Bundan roppa-rosa 10 yil oldin O’sh markazida otib o’ldirilganida Alisher Soipov 26 yoshda edi. U mening do’stim va hamkasbim edi.

2005-yil iyun oyida, Andijon qirg’inidan bir oy ham o’tmay men andijonlik qochqinlardan intervyu olish maqsadida janubiy Qirg’izstonga bordim.

Suzoq qishlog’i yaqinida o’rnatilgan qochqinlar lageri yonida meni Alisher kutardi. Tepasida “UNHCR” belgisi tushirilgan och kulrang palatkalar qattiq qo’riqlanardi, chunki O’zbekistondan xavfsizlik xizmati xodimlari kelib, qochqinlarni majburlab vataniga olib ketmoqchi bo’lgani haqida gaplar tarqalgandi.

Pasportlar tekshirilgach, Alisher bilan ikkimiz palatkalar tomon yura bordik. Ayol va yosh bolalar erkaklardan alohida palatkalarda joylashgan edi. Men ayollar bilan, Alisher esa erkaklar bilan suhbatlashdik. Keyin birgalashib intervyularda aytilgan gaplarni muhokama qilldik.

Bu mening Alisher bilan birinchi marta ishlashim edi.

Uni bir necha oy avval Bishkekda uchratgandim. 2005-yil fevralida Qirg’izistonda parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Siyosiy vaziyatdan norozi xalq ko’chalarga chiqdi. Mart oyida Asqar Aqayev hokimiyatdan quvildi. Iyul oyida yangi prezident saylandi. Qirg’iziston tarixidagi katta ahamiyatga ega o’sha davrda jurnalist bo’lib, xodisalarni yoritish zo’r edi.

Alisher yordamida men O’shning eng tarafdorlari ko’p siyosiy arboblari, jamiyat faollari hamda fikrlari e’tiborga loyiq ziyolilari bilan tanishdim, ular bilan suhbatlashdim, ingliz tilida yozilgan maqolalarim orqali ularni dunyo ham tanidi. Lekin Suzoqda Alisher bilan birinchi marta yonma-yon ishladik, andijonliklarning boshdan kechirganlari, o’limdan zo’rg’a qutulganlari haqdagi samimiy hikoyalariga quloq tutarkanmiz birga ko’z yoshi to’kdik.

Bir necha kun o’tib Alisher bilan yana birga ishladik. Bu safar maqsad – O’zbekiston hukumati andijonlik isyonchilar yetakchisi degan Qobiljon Parpiyev bilan suhbatlashish edi. U o’sha kunlarda janubiy Qirg’izistonda yashirinardi. O’zbekiston va Qirg’izistonda qidiruvda edi, O’zbekiston Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov uning kallasi uchun katta pul va’da qilgani aytilardi.

Qobiljon Parpiyev Alisherga qo’ng’iroq qilib, uchrashuv joyini belgiladi. Bir necha daqiqadan so’ng yana telefon orqali joyni o’zgartirdi. Biz zo’rg’a taksi topib, yangi aytgan joyiga yetib bordik. U telefon orqali yana uchrashuv joyini o’zgartirdi. Biz yana aytilgan joyga yetib bordik. U hilvat, tashlandiq bir joy edi. Katta minora ustida sizlarni kutaman, degan edi bizga Parpiev.

“Bunday hilvat joyni tanlab nima qilarkan-a u odam? Bozor yaxshiroqmasmi, qochish ham osonroq, birov quvsa, odamlar orasida g’oyib bo’lish ham,” – dedim men fotoapparat, mikrofon va diktofonni zo’rg’a ko’tarib bo’m-bo’sh yo’ldan yurarkanman.

“Sizga o’xshab shpionlar haqida kitob o’qimagandir-da u yoshligida”, – hazillashdi Alisher.

Parpiyev bilan uchrasholmadik. U yoki bizga ishonmadi, yoki bizning “dum” olib kelishimizdan qo’rqdi.

Men o’sha kuni samolyotda Bishkekka qaytdim. Kechasi studiyada o’tirib, yozilgan intervyularni montaj qilayotsam, telefon jiringladi. Qong’iroq qilayotgan odam Qobiljon Parpiyev edi. Shoshib-pishib “zapis”ni yoqdim. Parpiyev bilan 15 daqiqacha suhbatlashdik. Suhbatdan parchalar kirgan reportaj o’sha kuni efirga ketdi, ingliz tilida ham maqola internetda chop etildi. Biroq undan oldin men Alisherga “suhbatni siz ham ishlating, birga ishladik axir”, dedim. Alisher unamadi. “Siz efirga beravering. Parpiyev so’zlarini ingliz tilida berish juda muhim. Dunyo bilsin. Faqat O’zbekiston hukumati fikrini emas, balki bu odamlar fikrini ham bisin”, dedi.

Men Yevropaga qaytgach, Alisher bilan aloqa uzilmadi. U menga ishdan bo’shaganida qo’ng’iroq qilar, biz siyosat, din, jamiyat, O’zbekiston va Qirg’iziston kelajagi haqida soatlab suhbatashardik. U she’r yozardi, yozganlarini menga elektron pochta orqali jo’natardi va “bir tanishim yozipti, nima deysiz, yaxshimi? Menga yoqmadi”, deb xazillashardi. Men esa “tanishingiz juda iste’dodli ekan, she’riyatga qobiliyati bor ekan,” desam kulardi.

Keyingi safar do’stimni ko’rganimda, Alisherning yuzi ko’kargan, tepa labi yirtilgan, yuqori jag’ tishlari singan edi. Unga ko’chada hujum qilishgani haqida eshitgandim. Lekin mening “nima bo’ldi?” degan savollarimga u kulib, “e mushtlashdik, yigitlarda bo’lib turadigan hol”, deyishdan nariga bormasdi.

Alisher Soipov dovyurak, haqiqatgo’y, idrokli, adolatli, gapda chechan va ko’rinishi xushbichim, qalbi esa go’zal inson edi. U o’zbek va qirg’izlar uchun o’zgarishni istar, lekin kutishga sabri yetmay, o’zgarishni o’zi boshlashga bel bog’lagan edi. U 26 yoshda edi. Juda ko’p narsaga ulgurdi. Lekin yana qancha ishlar qilishi mumkin edi. Afsus, endi hech qachon qilolmaydi.

Alisher sevgan va sevilganini bilish menga dalda. Alisher uylanib, farzandli bo’lishga ulgurgani ham menga dalda. Uni otasi va onasi, to’rt ukasi, menga o’xshagan do’stlari va hamkasblari yaxshi ko’rgan va hurmat qilgan. Alisherga o’q uzilganida qizchasi Zulayho uch oylik edi.

U uylanganida menga o’zi kuyovlik zar-choponda, yonida kelinlik libosida suluv bir qiz tushgan rasmni yubordi. “Go’zal, a?”, deb yozilgandi o’sha sms-da. O’limidan bir oz oldin “men ota bo’ldim. Rosa qizchamni gapirib maqtanaverib, joningizga tegaman”, dedi menga. Bu gaplarda g’urur yangrardi.

Men o’shandan beri O’shga bormadim. Borsam, avvalambor Alisherning otasi Avaz akaga chuqur ta’zim qilardim. Chunki hech bir boshqa o’ta bu ota o’z o’g’li uchun kurashganidek kurashmagan. Avaz aka adolat izladi. Hozircha topmadi.

Alisher o’limidan beri Qirg’izistonda prezidentlar o’zgardi. Ammo uning qotili jazolanmadi. Adolar qaror topmadi. Men Alisher oilasini shu narsa qiynayotganini yaxshi bilaman. Chunki bu hammamizni mana 10 yildan beri qiynaydi.

Qirg’iziston 15-oktabr kuni yangi prezidentni sayladi. Shu paytgacha prezidentlar Alisher Soipov qotilini topishda yetarli chora ko’rmadi, iroda namoyish qilmadi. Yangi prezident bu ishning yopilishi va qotil hamda qotillikni buyurganlar jazolanishini ta’minlashi shart.