko’ra, O’zbekistonda diniy erkinlik bobida keying vaqtlarda sezilarli progress yuz berdi. Respublika endi bu masalada AQShning qora ro’yxatida emas. Ammo, shu bilan birga, vaziyatni yanada yaxshilash uchun qator tavsiyalar bergan. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ham O’zbekistonda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlarga doir qonun loyihasiga qator o’zgarishlar kiritishni, unda saqlanib qolgan cheklovlarni olib tashlashni tavsiya qilgan. Xususan, diniy tashkilotlarni ro’yxatdan o’tishi va erkin ishlashi uchun imkoniyat yaratish, shuningdek, dindorlar hayotiga davlat aralashuvini cheklash, diniy ta’lim olish, diniy adabiyotlar o’qish erkinligini ta’minlash, bunday adabiyotlarni tayyorlashda, olib kirishda va tarqatishda tegishli idoralarning “ekspertiza xulosasi” majburiyligini olib tashlash, ziyoratlar tashkil etish, xususan, hajni hukumat tasarrufidan chiqarish kabilar shular jumlasiga kiradi.

Ekspertlar fikriga ko’ra, so’nggi yillarda hukumat diniy erkinliklar yuzasidan bir qator o’zgarishlar qildi, ammo bu o’zgarishlar asosan hukumat nazaridagi adashgan dindorlarni oqlash, qora ro’yxatdan chiqarish, noqonuniy diniy tashkilotlarga a’zolikda ayblangan mahbuslarni qamoqdan ozod etishdan iborat bo’ldi. Diniy liboslar esa hali ham taqiqda qolmoqda.

Yaqinda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidovning jurnalistlar savoliga bergan javobi ham e’tiqod erkinligi bilan bog’liq vaziyat hamon qaltis ekanidan darak beradi.

“Oliy o‘quv yurtining ichki tartib-qoidalari bor. Ichki tartib-qoidalar hammani, jumladan talabalar va o‘qituvchilar orasida bir-birini hurmat qilish nuqtayi nazaridan ishlab chiqilgan. Shu ichki tartib-qoidalarda belgilangan tartibda [oliy ta’lim muassasasiga] kelib-ketish mumkin. Buning ichida nafaqat bu savol, u darsga, o‘qishga qatnashi shartmi, degan savolni olib chiqadi. Buning ichida odam bemalol auditoriyada o‘tirishi mumkinmi yo yo‘q degan savollar chiqadi. Yo‘q, mumkin emas. O‘sha tartib o‘rnatilgan, amal qilinishi kerak. Tartib bor, o‘sha o‘rnatilgan. Bu faqat bizning davlatda emas. Hamma davlatda, har bir ta’lim muassasasida tartib-qoidasi mavjud. Bugungi kunda bizdagi har bir oliy o‘quv yurti o‘z tartib-qoidasiga ega. Ana shunga amal qilinadi”, – deb aytgan Majidov.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlar xizmatchilari bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb yozilgan.

Hozirda parlament “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko’rib chiqmoqda. Unga ko‘ra, qonundagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, degan qismi chiqarib tashlanishi nazarda tutilmoqda. Biroq, qonun hali qabul qilinganicha yo‘q.

Hijob va soqol masalasi esa ham dindor va ham dunyoviy qatlamga ega bo’lgan o’zbek jamiyatining og’riqli muammosi bo’lib qolmoqda.

 

Oydin SA’DULLAYEVA