Yakshanba kuni turklar referendumda qatnashadi. Mamlakatning hozirda “evet” va “hayir”, ya’ni “ha” va “yo’q”chilarga bo’lingani haqida biz “Amerika Ovozi”da batafsil ma’lumot bergan edik.
Agar referendumda ovozga qo’yilgan Konstitutsiyaga o’zgarishlar xususida aksariyat turkiyaliklar “ha” deb javob bersa, Prezident Rajab Toyib Erdog’an salohiyati deyarli cheksiz bo’ladi. Xususan, Erdog’an hukumat rasmiylarini tayinlash va ishdan bo’shatish, favqulodda vaziyat e’lon qilib, farmonlar orqali, ya’ni parlament ishtirokisiz qarorlar qabul qilish, parlamentni tarqatib yuborish va navbatsiz saylovlar o’tkazish, sudyalarni tayinlash va nazorat qilish huquqlarini qo’lga kiritadi.
Referendum Erdog’an hamda hokimiyatdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi (AKP) o’tgan yilgi davlat to’ntaruviga urinishdan keyin e’lon qilgan favqulodda vaziyatda o’tmoqda. Bu vaziyatda rasmiy Anqara erkin fikrlovchi odamlar va mustaqil jurnalistlarga qarshi misli ko’rilmagan ta’qib choralarini ko’rdi. Natijada tanqidiy ovozlarning aksariyati o’chirildi.
Men jurnalist bo’lganim uchun, matbuot erkinligi va jurnalistlar ahvoliga e’tiboringizni qaratmoqchiman, aziz gapdoshim.
Davlat to’ntaruviga urinishdan buyon 150 dan ziyod jurnalist qamaldi. Bu dunyodagi eng katta raqam. Jurnalistlarni qamashda “rekordchi” bo’lgan Xitoy ham Turkiyadan ortda qoldi.
Davlat to’ntaruvidan keyin besh oy davomida hukumat 178 ta ommaviy axborot vositasini yopdi. Ular orasida 5 ta axborot agentligi, 34 radio, 35 ta televizion stansiya, 18 ta jurnal, 29 ta bosmaxona va 60 ta gazeta bor. Ulardan qariyb 10 tasi qayta ochildi. Qolganlari esa ishlamayapti. Yuzlab jurnalistlar ishsiz. O’nlab jurnalistlar mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Chunki hukumat tanqidiy fikrni terrorizmga tenglashtirdi. Erdog’anga qarshi fikr bildirganga “gulenchi” (AQShda istiqomat qiladigan imom va Erdog’anning shaxsiy dushmani hisoblangan Fathulla Gulen tarafdorlari) tamg’asi bosilyapti. Ular orasida mamlakatdagi eng eski dunyoviy OAV, “Jumhuriyat” (Cumhuriyet) gazetasi ham bor. Uning 19 nafar jurnalisti ustidan hozirda sud bo’lib o’tmoqda. Ularning aybi isbotlansa eng ko’pi bilan 43 yilga “kesiladi”.
Internet ham qattiq nazorat qilinmoqda. Referendumga “hayir”, ya’ni “yo’q” deganlar ta’qibga uchrashi mumkin. Mamlakatda qo’rquv hukmron. Ko’plar ovozlar soxtalashtiriladi va hukumat Erdog’an g’alabasini e’lon qiladi, deydi.
Bu masala xalqaro matbuotda keng yoritilmoqda. Nufuzli “Nyu-York Tayms” gazetasi 14 aprel kuni mavzuga bag’ishlab bir emas, uchta maqola chop etdi. Birida referendum Turkiya demokratiyasi uchun sinovligi aytiladi va “Erdog’an demokratiya qutqaruvchisimi yoki qo’poruvchisi?” deya savol beriladi.
Yana birida Erdog’an maslahatchisi Gulnur Aybet referndumdan maqsad boshqaruvni mukammallashtirish ekanini ta’kidlaydi va buni G’arb, afsuski, tushunmadi, deydi. Ayni fikrni prezident devonining yana bir rasmiysi Ayshe Sozen Usluer “Al-Jazira” orqali tushuntirdi.
Bu ma’noda Turkiya yaxshigina piar (PR) kampaniyasini olib borayotganini ko’rish mumkin. “Nyu-York Tayms” gazetasi 14-aprelda chop etgan yana bir maqolada Erdog’an hamda AKP turk muhojirlarning katta jamoalari yashaydigan Germaniya va Gollandiyada kuchli kampaniya olib borganini yozdi va turklardan fikr bildirishni so’radi. Gazeta yuzlab javoblar oldi. Ular orasida referendumga “evet” deganlar ham, “hayir” deganlar ham bor.
“Hayir”, ya’ni “yo’q” demoqchi bo’lganlardan biri “ha desak Turkiya erkin respublika bo’lmay qoladi, Erdog’anning o’yin maydonchasiga aylanadi” deydi. Yana biri “Turkiya Yaqin Sharqdagi yana bir diktaturaga aylanadi” deb fikr bildiradi. “Evet” (“ha”) demoqchi bo’lganlardan biri esa “Erdog’an Turkiya uchun baraka” deydi. (Fikrlarni batafsil mana bu yerda ingliz tilida o’qishingiz mumkin”.)
Ammo barcha respondent fikricha, Turkiya hozir jiddiy o’zgarish bo’sag’asida. Ushbu referendum naijasida Birinchi Jahon urushidan so’ng Mustafo Kamol Otaturk asos solgan va so’nggi yillarda, xususan, Erdog’an hokimiyati davomida yemirilgan dunyoviy va liberal tizim oyoqda turadimi yoki barbod bo’ladimi, degan savolga javobni topamiz.
Bu borada Turkiyada yashayotgan o’zbekistonliklar qanday ovoz berayotgani bizga qiziq. Biz bilan bog’laning, fikr bildiring, aziz gapdoshim.
Gaplashamiz.