Ozarbayjonda 11-aprel kungi prezident saylovlarida kim yutishi boshidan yaxshi ma’lum edi. Shu qadarki, bu voqea haqida ko’plar gapirib ham o’tirmadi, vaholanki, demokratik mamlakatda odatda prezident saylovi katta ahamiyatga ega, undan oldin saylovchilar fikri o’rganiladi, turli siyosiy guruhlar o’z platformalarini e’lon qilib, saylovchilar bilan uchrashadi, teledebat kabi muzokaralarda bellashadi.
Ozarbayjonda hokimiyat 2003-yilda ota Haydar Aliyevdan uning o’g’li Ilhom Aliyevga o’tgan edi. Shundan beri bir necha marta saylov o’tkazildi va har gal xalqaro kuzatuvchilar saylovni tanqid qildi. To’g’ri-da, axir nomzodligini bosh lavozimga qo’ygan siyosatchilar ham Prezident Aliyevni matqsa, unga ovoz bersa, saylovni haqiqiy erkin va adolatli tanlovga asoslangan deb bo’ladimi?
Oxirgi marta 2013-yilda saylov hali boshlanmay turib, Aliyev g’alabasi e’lon qilingan edi. O’shanda bu ma’lumotni tarqatgan rasmiy matbuot jiddiy tanqidga uchragan edi.
Bu safar bunday xatoga yo’l qo’yilmadi. Lekin o’tgan safargi kabi raqobat bo’lmadi. Chunki raqibning o’zi yo’q. Muxolifatning asosiy rahbari Ilgar Mammadov qamoqda. Undan boshqa hech kim Aliyevga qarshi chiqishga jur’at etmadi. Chunki Aliyev o’z raqiblariga shafqatsizligi bilan tanilgan. Mahalliy va xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko’ra, siyosiy mahbuslar soni allaqachon 100 dan oshgan, qamalgan jurnalistlar soni kamida 10 nafar.
So’nggi yillarda Ilhom Aliyev avtoritar hokimiyatini yanada kuchaytirdi. 2016-yil sentabrida referendum o’tkazib, o’z vakolatlarini yanada oshirdi, rafiqasi Mehribon Aliyevani esa bosh vazirning birinchi o’rinbosari etib tayinladi. Tanqidlar yangrasa-da, Aliyev o’z siyositini davom ettirdi.
Aslida 2018-yil oktabriga belgilangan saylovni u oldinga surdi. Sabab bir nechta. Avvalambor, aytganimdek, muxolifat rahbari Ilgar Mammadovning qamoqdaligi. U hali ozod etilmay turib, Aliyev prezidentlikning yana bir muddatiga o’zi saylanib olishga shoshildi. Chunki muxolifatchini ozod etishni Yevropa ham, AQSh ham talab qilgan.
Ikkinchidan, yaqinda bu mamlakatda “Formula 1” poygasi bo’lib o’tadi. Saylovdek katta mablag’ talab qiladigan tadbirni bir yoqlik qilib, keyin to’la e’tiborni aprel oxiriga belgilangan bu sport musobaqasiga qaratmoqchi bo’ldi Aliyev.
Eng muhimi esa iqtisodning og’ir ahvoldaligi. Kaspiy degniz bo’yida joylashgan bu davlat, ma’lumki, neftga boy. Neft evaziga kun ko’radi. Boshqa sohalar deyarli rivojlanmagan. Masalan, paxta ishlab chiqarish yildan-yilga kamayib bormoqda. Neft narxlari jahon bozorlarida pasayar ekan, qariyb 10 million aholiga ega mamlakatda aksariyat og’ir ahvolda yashamoqda. Aliyev esa iqtisodning boshqa sohalari, xususan, ishlab chiqarishni oyoqqa qo’yishga qurbi yetsa-da, na bilimi, na malakasi bor, aftidan. Aholi kambag’allashsa norozilik ham kuchayadi. Har bir siyosatchi bu haqiqatni yaxshi biladi. Shu bois Aliyev yana 7 yilga prezidentlikni xo’ja ko’rsinga o’tkazilgan saylov orqali o’zi uchun kafolatladi.
Avtoritar tuzum mohiyatini tushunmoqchi bo’lsangiz, misollar bisyor. Ozarbayjon birinchilardan. 15 yildan beri hokimiyatda bo’lgan Aliyev yana 7 yilga saylandi.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.