Estoniya tarixida ilk bor prezident etib ayol saylandi. 46 yashar Kersti Kalyulayd bungacha Yevropa Ittifoqi tizimi xodimi bo’lgan, to’rt farzand onasi. 10-oktabr kuni u progressiv qarashlarga ega, AQShda ulg’aygan, doim kapalak shaklidagi galstuk taqishi bilan tanilgan Tomas Hendrik Ilves o’rnini egalladi.
Bu borada Boltiq dengizi bo’yidagi bu davlat ham AQShdan o’zib ketdi. Ammo Qo’shma Shtatlarda saylovoldi kampaniyasi davom etar ekan, 8-noyabr kuni barimiz katta ahamiyatga ega tarixiy voqeaga guvoh bo’lishimiz mumkin: bu mamlakatning 45-prezidenti etib ayol kishi saylanishi ehtimoli juda baland.
Eng demokratik tizimlardan biri, davlat rahbarini har to’rt yilda saylaydigan mamlakatda hanuz ayol prezident bo’lmagani o’z-o’zidan qiziq hol.
Yanada qizig’i shundaki, yosh ayollar orasida Hillari Klintonni ma’qul ko’rmayotganlar kam emas.
Ayrimlar Hillari Oq uy bekasi bo’lgan, deydi uning turmush o’rtog’i Bill Klintonning prezident bo’lganini nazarda tutib. Boshqalar bosh lavozimga prezidentlikka loyiq arbobni saylash kerak, ayolmi erkakmi, farqi yo’q, deydi. Bundaylar, ayniqsa, yosh ayollar orasida ko’p, chunki ular ko’pgina jabhalarda xotin-qizlar katta yutuqlarga erishganini ko’rgan. Ayollarning tadqiqot institutlaridan tortib, yirik texnologik kompaniyalargacha boshqarganini, shtatlarga ham gubernatorlik qilayotganini ko’rib, ulg’aygan.
Yoshi kattaroq ayollar uchun ayolning prezident etib saylanishi ulkan ahamiyatga ega. Chunki ular bu yutuqlarga erishish naqadar qiyin bo’lganini va mashaqqatli mehnat talab qilganini yaxshi biladi.
Xullas, AQShda ayol hech qachon prezident bo’lmagan. Ammo dunyo bo’ylab ahvol boshqacha. So’nggi 50 yilda 63 davlatni ayol boshqardi. Ular qatoriga mana endi Estoniya ham qo’shiladi.
Shri-Lankada 1960-yilda Sirimavo Bandaranayke hokimiyatga keldi. 1966-yilda Hindistonda Indira Gandi bosh vazir etib saylandi. 1969-yilda Isroilda Golda Meyr bosh vazir sifatida qasamyod keltirdi. 1979-yilda Britaniyada Margaret Tetcher bosh vazir bo’ldi. Yevropa Ittifoqidan chiqish qaroridan so’ng mamlakat uchun murakkab davr boshlandi. Qarang-ki, Britaniyani yana ayol – Tereza Mey boshqarmoqda.
Xo’sh, nima sababdan AQSh bu ma’noda boshqalardan ortda?
Birinchidan, ayolni prezident etib saylagan davlatlarning aksariyati parlament tizimiga ega. Shu jumladan, Estoniya ham. Uni hamkasblari – deputatlar sayladi.
Boshqa mamlakatlarda saylovchilar alohida arboblar uchun emas, partiyalar uchun ovoz beradi. Bu esa pirovardida ayol nomzodning saylanishiga olib kelishi mumkin.
Ikkinchidan, dunyo mamlakatlari orasida 100 ga yaqin davlatda ayollarning parlamentga saylanishini kafolatlash uchun maxsus kvotalar joriy etilgan. Masalan, O’zbekistonda deputatlikka nomzodlarning kamida uchdan bir qismi xotin-qizlar bo’lishi kerak. Bu ijobiy diskriminatsiya deyiladi, ya’ni ma’lum bir guruhning boshqalar bilan teng imkoniyatlarini kafolatlash maqsadida bu guruh uchun muayyan imtiyozlar yaratiladi.
Ammo kvota amaliyoti ayollarning parlamentga saylanishini kafolatlamaydi. BMTning 2016-yil iyun ma’lumotlariga ko’ra, dunyo bo’ylab deputatlarning 22,8 foizi ayollar, xolos.
AQSh bu reytingda 97-o’rinda. Hozirda Kongress a’zolarining qariyb 20 foizi – ayollar.
Qiziqqanlar uchun: O’zbekiston bu reytingning 118-pog’onasida.
Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari bu borada O’zbekistondan oldinda: Qozog’iston ushbu reytingda 57-o’rinni egallab turibdi, Turkmaniston – 65, Qirg’iziston – 98 (ammo bu respublikada ayol prezident bo’lgan – Roza Otunbayeva), Tojikiston – 99. Rossiya esa 134-o’rinda.
AQShda muammo shundaki, nomzodlar saylovoldi kampaniyasini olib borish uchun katta mablag’ to’play olishi kerak.
Barcha mamlakatlarda yana madaniy omil ham rol o’ynaydi, ya’ni an’analar va urf-odatlar ayollar oldida to’siq bo’lishi mumkin. AQShda prezident nafaqat hukumat rahbari, balki qurolli kuchlar qo’mondoni ham. Ko’plar tasavvurida bu vazifa – erkakning ishi, ayol eplolmaydi.
Biroq AQSh jamiyatida evrilishlar kuchli, eski tasavvurlar ham o’zgarmoqda. Hillari Klintonning davlatni boshqara olishiga ishonayotganlar soni oshib bormoqda: so’nggi so’rovlarga ko’ra, uning g’alaba qozonishi ehtimoli 89 foizga teng (Donald Trampniki esa 19 foiz).
Demak, qariyb bir oydan so’ng barchamiz tarixiy voqeani kuzatishimiz mumkin – albatta, agar saylovda Hillari Klinton g’olib chiqsa.
Siz nima deysiz? Gaplashamiz.