Men Olimpiadani bir kun ham tomosha qilmadim. Ochig’ini aytsam, bunga qiziqmayman. Sport va sportchilarning muxlislari mensiz ham ko’p, deya buni tushuntiraman do’stlarimga musobaqalar haqida gap ketganda.

Ammo bir inson haqida gapirishdan charchamayman. Olimpiada o’yinlarida yettinchi marta qatnashayotgan o’zbekistonlik Oksana Chusovitina haqida. Gapirishdan ham, maqolalar o’qish va videolar ko’rishdan ham, ijtimoiy tarmoqlarda ularni tarqatishdan ham charchamayman. Axir bu ismni eshitib katta bo’lganman!

Bu yilgi o’yinlarda 1975-yilda Buxoroda tug’ilgan Oksana – haqiqiy afsona.

Yoshi 41 daligi sababli. U ayollar gimnastikasida Olimpiada o’yinlari uchun loyiq deb topilgan eng “keksa” sportchi.

Bu uning hayotidagi yettinchi Olimpiada ekani sababli.

Odatda gimnastikada aksariyat sportchilar, ayniqsa, ayollar yoshi 30 ga bormay sportni tark etishi, u esa davom ettirayotgani sababli.

Ona bo’lganidan keyin sportdagi karyerasini davom ettirgan uch gimnastikachidan biri ekani sababli.

Va bugungi sabab – Oksana Chusovitina Rio-de-Janeyroda Produnova sakrashini bajarishga loyiq deb topilgan sakkiz sportchidan biri. 1999-yilda rossiyalik Yelena Produnova tomonidan kiritilgan va bu sport turida eng murakkab element hisoblangan sakrashni bor-yo’g’i to’rt gimnastikachi muvaffaqiyatli bajara olgan. Uni “ajal sakrashi” ham deyishadi, chunki sportchi mayib bo’lishi hech gap emas.

14-avgust, gimnastika bo’yicha musobaqaning so’nggi kuni Chusovitina bu sakrashni a’lo darajada bajara olmadi, ammo tarixda abadiy qoladi. Eng tahdidli elementni bajarishga uringani uchun. Undan oldin maydonga chiqib, bu mashqni amalga oshirishga uringan gimnastikachi 16 yoshda. Undan keyin sakragan sportchi ham 16 yoshda edi.

Butun dunyo matbuoti Oksana haqida yozdi. Bugun “Washington Post” va ayniqsa “New York Times”da vatandoshimiz haqida chiroyli maqolalar chop etildi.

Bo’yi 153 santimetr, vazni 44 kilogram bu ayol aslida metin irodaga egaligi aniq. Zotan, u nafaqat sportchi, balki saratonga chalingan o’g’ilni parvarishlab, uning muolajalariga pul topish uchun sportdagi karyerasini davom ettirgan ona ham. Hozirda Chusovitinaning 17 yoshli o’g’li sog’lom. Germaniyada yashaydi, maktabni tugallay deb qoldi. Oksana esa bu safargi Olimpiadada O’zbekiston sharafini himoya qildi. “Vatanim uchun oltin medal olishni orzu qilaman”, – degan edi u o’yinlar boshlanishidan oldin. Ololmadi. Yettinchi o’rinni egalladi. Ammo biz, o’zbekistonliklar uchun u – haqiqiy qahramon.