25-sentabr kungi referendumda kurdlarning qariyb 93 foizi mustaqillik uchun ovoz berdi. Quyida masalaning eng muhim jihatlari:

Kurdlar kim?

Kurdlar Iroq, Eron, Suriya va Livan hududlarida yashaydi. Ayrim manbalarga ko’ra, Yaqin Sharq mintaqasida ular soni 35 million odamga teng, ya’ni hozirgi O’zbekiston aholisidan ko’proq. Kurdlar o’z davlatiga ega bo’lmagan eng katta millat hisoblanadi. Xo’sh, nima sababdan ular davlatini tuzmagan? Chunki kurdlar azaldan ko’chmanchi xalq bo’lgan, xuddi yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyoda lo’lilar bir mamlakatdan boshqasiga o’tib yurgani kabi. Diniy jihatdan aksariyat kurdlar – musulmon, biroq yazidiy, nasoro va yahudiy kurdlar ham bor.

Referendum nimani anglatadi?

Referendum faqat Iroqning Kurdistonida o’tkazildi. Boshqa davlatlarning kurdlar yashaydigan hududlarida emas. Iroqlik kurdlarning qariyb 93 foizi mustaqillikka “ha” deb javob berdi. Ammo Iroqda referendum natijasi hech qanday huquqiy kuchga ega emas. U ramziy ma’noga ega. Bag’dod va Erbil o’rtasida boshi berk ko’chaga kirib qolgan muzokaralarda kurdlar hukumati referendum natijasini ro’kach qilishga urinadi. Ammo Bag’dod hozircha kurdlar bilan muzokara qilmoqchi emas.

Nimaga? Sabab ikkita – moliyaviy va siyosiy

Iroq Kurdistoni neftga boy. Shu paytgacha Bag’dod Kurdistondagi neft faqat markaziy hukumat orqali xalqaro bozorlarga olib chiqilsin, deb keladi. Biroq Kurdiston muxtoriyat maqomiga ega va o’z neftimizni o’zimiz sotamiz, deydi. Amalda kurdlar turli qonuniy va noqonuniy yo’llar bilan neftni chetga sotish imkoniga ega.

Xalqaro huquq nuqtai nazardan, kurdlar umumxalq referendum o’tkazish va mustaqilligini e’lon qilish huquqiga ega. Bu huquq barcha millat va elatlarga Ikkinchi jahon urushidan keyin vujudga kelgan xalqaro huquq tizimi doirasida berilgan.

Amalda Iroq Kurdistonining mustaqil davlatga aylanishidan keyin boshqa davlatlarda kurdlar separatizmi avj olishi mumkin. Turkiya, Eron va Livan hukumatlari aynan shundan xavotirda. Ma’lumki, ayniqsa, qo’shni Turkiyada kurdlar anchadan beri markaziy hukumatga qarshi kurashib keladi. Ularning Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) Anqara tomonidan terrorchi deb belgilangan. (AQSh va Yevropa Ittifoqida ham, chunki partiya a’zolari o’tmishda jiddiy terror xurujlarini amalga oshirgan).

Kurdlar yashamaydigan davlatlar ham bunday referendum natijalaridan xavotirda. Chunki bu hodisa butun dunyoda oz sonli milliy guruhlar orasida ayirmachilik ruhini kuchaytirishi mumkin.

Endi nima bo’ladi? 

Kurdlar orasida separatizmning kuchayishidan cho’chigan davlatlar Bag’dodning Kurdiston bilan havo reyslarini to’xtatish talabiga rozi bo’ldi. Xususan, Livan, Misr, Turkiya va Dubay aviakompaniyalari Erbil va Sulaymoniya shaharlariga parvozlarni 29-sentabr kuni to’xtatadi. Kurdistonda ishlashga bormoqchi bo’lgan xorijliklar vizani bundan buyon faqat Bag’dod orqali olishi mumkin, deya e’lon qilindi. Shu paytgacha xorijliklar Erbil aeroportida vizani pasportiga qo’ydirib olishi mumkin edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim xorijliklar Kurdistondan shoshilinch chiqib ketayotgani haqida xabarlar bor.

Uzoq muddat haqida gapiradigan bo’lsak, referendumdan so’ng ham kurdlarning mustaqil davlat bo’lishi ehtimoli kamligicha qolmoqda. Hozir na mintaqa davlatlari, na AQSh Iroq Kurdistoni ajralib chiqishini qo’llab-quvvatlaydi. Ma’lumki, AQSh Iroqda katta ta’sirga ega. Xalqaro siyosat mohiyati shundayki, qudratli davlatlar manfaatlari bir masalada uyg’unlashmasa, u hal bo’lmaydi. Hozircha, mintaqadagi yirik davlatlar Iroq, Turkiya va Eron kurdlar mustaqilligiga qarshi. Xalqaro hamjamiyatning asosiy o’yinchilari ham bunga qarshi.

Nima qilish mumkin?

Nazarimda, Iroq kurdlari yangi prezident saylashi kerak. Erbil va Bag’dod o’rtasidagi muzokaralar hokimiyatga yopishib olgan Mas’ud Barzaniy sababli to’xtab qolgan. Barzaniyning prezidentlik muddati 2015-yilda tugagan, lekin u turli huquqiy asoslarni topib, hokimiyat cho’qqisida qolmoqda. Agar uning o’rniga boshqa arbob kelsa, Bag’dodning u bilan ishlashi osonlashishi mumkin.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz