15-iyun kuni O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imomlarga murojaat qilar ekan, erkaklarning qo’sh xotin olish urinishlariga qarshi chiqishga chaqirdi, ZAGS qog’ozini ko’rmay turib nikoh o’qimanglar, dedi va so’nggi paytlarda poligamiya, ya’ni ko’pxotinlilik hollari ko’payib ketgani, bu ma’noda Toshkent ilg’or ekanini qo’shimcha qildi. Prezidentning o’sha chiqishini mana bu videoda ko’rishingiz mumkin.

Mirziyoyevning bu gaplari juda to’g’ri va o’rinli.

Bu amaliyot aslida nafaqat xotin-qizlar huquqlarining toptalishidir, balki mamlakat iqtisodiga ham zarar. Buni xorijlik olimlar o’tkazgan tadqiqotlar isbotlab bergan.

Noqonuniy hisoblangan ikkinchi nikohda tug’ilgan bolalar ruhiyatiga bunday amaliyot ta’siri haqida Prezident Mirziyoyev alohida to’xtaldi. Boz ustiga, bunday bolalar ota mulki va merosiga egalik qilolmasligini aytdi.

Bu o’rinda masalaning ayrim jihatlariga tushuntirish berish joiz.

Avvalambor, ayollar ko’p hollarda qiyin iqtisodiy ahvolga tushgani sababli ikkinchi xotinlikka rozi bo’ladi. Ajrashgan, beva qolgan ayollar, ayniqsa, farzandlari bo’lsa, ularni yakka o’zi katta qilishga qiynaladi. Shu sababdan ular ikkinchi xotin bo’lish taklifiga ko’nadi. Agar mamlakatdagi umumiy iqtisodiy ahvol yaxshilanib, har bir yakka onaning farzandlarini bir o’zi boqishga qurbi yetganida, ko’plab ZAGS ro’yxatidan o’tmagan nikohlar ro’yobga chiqmasdi.

Shu sababdan, imomlarga erkak va ayollarni ZAGS qog’ozisiz shar’iy nikohdan o’tkazishni man qilish – bu zarur bo’lgan chora, biroq faqat bu bilan muammo hal bo’lmaydi. Uzoq kelajak o’laroq ayollarning iqtisodiy ahvoli yaxshilanishi kerak. Buning uchun esa qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish lozim. O’qimishli ayol kattaroq maosh olishi ehtimoli katta. O’qimishli ayol qizlarini qo’sh xotin bo’lish uyat, deya tarbiyalaydi, o’g’illariga buni uqtiradi.

Ikkinchi masala. Haqiqatan ham, huquqiy ma’noda ikkinchi xotin erkakning haqiqiy turmush o’rtog’i hisoblanmaydi, uning shar’iy nikohini O’zbekistonning dunyoviy qonunlari tan olmaydi. Farzandlari ham shunday: Prezident Mirziyoyev aytganidek, bunday bolalarning tug’ilganlik haqidagi guvohnomasiga ota ismi yozilmaydi.

Bu amaliyotning farzandlarga oid qismi o’zgarishi lozim. Otaning otaligi nikoh bor-yo’qligiga emas, haqiqatan ham bolaning biologik ota ekaniga bog’liq bo’lsin. Masalan, AQSh va ko’plab boshqa rivojlangan mamlakatlarda shunday. Erkak va ayol turmush qurganmi yoki shunchaki, ZAGS qog’ozisiz, birga yashaydimi, yoki ularning aloqasi tasodif bo’lib, natijada bola dunyoga kelganmi, bundan qat’i nazar, bola otasidan moddiy yordam olishga haqli bo’lishi shart. Erkak o’zidan dunyoga kelgan bolalar uchun mas’ul bo’lishi lozim. Hatto bolaning tug’ilganlik haqdagi guvohnomasida ota ismi yozilmagan holda ham otaning haqiqiy otaligini DNK testi orqali isbotlash amaliyoti aholining aksariyati musulmon Turkiyada ham mavjud.

Yana bir masala. Yuqorida poligamiya mamlakat iqtisodiga zarar deb aytdim. O’tkazilgan tadqiqotlarga ko’ra, qo’sh xotin olgan erkak farzandlari qancha ko’p bo’lsa, har biriga beriladigan e’tibor kamayadi, zotan otaning ham qiz, ham o’g’il bola tarbiyasidagi roli nihoyatda katta. Ayni vaqtda bir erkakning bir nechta farzandiga tegadigan moliyaviy ulushi ham kamroq bo’ladi, demak pirovardida bunday bolalar sifatli ta’lim olishi ehtimoli pasayadi. Oliy ma’lumotli erkak oliy ma’lumotli ayolga uylanishi ehtomili kattaroq. Bunday oilada katta bo’lgan bolalarning oliy ma’lumotli bo’lishi ehtimoli ham katta. Ma’lumoti past bo’lgan erkak esa o’qimagan ayolga uylanadi, farzandlarini ham universitetda o’qishini talab ham qilmaydi, qurbi ham yetmasligi mumkin. Umumiyatla, aholi saviyasi pasayadi, demak daromadi ham. Bu esa, aytganimdek, makroiqtisodiy ma’noda zarar.

Bunday bo’lmasligi uchun har bir erkak o’z farzandlari tarbiyasida faol qatnashib, ularga eng sifatli ta’lim berishi lozim. Farzandlar ko’p bo’lsa, buning uddasidan chiqish qiyinlashadi.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.