Payshanba kechqurun Yevropa Ittifoqida uyquga ketgan britaniyaliklar yangi mamlakatda uyg’ondi: 23-iyul kungi referendum natijasida Britaniya Yevropadan ajraladigan bo’ldi.

Referendumda ovozga qo’yilgan “Yevropa Ittifoqida qolish yoki chiqish tarafdorimisiz?” degan savolga saylovchilarning yarmidan ko’pi chiqish kerak deb javob bergan.

Britaniyaliklarning o’zi hayratda. Mamlakat ichida va Yevropaning boshqa davlatlaridagi “Ittifoqchilar” bugunni “fojeali kun” deb atadi. “Qo’rqinchli davr boshlanmoqda”, deya yozdi bir “ittifoqchi” men “Facebook”da kuzatgan bahsda. “Qayg’udaman”, dedi yana biri.

Darhaqiqat, bu hodisa nafaqat Britaniya va Yevropa, balki butun dunyo uchun katta ahamiyatga ega.

Yevropada yashagan va hattoki shunchaki safar qilgan odam qit’a naqadar kichkina ekani va bir mamlakatdan boshqasiga o’tish osonligini biladi.

Ikkinchi jahon urushi tugagach Yevropa chegaralar va cheklovlarni kamaytirishga qaror qilgani tabiiy jarayon edi. Britaniyaning o’sha paytdagi Bosh vaziri, buyuk arbob Uinston Cherchil 1946-yilda “Yevropa Qo’shma Shtatlari” haqida nutq so’zlagan. Intergratsiya ortidagi ilk maqsad savdo-sotiqni osonlashtirish edi. 1951-yilda bu maqsadda Yevropa Ko’mir va po’lat jamoasi, 1958-yilda esa Yevropa Iqtisodiy jamoasi tuzilgan. (Bu haqida mana bu yerda o’zbek tilida batafsil ma’lumot bor).

Endi esa integratsiya, birdamlik va birlashuv davri yakunlanib, yangi davr boshlanayotganiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Chunki Britaniya referendumi natijalari e’lon qilingach, Fransiyada integratsiyaga va muhojirlarga qarshi o’ng kuchlar yetakchisi Marin Le Pen “Freksit” (ingliz tilidagi “France” – Fransiya va “exit” – chiqish so’zlaridan olingan”) bo’yicha referendum o’tkazishga chaqirdi. Niderlandiyada o’xshash qarashlarga ega Girt Vilder ham “Neksit” (Netherlands + exit) vaqti keldi, deb aytdi.

Ya’ni Britaniya referendumi Yevropada “domino effekti”ni kuchga keltirishi mumkin – davlatlar birin-ketin Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasini ovozga qo’yishi va integratsion tuzilmalarga qarshi ovoz berishi ehtimoli kuchaydi. Qolaversa, qirollik tarkibidagi Shotlandiya yana mustaqil bo’lib chiqish taraddudiga tushdi. Shimoliy Irlandiya ham to’rxaltani yelkaga tashlab, chiqib ketishga tayyor.

AQShda Donald Trampning baland devorlar qurib, muhojirlarni mamlakatga kiritmaslik haqdagi bayonotlari orqali ko’pgina tarafdor orttirganini inobatga olsak, bir-biridan ajralish, devorlar ortida yashirinish, o’zini mudofaa qilish tarafdorlari davri kelayotgandek. Bag’rikenglik va birdamlik o’rniga qo’rquv, nafrat va adovat davri kelayotgandek.

Bunga esa Yaqin Sharqdagi urush, beqarorlik, so’nggi paytlarda terrorizm va ekstremizmning yanada kuchayishi hamda suriyalik va afg’onistonlik qochqin va muhojirlarning ko’payishi turtki bo’ldi. Qolaversa, so’nggi oylarda Yevropa Ittifoqi qochqinlar inqirozi bilan olishmoqda.

Rivojlanish darajasining eng yuqori pog’onalarida turgan britaniyaliklar “farovon hayotimiz muhojirlar sababli yomonlashadi”, deb qo’rqdi. Nayjel Faraj va Boris Jonson kabi Yevropa Ittifoqiga qarshi kurashayotgan siyosatchilar bunday qo’rquvlarni kuchaytirishga harakat qildi, britaniyaliklarni yaqin sharqlik muhojirlarga qarshi gij-gijladi, toqatsizlik kayfiyatlarini kuchaytirdi.

“Chiqish” tarafdorlari g’alabasi Atlantika okeanining bu tarafidagi siyosiy jarayonlarda ham aks-sado bermoqda. Bundan buyon Donald Tramp kuchiga kuch qo’shilishi hech gap emas. “Yil oxiriga borib AQShda Prezident Trampni ko’rsak ajab emas”, deb yozdi bir “Facebook” foydalanuvchisi.

“United Press International” axborot agentligining sobiq rahbari Martin Uoker o’zining “Facebook” sahifasida “bugun o’tmish kelajak ustidan, keksalar yoshlar ustidan, savodsizlar universitetni bitirganlar ustidan, malakasizlar professionallar ustidan,”San” va “Deyli Meil” “Faynenshl Tayms” va “Gardian” ustidan, millatchilar kosmopolitlar ustidan, kichik Angliya Buyuk Britaniya ustidan g’alaba qozondi”, deb yozdi.

Albatta, butun Yevropa Ittifoqiga alvido deyishga hali erta. Qolaversa, ittifoqqa qo’shilish ilinjida bo’lgan mamlakatlar talay. Turkiya barobarida Ukraina, Gruziya, Moldova kabi davlatlar taklifnoma olsa, bir daqiqa ham kutib o’tirmay, Yevropa Ittifoqi tarkibiga kirishga va bu bilan salohiyatning ma’lum qismini Bryusselga topshirishga tayyor.

Lekin payshanba kungi referendum Yevropa Ittifoqi qiyofasini keskin o’zgartirgani shubhasiz.

Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.