Tugashiga qariyb bir oy qolgan yildagi muhim siyosiy voqealardan biri – Ispaniya poytaxti Madrid bilan Kataloniya o’rtasidagi janjal bo’ldi.
Men bundan 18 yil avval Ispaniyada bo’lganimda, Kataloniya poytaxti Barselonaga ham borgandim. Barselonani aylanayotib, adashib qolganimda, bir keksa odamdan “falon joyga qanday borsam bo’ladi”, deb ispan tilida murojaat qilganman. Shunda u kishi bir nimalar degan-u, lekin men gapini mutlaqo tushunmay, xafa bo’lgan edim. Chunki Ispaniyaga safarimdan oldin bir necha oy ispan tilini o’rganib, tuzukkina suhbatlasha olardim. Aslida ispan tilini bilmas ekanman, deya o’zimdan o’kinganman o’shanda.
So’ngra yana bir odamga xuddi o’sha savol bilan murojaat qilganimda, u “men bu yerlik emasman, men ham turistman, o’zim Gvatemaladanman. Keling, mana bu kishidan so’ray qolamiz”, deb ayni keksaga murojaat qilgan. Ispan tilida, chunki Gvatemalada aholi, bilasiz, ispan tilida so’zlashadi. U keksa kishi yana nimalardir deb javob bergan. Gvatemalalik so’ngra “Grasias, sinyor, grasias”, deb tashakkur aytgan. Men buni 2-3 qadam narida kuzatib turardim. So’ngra gvatemalalik yigit mening yonimga kelib, “nima deganini tushunmadim”, degan. Sababini so’rasam, “chunki biz Kataloniyadamiz, ular o’z tilida gapiradi. Ispancha gapirmaydi, men katalan tilini bilmayman”, – degan.
Yana bir necha odamdan so’rab, nihoyat ispancha so’zlashadigan odamga duch kelganmiz va kerakli joyning qayerdaligini bilib, men ham, gvatemalalik sayyoh ham o’z yo’limizdan ketganmiz.
Aziz gapdoshim, 18 yil avval bo’lib o’tgan kichik bir hodisa hozirgi siyosiy jarayonlarni tushunishga yordam beradi.
Xabarlardan bilasizki, shu yili Kataloniya o’z mustaqilligini ovozga qo’yib, referendum o’tkazdi. Madriddagi markaziy hukumat referendumni qonunga zid deb topdi. Kataloniyada Ispaniyadan alohida bo’lib chiqamiz, o’z taqdirimizni o’zimiz hal qilamiz, deganlar kam emas. Lekin Ispaniyadan ajralib chiqsak, kunimizni o’zimiz ko’rolmaymiz, boshqa mitti davlatlar bunga misol, deydiganlar ham bor.
Mustaqil bo’lib ajralib chiqish haqidagi gaplar ilgari ham bor edi. Ba’zan dolzarblashib, ba’zan yana ikkinchi planga o’tardi. O’sha men Barselonada uchratgan keksa men bilan atayin katalan tilida gaplashgan, ispan tilini binoyidek bilsa-da. Chunki Kataloniyaning barcha aholisi ispan tilini biladi, ispan tilida maktabda o’qiydi.
Darvoqe, Ispaniyada shevalar ko’p. Ba’zilar ularni alohida til deb hisoblaydi. Ispan tilini xorijda “Espanyol” (Espanol) deb atashadi. Mamlakat ichida esa klassik ispan tilini “kasteyyano” (castellano) deydi. Chunki Madrid Kastiyya (Castilla) viloyatida joylashgan. Barselonaliklar o’zining tilini katalan deydi. Aytish joiz, katalan tili kasteyyano – ispan tilidan farq qiladi.
Valensiya shahrida yana boshqacha shevada gapirishadi. Ularning ayrimlari biz Kataloniya tarkibidamiz, desa, boshqalari biz alohidamiz, o’zimizning tilimiz bor – valensian tili, deydi.
Vaziyatning jiddiyligi ham aynan shunda.
Agar Kataloniya Ispaniyadan ajralib chiqsa, undan keyin Valensiya ham mustaqillik talab qilishi mumkin. Basklar o’lkasini aytmasa ham bo’ladi. Basklarning madaniyati ham, tili ham, hatto olimlarga ko’ra, etnik kelib chiqishi ham boshqa ispanlardan keskin farq qiladi. Basklar o’lkasida ayirmachilik tarixan eng kuchli bo’lgan, chunki ispanlar basklarni kuch bilan bosib olgan va o’ziga bo’ysundirgan.
Demak, xuddi domino o’yinida bitta dominodan keyin boshqalari ham birin-ketin qulaganidek, Ispaniya parcha-parcha bo’lib ketishi mumkin. Markaziy hukumat xuddi shundan qo’rqadi.
Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham imkon bo’lsa ajralaman degan elatlar kam emas. Shuning uchun hatto Yevropa Ittifoqi ham Kataloniyadagi separatizmni qoraladi.
Kataloniyada mustaqillik referendumini o’tkazish tashabbusi bilan chiqqan Karles Puchdemon Ispaniyadan qochishga majbur bo’ldi. U hozir Belgiyada, o’lkasi mustaqilligi uchun kurashni davom ettirajagini bayon qilmoqda. Belgiya rasmiylari esa siyosatchini Ispaniyaga ekstraditsiya qilish masalasini o’rganmoqda.
Kataloniyaga qaytadigan bo’lsak, u yerda hozircha vaziyat tinch. Hali-beri yangi referendum o’tkazish yoki markaziy hukumatga qarshi chiqadiganga o’xshamaydi. Agar, bu yilgi kabi, yana ayirmachi siyosatchi topilmasa.
Siz nima deysiz?
Gaplashamiz