Bola tarbiyasida xalq og’zaki ijodining roli juda katta. O’zbek oilalarida bolalar turli jahon va o’zbek ertaklari bilan ulg’ayadi. O’zbek folklor bisotida bolalar uchun ertaklar bisyor. Bu yaxshi, albatta. Sababi hikoyalar bola tarbiyasida didaktik ahamiyatga ega bo’lib, tasavvurini kengaytirishda, ezgu fazilatlar shakllantirishda roli katta.

Lekin jahon tajribasi bilan solishtirilsa, o’zbek oilalarda bola ta’lim-tarbiyasida xalq og’zaki ijodining yana boshqa bir turi – bolalar qo’shiqlaridan unumli foydalanilmaydi.

Inglizzabon mamlakatlar tajribasiga e’tibor berilsa, xalq bolalar qo’shilari eng koʻp tarqalgan va ommalashib ketgan janrlaridan biridir.  Ular bolalar nutqini o’stirishda, dunyoqarashini kengaytirishda, estetik didini shakllantirishda katta ahamiyatga ega.

 

Bugungi kunda, inglizzabon oilalarda xalq qo’shiqlarisiz voyaga yetishini tasavvur etib bo’lmaydi. Masalan, mittivoylar uchun “Baa, baa, black sheep”, “Jack and Jill”, “London bridge”, “Ring around the rosie”, “Ding dong bell”, “Five little monkeys”, “Five little ducks”, “Hickory Dickory dock”, “Humpty Dumpty”, “I am a little teapot”, “Mary hada a little lamb”, “Twinkle twinkle little star”, “Bingo”, “Ding dong bell” kabi qo’shiqlar borki, ularni bilmaydigan bolaning o’zi yo’q. Bu qo’shiqlarining kelib chiqishi XVII-XIX asrlarga borib taqaladi. Boshqacha aytganda, folklor ijod namunalari omma o’rtasida faol muomalada. Baʼzan qoʻshiqlar oʻyin bilan birga ijro etiladi. Ashulalar asosida minglab kitoblar, videolavhalar, ilovalar yaratilgan. Shu sababli bu mamlakatlarda xalq qo’shiqlari –  mittivoylarning sevimli mashg’uloti.

Shu o’rinda, bir savol kelib chiqadi: bizda xalq og’zaki qo’shiqlari yo’qmi yoki o’zbek oilalari farzand ta’lim-tarbiyasida shunchaki ulardan unumli foydalanmaydimi?

Bizda bolalar xalq qo’shiqlaridan faqat “Alla”dangina unumli foydalanadi. “Boychechak”, “Oftob chiqdi olamga”, “Chamandagul” kabi xalq qo’shiqlarimiz bor albatta, lekin bolalar u yoq-da tursin, ota-onalar ham bilmaydi. Avvallari bolalarbop faqat bir-ikkita ashulalar keng tarqalgan edi. Ular ham bo’lsa rus xalqidan o’zlashtirilgan (“Qo’g’irchog’im Natasha” singari) yoki keyingi davrlarda yaratilgan ashulalardir (masalan, Shukur Sa`dullaning 50-yillarda “Yomg’ir yog’aloq” she’ri asosidagi).

G’arbda kichik yoshdagi bola ta’lim-tarbiyasida nafaqat xalq og’zaki ijodidan, balki ma’rifiy ahamiyatga ega bolalar qo’shiqlargdan ham unumli foydalanadi. Bolalarga harflar, ranglar, shakl, sanash kabilarni o’rgatishga qaratilgan zamonaviy qo’shiqlar, qo’shiqlarga mos minglab videolavhalar yaratilgan. Jamoat kutubxonalarida ham jajji bolajonlar uchun “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” soatlari folklor ahulalarsiz o’tmaydi. Sababi, 0-4 yoshdagi bolalar uzoq vaqt ertaklarga quloq solib o’tira olmaydi. Ana shunday yoshdagi bolalar uchun pedagoglar aynan xalq og’zaki hamda  zamonaviy-ma’rifiy qo’shiqlar orqali ta’lim-tarbiya berishni tavsiya qiladilar.

Qolaversa, ular nafaqat ta’lim-tarbiya vositasi, balki ota-ona bilan farzandni ruhan yaqinlashtiruvchi ko‘prik  hamdir.

 

Shu o’rinda, aytish lozim, bugun g’arbda karantin davrida uyda jajji bolalar bilan shug’ullanish uchun minglab ma’rifiy-tarbiyaviy saytlar topiladi. Lekin o’zbek tilida bunday saytlar, ilovalar barmoq bilan sanoqli. Aholisining aksariyatini bolalar va yoshlar tashkil etgan O’zbekistonda turli yoshdagi bolalar uchun ma’rifiy sayt va ilovalar yaratish ehtiyoji bor. Xususan, bugun karantin davrida bolalar uyda vaqtini foydali mashg’ulotlar bilan o’tkazishlari uchun bunday saytlarga talab yanada oshgan.

Kezi kelganda, o’zbek tilidagi kichik yoshdagi bolalar uhun ba’zi sayt va ilovalarni tavsiya etamiz: www.ertak.uz, www.erkatoy.uz, www.kitob.uz, Edu Market, Kitobim.

Maktab yoshidagi o’quvchilarga esa http://eduportal.uz/, http://www.online-maktab.uz/, https://uz.khanacademy.org/, http://bolahuquqlari.uz/, Kitobim, IKids, Abook, Bilag’on kabi sayt va ilovalari bor.

 

Oydin SA’DULLAYEVA