Toshkentdagi bir tanishim Jahon tillari universitetida nemis tilidan dars beradi.

Yaqinda “bizda qisqarishlar bo’larkan”, deb qoldi. “Nemis va boshqa chet tillari fakultetlarida xodimlar soni kamaytirilib, e’tibor ingliz tiliga berilarmish.

“Yoshlarimiz ingliz tilini bilsin, debdi rahbarlar”, dedi 45 yildan beri nemis tilidan dars berib kelayotgan professor tanishim.

O’zbekistonda ingliz tiliga urg’u berilayotgani hammaga yaxshi ma’lum. Bor gap. Qaysi predmetligidan qat’i nazar, oliygohlar domlalariga har bir darsni ingliz tilida boshlab, so’ngra o’z tilida davom ettirish tavsiya etilganligini eshitganimga ancha bo’ldi.

Til bilgan yaxshi. Til ham bir hunar-da. Yigit kishiga qirq hunar ham oz, degan gapni ehsitgandirsiz. O’zbegimning faqat yigiti emas, qizlari ham pul topaman deb chet ellarda yurganida, ingliz tilida ravon gaplashsa, kamroq aldanarmidi…

Ha, mayli. Meni masalaning boshqa bir jihati qiziqtirib qoldi. Nima sababdan bizda ingliz tilini o’rganishni ham, to’ylarni qanday o’tkazishni ham rahbarlar belgilaydi? Xohlasa, repetitorga puli bo’lsa, o’rganavermaydimi ingliz tili bo’ladimi, ispan tilimi yoki suahilimi? Balki Lorka she’rlarini originalda o’qimoqchidir. Yoki BMT Ko’ngillilari saflarida Afrikada ishlamoqchidir kelajakda?!

Dunyo mamlakatlarida ingliz tilidan bilim darajasini o’rganib keladiganlar bor. “EF Education First” nomli bu xalqaro ta’lim tashkiloti har yili hisobot chiqaradi, dunyo mamlakatlaridagi “English Proficiency Index”, ya’ni Ingliz tilidagi bilim darajasini o’rganadi.

2012-yilda o’tkazilgan izlanish natijasida aniqlanishicha, ingliz tilini eng mukammal biladiganlar yevropaliklar, eng past bilim darajasi Janubiy Amerikada ekan.

O’zbekiston-chi, dedingizmi? Yo’q, shu paytgacha O’zbekiston ham, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ham bu reytingga kirmagan. Sobiq Sovet respublikalaridan faqat Rossiyada tadqiqot o’tkazilgan. Bu mamlakat nafaqat Yevropa, Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreya, Singapur va Yaponiyalardan ortda. Rossiyadan hatto Malayziya, Indoneziya va Eron ham o’zib ketgan.

Janubiy Amerika mamlakatlari qatorida Turkiya, Xitoy, Misr va Saudiya Arabistonida aholi ingliz tilini rossiyaliklarga qaraganda yomonroq bilar ekan.

Bu haqda batafsil bilmoqchi bo’lsangiz, mana bu yerni bosing. Ingliz tilini bilsangiz, bosing. Ma’lumot ingliz tilida!

Qizig’i shundaki, hisobotga ko’ra, ingliz tilini zo’r biladiganlar badavlat mamlakatlarda yashashi aniqlangan. Repetitorga puli borda, deysizmi? Mamlakat yalpi ichki mahsuloti jon boshiga qancha baland bo’lsa va o’g’il-qizlar maktabda qancha uzoq o’qisa, ingliz tilini shuncha yaxshi bilar ekan. (To’g’rida, to’rtinchi sinfdan boshlab 2-3 oyda paxtaga chiqsa, oltinchi sinfdan otasi Rossiyadan yuborgan pulga biznes qilaman, deb bozorda arava tashisa, ingliz tilini o’rganarmidi?!)

Ikkinchi mezon – internetdan foydalanish. Internetga bemalol kira olsa, istaganicha muloqot qilsa, ingliz tilini tez va yaxshi o’rganar ekan.

Va nihoyat so’nggi xulosa: bolaga ingliz tilini qancha vaqtli o’rgatsa, katta bo’lganida shuncha yaxshi biladi, degan fikr xato ekan. Aslida biri ikkinchisiga hech ta’sir qilmas ekan.

Demak, iqtisodni rivojlantirib, odamlar daromadini oshirsa, internetni erkin va ochiq qilib qo’ysa, chet tilida o’zbekdan yaxshiroq gapiradigani topilmas ekan-da. To’g’ri-da, puli bo’lsa, o’zi o’rganaveradi ingliz tilini. Yaxshi o’rganib olib, repetitorlik ham qiladi, farzandlariga ham o’rgatadi. Puli yanada ko’paysa, nemis tilini o’rganaman deb qoladi. Qarabsan-ki, toshkentlik professor tanishim ishdan quruq qolishdan qo’rqmasmidi. Nima deysiz?

Gaplashamiz.