Ayrim manbalarga ko’ra, Sobchakning prezidentlikka da’vo qilishi ortida Kreml, to’g’rirog’i Prezident Vladimir Putin jamoasi turibdi. Gaplarga qaraganda, Putinga bu nomzodni uning atrofidagi yordamchilaridan biri taklif qilgan.
Haqiqatan ham, A dan Ya harfigcha tayyorlangan va Putin jamoasi tomonidan boshqariladigan “Saylov” nomli spektaklda Sobchak zo’r rol o’ynab bera oladi.
Birinchidan, saylovda ayol nomzod bo’lishi shart. 2004-yilda Irina Hakamada prezidentlikka da’vo qilganidan beri yana ikki saylov bo’lib o’tdi – 2008 va 2012- yillarda, ammo nomzodlar orasida ayollar bo’lmadi.
Ikkinchidan, Sobchak – Kreml uchun eng qulay nomzod: uni hamma taniydi, u gapga chechan, ko’rinishi ham chakki emas. Stil va modaga bag’ishlangan “L’Officiel” jurnali bosh muharriri-da axir. Ijtimoiy tarmoqlarda tarafdorlari ko’p.
“Ksyusha” o’z vaqtida o’zbeklar orasida uyatsiz deyilib, man qilingan “Dom-2” teleko’rsatuvini olib borib tanilgan. Ammo o’shandan beri u o’zini jiddiy fikrlovchi odam sifatida namoyish qilishga harakat qilib keladi. Yoshlikdagi sho’xliklari ham ortda. Undan beri 35 yashar Kseniya turmushga chiqib, bir farzandli bo’ldi. Umr yo’ldoshi – mashhur kinoaktyor Emmanuil Vitorganning o’g’li, aktyor va rejissor Maksim Vitorgan.
Darvoqe, Kseniya – badavlat odam, boyligi 1 million dollardan ko’p.
Siyosatdagi faoliyatiga kelsak, bu sohada Sobchakning hech qanday tajribasi yo’q. U otasi va Putinning ustozi, Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchakdek siyosatchi bo’la olmaydi va buni o’zi ham, aftidan, yaxshi tushunadi.
Idrok va tafakkur jihatidan Kseniya Sobchakni yuqori baholab bo’lmaydi. Shunchaki, bir nechta kitob va maqola o’qigan, lekin kam bilimini ko’z-ko’z qilib, o’zini aqlli ko’rsata oladigan odam.
Lekin o’zini reklama qilishga kelganda Kseniyaga teng keladiganlar kam. U o’zi haqida ko’p gapiradi, lekin o’zi ustidan kulishni ham biladi. Bunday uslub ko’plarga ma’qul.
U vaqti-vaqti bilan o’zi haqida qiziq ma’lumotlarni tarqatish orqali tomoshabinlar va tarafdorlari qiziqishini doim bir darajada ushlab turishni biladi. Kim Rossiyada mashhur bo’lsa, kim haqida odamlar ko’p gapirayotgan bo’lsa, o’sha odam yonida Kseniyani ko’rasiz. Masalan, so’nggi oylarda u aksil-korrupsiyachi faol Aleksey Navalniy uyushtirgan namoyishlarda ham ko’rinish berdi. Chunki prezident bo’laman degan Navalniy hammaning og’zida edi. Kseniya birovning soyasida bo’lsa-da xalq oldida ko’rinish berish kerak, degan qoidaga rioya qiladi, chamasi.
Demak, kelasi yilgi saylov qiziqarli bo’ladi, lekin Sobchak unda g’alaba qozona olmasligiga ishonchim komil.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.