Rossiyadagi mehnat muhojirlari ©AP

O’zbekiston mustaqilligi tantanalari ham o’tib bo’ldi. Internetda qator-qator maqolalar chop etildi. Odatdagidek, mamlakat ichida “ura-ura”. Tashqarisida chiqqan maqolalar va tayyorlangan reportajlar esa tanqidiy. Qaysi nashr qanday yozishini O’zbekiston, qolaversa, Markaziy Osiyoni yoritadigan ommaviy axborot vositalarini kuzatib boradigan odam yaxshi biladi.

Men O’zbekiston mustaqillikka erishganida maktabni bitirib universitetga o’qishga kirganman. Jahon iqtisodi va diplomatiya universitetining (JIDU) birinchi “qaldirg’ochlari”danman. Xalqaro munosabatlar fakultetini qizil diplom bilan bitirib, siyosiy fanlar nomzodligini (endi doktorlik deyilyapti) yoqlaganman.

Talabalik yillarida biz hammamiz diplomat bo’lishni orzu qilganmiz. JIDUning ba’zi bitiruvchilari diplomatiya sohasida ishladi, ayrimlar hamon ishlayapti. Ko’pchilik, ayniqsa, diplomatiya sohasiga jinsi nuqtai nazaridan to’g’ri kelmaganlar mamlakat tashqarisida ish topgan. (Bu yerda tushuntirib o’tay. Men universitetni bitirgan yil qizlarni Tashqi ishlar vazirligiga ishga olmaslik haqida norasmiy buyruq borligini men va kursdoshlarimga vazirlikning kadrlar bo’limida aytishgan edi).

Men ham ko’p yillar Yevropada o’qidim, ishladim. AQShga kelganimga ham mana bir necha yil bo’ldi.

AQShda o’zbeklar ko’p, ayniqsa, Nyu-Yorkda. Bu haqda Amerika Ovozi ko’p hikoya qilgan. Maxsus reportajlar tayyorlangan. Hammasini veb-saytimizdan topishingiz mumkin. Video, audio va fotosuratlar bilan.

Bu haqda gap yuritishimdan maqsadni hozir aytaman.

Men so’nggi 22 yil ichida O’zbekistondagi jarayonlarni yaqindan kuzatib kelaman. Kasb talabi ham shu, qalb talabi ham. Qayerda yashamay, O’zbekistonni sog’inib, o’zbeklarni qo’msab yashayman. Kayfiyat yomon bo’lsa, o’zimizning milliy musiqani tinglayman.

Mustaqillik davrida yuz bergan o’zgarishlar orasidan ijobiysini topishga harakat qilaman.

O’ylab-o’ylab bittasini topganman ham.

Nima ekan u, deysizmi? O’zbeklarning chet ellarga tarqab ketgani aslida ijobiy jarayon.

Bundan deyarli 15 yil oldin, dissertatsiyamni yozayotgan davrda Markaziy Osiyoning hamma davlatlariga borganman. Keyinchalik ish bilan O’zbekiston shaharlariga ham, qo’shni mamlakatlarga ham borishga to’g’ri kelgan. Mintaqada o’zbeklar eng o’troq xalq, desam adashmasam kerak. Butun dunyoga tarqagani yaxshi bo’ldi. Xalq uchun yaxshi.

Mayli, hozir o’zbeklar Rossiyada hovli supursin, Qozog’istonda qurilishda ishlasin, Bruklinda qariyalarga qarasin. Lekin vaqt o’tgan sari o’zbeklar ham o’zgaradi. Yaxshi tarafga o’zgaradi. Bunga ishonchim komil. Shu birinchi o’zbek muhojirlarining farzandlari, ayniqsa, AQShdek erkinlik va tenglik diyorida kollejlarni bitirib, katta lavozimlarga ko’tariladi, qalbida o’zini o’zbek degan odam O’zbekistonga yordam berishni o’ylaydi. Xuddi Fransiyada tug’ilib yashagan va umrida Armanistonga bormagan armanlar tarixiy vatanini ziyorat qilgan va, muhimi, u yerga sarmoya kiritgandek. Yoki AQShdagi yahudiylar Isroil manfaatlarini ko’zlovchi qonun loyihalarini Kongressda ilgari surganidek.

Bir kunmas bir kun biz, o’zbeklar, shunday qilishimizga ishonaman. Mana shuning uchun o’zbeklarning muhojirotda qiynalib yashayotgani, davlat rahbari tomonidan “dangasa” deya tamg’alangani, tirik ota-ona turganida yetim boladek ko’zi javdirab, yuragini hovuchlab, bolalarini ortda qoldirib notanish yurtlarga pul deb, tirikchilik deb, ketayotganini ko’rganimda shu kelajak haqida o’ylab, o’zimni ovutaman…

Siz nimda deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.