Qirg’izistonda qiziq bir tashabbus ilgari surilmoqda.
Mamlakat o’zining birinchi sun’iy Yer yo’ldoshini fazoga uchirsin, deyiladi “Kloop” mustaqil onlayn axborot agentligi saytida.
Loyihaga tushuntirish berarkan, “Kloop” asoschisi Bektur Iskandar o’zining “Telegram” kanalida, AQShning NASA fazo tadqiqotlari agentligi loyihaga g’oyalar hamda maslahat bilan ko’maklashadi, deb yozgan.
“Ammo pul o’zimizdan,” – deydi u.
Shu bilan birga Iskandar internet orqali barcha qirg’izistonliklarni sun’iy yo’ldoshni qurish loyihasiga moddiy hissa qo’shishga chaqirdi.
Eng qizig’i – yo’ldoshni qirg’izistonliklarning o’zi yasaydi. Qirg’izistonliklarning hammasi emas, faqat qizlar. Ha, Bektur Iskandar va “Kloop” tashabbusi ortidagi asosiy g’oya, aftidan, uchta:
1) Qirg’izistonda qurilgan birinchi sun’iy yo’ldoshni Yer orbitasiga olib chiqish;
2) Uni aynan respublika, aynan qirg’izistonliklar puli evaziga qurish;
3) “Sputnik”ni qizlarga yasatish.
Chunki “xotin-qizlarga nisbatan diskriminatsiya jonimizga tegdi. Bizda qizlarni xizmatkordek tarbiyalashadi. Qizlarni o’g’irlashadi, zo’rlashadi, so’ngra qiz bolani uni zo’rlagan erkakni “erim, turmush o’rto’g’im” deb yashashga majbur qilishadi. Bu jonga tegdi”, deb yozadi “Kloop”chilar.
Qizlar tarixni yaratsin, deyiladi “Kloop” sahifasida. Va sun’iy yo’ldoshni qurgan qizlar boshqalar uchun o’rnakka aylanishiga umid bildiriladi.
Qarangki, jajji sun’iy yo’ldosh yasab, uni kosmosga uchirish katta mablag’ talab qilmas ekan. 100-150 ming AQSh dollari kerak ekan, xolos.
Bu sun’iy yo’ldoshning ahamiyati aslida ramziy bo’ladi, deyiladi “Kloop” sahifasida. U fazoga uchgach, undan naf bo’lmaydi. Shunga qaramay, qirg’izistonliklar loyiha uchun tezda pul to’plashga kirishdi. Ularda milliy g’urur kuchayganini taxmin qilish qiyin emas. Demak, bu loyiha millatni birlashtiruvchi omil bo’lib ham xizmat qiladi. Naf mana shunda.
Agar siz Qirg’izistonda yashayotgan va robotexnika, muhandislik va zamonaviy texnologiyalar kabi sohalarga qiziqqan qiz bo’lsangiz, “Kloop” saytiga kirib, loyihada qatnashish istagini bildirishingiz mumkin. Mana bu yerga bosasiz.
Agar qirg’izistonlik bo’lmasangiz, lekin bu loyihaga moddiy yordam ajratmoqchi bo’lsangiz, siz ham shu havolaga bosing.
Chunki bugun qirg’izistonliklar bu loyihaning uddasidan chiqsa, ertaga sizning mamlakatingizda ham o’xshash loyihani amalga oshirish osonlashadi. Ular ham sizga yordam berishadi.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.