2001-yilda Toshkentga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan (YTTB) katta xalqaro delegatsiya bordi. Maqsad – bank Boshqaruv kengashi yillik anjumanini 2003-yilda Toshkentda o’tkazish yoki o’tkazmaslik yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish edi. Moliyaviy sohada katta ahamiyatga ega bu anjumanga mezbonlik qilish tashabbusi bilan O’zbekistonning u paytdagi Moliya vaziri Rustam Azimov chiqqan edi.

Delegatsiya anjuman bo’lib o’tadigan joylarni borib ko’rdi, so’ngra O’zbekiston tarafi xorijlik mehmonlarga bag’ishlab, Milliy bank binosining 22-qavatidagi anjumanlar zalida ziyofat berdi. Diplomatik protokol bo’yicha, bunday ziyofatlarda mehmon hamda mezbon taraf qadah ko’taradi. Bu ma’noda qadah – siyosiy ahamiyatga ega nutq.

Mehmonlar tarafidan qadahni xalqaro delegatsiyaga bosh-qosh, Yevropa bankining o’sha paytdagi prezidenti Jan Lemyer ko’tardi. U Azimovni maqtadi, “do’stim” deb atadi.

O’zbekiston Milliy banki rahbari lavozimiga Azimov o’rniga Zayniddin Mirxo’jayev tayinlanganidan Lemyerning norozi ekani shundoq ko’rinib turardi.

“Janob Mirxo’jayev, doktor Azimov o’rnini bosish oson bo’lmaydi”, – dedi u ingliz tilini yaxshi bilmasligi sababli tarjimonga diqqat bilan quloq solayotgan Mirxo’jayevga qarab. So’ngra taraflar o’rtasidagi hamkorlik chuqurligicha qolishiga umid bildirdi.

Navbat o’zbek tarafiga keldi. Shunda Azimov (xorijliklar uni doktor Azimov deb atardi, chunki u nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, fanlar nomzodi ilmiy unvoniga ega; ingliz tilida bu unvon Doctor of Philosophy deb ataladi) o’rnidan turdi-da nutqini boshladi. O’zbek va rus tillari kabi ingliz tilida ham juda ravon gapiradigan Azimov nutqini, albatta, ingliz tilida qildi.

Nutqlarga usta Azimov effekt bilan gapirishni, tinglovchilarga ta’sir qilishni juda yaxshi biladi.

“Men oltinchi sinfda o’qiganimda [falon] yozuvchining (ingliz adibning ismi-sharifi yodimdan ko’tarilgan – muallif) “Bankir” nomli kitobini o’qiganman. Shundan boshlab bankir bo’lishni orzu qilganman”, – deya so’z boshladi doktor Azimov.

“Men bu binoni qurdirganimda, – dedi u O’zbekiston Milliy bankining 23-qavatli hashamatli binosini nazarda tutib, – arxitektor va dizaynerlar bilan yaqindan ishladim, ularning har bir qarorini kuzatdim, bino loyihasini o’zim tanladim”.

“Ko’chadan birinchi qavatga kirganingizda u yerdagi ranglar asosan yashil va tilla rangligini payqaysiz. Nima sababdan aynan shu ranglar?” – deya so’radi u.

Shu payt Azimov yonida o’tirgan janob Lemyer tezda qo’ynidagi hamyonidan 100 dollarlik pulni chiqarib, “chunki buning rangi yashil”, dedi va jilmaydi. Stol atrofidagilar kuldi.

Azimov ham darhol qo’yniga qo’l soldi. Va beli bukilmagan 2 ming so’mlikni chiqardi. “Bu ham yashil”, – dedi u.

Hamma qarsak chalib yubordi.

Chunki bu bilan Azimov o’zbek so’mi AQSh dollari bilan tenglasha olishiga ishonch bildirayotganini barcha yaxshi tushungandi.

Lekin xorijlik mehmonlar so’m, xususan, valyuta konvertatsiyasi bobida O’zbekistonda muammolar talayligidan boxabar edi. Aslida Yevropa banki rahbariyati yillik anjumanni aynan O’zbekistonda o’tkazish taklifini rad etmoqchi edi. Biroq aynan Azimov – o’zining Lemyer kabi xalqaro moliya sohasidagi “kattakon”lar bilan do’stligi, gapga ustaligi, ular bilan bir tilda (bu yerda, ingliz tilini ham, moliyaviy tilni ham, diplomatik va siyosiy tilni ham nazarda tutyapman) muloqot qila olishi va  ishontirib gapira olgani bois Yevropa banki ijobiy qaror qabul qildi.

Ikki yil o’tib Yeropa banki yillik anjumanining aynan Toshkentda o’tkazilgani Azimovning shaxsiy yutug’i bo’ldi.

Biroq Azimov g’alabasi tatimadi. O’zbekiston rahbariyati jiddiy tanqidga uchradi, shu jumladan, anjuman paytida Lemyer tarafidan ham. O’z navbatida YTTB ham tanqid qilindi. Inson huquqlari tashkilotlari tomonidan. Nafaqat valyuta konvertatsiyasini ta’minlamagan mamlakatda anjuman o’tkazayotgani, balki inson huquqlarini toptaydigan rejim bilan hamkorlik qilayotgani uchun.

Tanqidlar jiddiyligi, Karimovning jig’iga qattiq tekkaniga qaramay, Azimov “egar”da qoldi.

So’nggi yillarda Prezident Islom Karimov uni ba’zan o’ziga yaqinlashtirdi, ba’zan yana biroz yiroqlashtirdi. Bu Karimovning turli klanlar orasidagi muvozanatni saqlab turish taktikasi edi. Umumiyat-la, chorak asr davomida Azimov yulduzi siyosiy osmonda porlab turdi. Uning siyosiy Olimp cho’qqiga chiqishga oid umidlari bo’lganiga Azimovni taniydigan odamlar hech shubha qilmagan. Ammo Karimovning o’tgan yil sentabr oyida tasodifan olamdan o’tishi va so’ngra uning o’rniga Shavkat Mirziyoyevning tayinlanishi bu umidlarning puchga chiqqanini anglatdi.

Azimov O’zbekiston mustaqillikka erishganidan ko’p o’tmay hukumat majlislarining birida Prezident Islom Karimov ko’ziga ko’ringan va siyosiy Olimpga ko’tarila boshlagan edi. Shu yil iyun oyida uning hukumatdagi vazifasidan olinishi siyosiy yo’liga nuqta qo’ydi, yulduzi so’ndi. Har holda, hozircha shunday. Mirziyoyev prezident ekan, Azimovning katta siyosatga qaytishi amri-mahol.

Qizig’i shundaki, Azimov G’arbda ham, O’zbekiston ichida ham islohotchi va g’arbchi imijiga ega edi. Bunday imij naqadar asosli? O’zbekistonlik huquq faoli, Germaniyada surgunda yashovchi Umida Niyozova va “Amerika Ovozi” bilan yaqinda suhbatlashgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, mutlaqo asossiz. Axir u shuncha yil Karimov hukumatining yuqori martabali a’zosi, ya’ni “tizim”ning bir qismi bo’lib kelgan. Katta salohiyatga ega bo’lsa-da, na valyuta konvertatsiyasi bobida, na xorijiy investitsiya olib kelish bobida yutuqqa erisha oldi. Aksincha, mamlakatga kirib kelayotgan sarmoyalar 25 yil ichida qurib bitdi, konvertatsiya esa jiddiy korrupsion sxemaga aylandi va undan amaldorlarning kichik guruhi, shu jumladan Azimov ham foyda ko’rdi, deya fikr bildiradi ayrimlar. Har bir o’zbekistonlikda allergiyaga sabab bo’ladigan plastik kartochkani qo’llash tizimi haqida gapirmasa ham bo’ladi. Ma’lumotlarga ko’ra, bu amaliyot muallifi aynan Azimov bo’lgan.

Azimovni himoya qilmoqchi bo’lgan tomon esa axir Karimov yakka hokim bo’lgan tizimda har bir qaror aynan prezident tomonidan qabul qilinardi, Azimov unga bo’ysunishga majbur edi, gap qaytara olmasdi-ku, deyishi mumkin.

Qaysi fikr to’g’riligini men aytolmayman. Balki ikkala gapda ham jon bordir. Maqsadim buni aniqlash emas, balki so’nggi chorak asr davomida siyosatda katta rol o’ynagan (ijobiy bo’ladimi yoki salbiymi) arbobning hukumatdagi yo’liga nuqta qo’yilganiga e’tibor qaratmoqchi edim, xolos.

Gapim yakunida bir qo’shimcha qilmoqchiman.

Mana bu videodan Yevropa bankining O’zbekistondan yangi boshqaruvchisi Sodiq Safoyev ham gapga usta, aqlli, zukko va strategik fikrlay olishini, shuningde,k ingliz tilida yaxshi so’zlashini ko’rish mumkin.

Xullas, noumid shayton.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.