1_Gafur RakhimovAQShning Ey-Bi-Si (ABC) telekanali 2014-yilgi Olimpiadaning Sochida o’tkazilishi haqdagi qarorning qabul qilinishida asl o’zbekistonlik G’ofur Rahimov katta rol o’ynagani haqida xabar berdi.

Telekanalning maxsus izlanish o’tkazgan muxbirining aniqlashicha, O’yinlarga tayyorgarlik paytida poraxo’rlik va korrupsiya cho’qqiga chiqqan va Olimpiada Rossiyaga nihoyatda qimmatga tushgan. Moskva va Sochi rasmiylari iddaolarni, tabiiyki, inkor etmoqda.

Sochi musobaqalari Olimpiya o’yinlari tarixiga eng qimmatlaridan biri sifatida kirishi mumkin.

Ey-Bi-Si telekanali bundan yetti yil oldin 2014-yilgi qishki Olimpiadaning aynan Sochida o’tkazilishiga o’zbekistonlik G’ofur Rahimov sababchi bo’lgan deya ma’lum qilar ekan, Rahimovning o’zi tarjimoni orqali telekanal muxbiriga yuqoridagi iddaolarni inkor etib, “bunga hojat bo’lmagan” deb aytgan.

G’ofur Rahimov ko’p yillardan beri O’zbekiston ichi va tashqarisida “mafiya”, ya’ni uyushgan jinoiy guruhlar rahbari, deb ko’riladi. “G’ofur” yoki “G’ofur aka” haqida eshitmagan o’zbekistonlik bo’lmasa kerak.

SOC_Olympic logoRGBRasmiy ma’lumotlarda uning o’zbekistonlik tadbirkor ekani aytiladi. U, shuningdek, sobiq sportchi. 2001 va 2005- yillarda O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasining vitse-prezidenti etib saylangan. Shu tariqa Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi yig’inlarida ham qatnashgan. (2012-yilda u bu lavozimdan bo’shatiladi. Bunga sabab etib uning fuqaroligini o’zgartirgani ko’rsatilgan edi).

Ayrim manbalarda uning narkotraffikka aralashgani aytiladi.Ey-Bi-Si telekanaliga intervyu bergan Kreyg Myurrey, Britaniyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi va O’zbekiston hukumatining tanqidchisi, Rahimovni geroinning xalqaro savdosini boshqaradigan 4-5 eng qudratli odamdan biri ekanini aytadi va uni “nihoyatda yirik va xavfli gangster”, deb ataydi.

O’xshash iddaolar ilgari ham yangragan. 2012-yilda AQSh Davlat departamenti boshqa bir necha shaxs qatorida G’ofur Rahimovga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etgan edi. 2000-yilda Avstraliya hukumati Sidney Olimpiya o’yinlarida qatnashmoqchi bo’lgan Rahimovni mamlakatga kiritmagan.

Rahimovning Sochi Olimpiadasidagi roli haqidagi iddaolar yangrar ekan, men masalaning boshqa jihatlariga e’tibor qaratmoqchiman.

Birinchidan, Xalqaro Olimpiya Qo’mitasining korrupsiyalashgani haqida ma’lumotlar ilgaridan bor.

Ikkinchidan, Olimpiya o’yinlarining qayerda o’tkazilishi nihoyatda jiddiy qaror. Nafaqat sportga oid, balki siyosiy va iqtisodiy masala ham. Qanchalik nufuzli va qudratli bo’lmasin, hech qaysi bir shaxs ushbu masalani yakka o’zi hal qilmolmaydi.

Bundan yetti yil oldin Olimpiadaning aynan Rossiya shahrida o’tkazilishiga qator siyosiy va iqtisodiy sabablar turtki bo’lgan edi. U davrda neftning jahon bozorlaridagi narxlari juda baland, Rossiya iqtisodi jadal sur’atlar bilan o’sayotgan, Yevropaning Rossiya gaziga qaramligi esa kuchli ekani ayon bo’lgan edi. Putinning inson huquqlari borasidagi obro’si hozirgidek yomon emasdi. 2014-yilda qishki Olimpiya o’yinlari Sochida o’tkazilishini qo’llab-quvvatlaganlar Xalqaro Olimpiya Qo’mitasiga a’zo bir necha kishi emas, balki ko’pgina davlatlar bo’ldi. O’sha qaror G’arbning Putinga ko’rsatgan takallufi edi, desam adashmasam kerak.

Musobaqalar boshlanmay turib, o’sha taraflar qaroridan pushaymon bo’layotgandir. Chunki Sochi Olimpiadasiga tayyorgarlik juda xunuk tus oldi. Bunga dalil – ajtarilgan byudjetning musodara qilinishidan tortib to gomoseksual sportchilarga qarshi davlat darajasidagi targ’ibot. Bularning bari yetti yil avval Sochi nomzodini qo’llab-quvvatlagan taraflarni uyaltirayotgan bo’lsin.

Birinchi Olimpiya o’yinlari miloddan oldingi 776-yilda Yunonistonda o’tkazilgan. Insonning jismoniy va ma’naviy qudrati va mahorati siymosi bo’lgan. Shuningdek, tinchlik o’rnatish va Qadimgi Yunonistonda joylashgan shaharlar orasida do’stona munosabatlar va savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan. XXI asrga kelib ham o’sha ezgu maqsadlar o’zgarmay qolsin.

Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.