Rossiyada 18-mart kuni Vladimir Putinning yangi muddatga prezident etib saylanishidan bir hafta o’tib, 25-mart kuni Sibirdagi Kemerovo shahrida katta fojea yuz berdi. “Zimnyaya vishnya” savdo markazida boshlangan yong’in oqibatida o’nlab odam nobud bo’ldi. Qurbonlarning aksariyati – yosh bolalar.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, yong’in 64 odam hayotini olib ketgan. Yana 80 ga yaqin odam jarohatlangan va kasalxonada davolanmoqda, yoki tibbiy yordam olib uyiga qaytgan.

Norasmiy manbalarda avval qurbonlar soni 300 dan ortiq ekani aytilgan edi, so’ngra bu uydirma gap ekani aniqlandi. Biroq rasmiy ma’lumotlarga ishonmayotganlar ko’p. Kemerovoda tashabbus guruhi tuzilgan va ular turli manbalar, shu jumladan 25-mart kuni yaqinlarini bedarak yo’qotgan odamlardan ma’lumotlar to’plab, jasadlarni qaytadan tekshirib chiqmoqda.

Bu muammo Rossiyadagi korrupsiyaga e’tiborni qaratdi. Bunday ommaviy joyda hayot uchun xavfli sharoit vudujga kelmasligi, yong’in chiqmasligi uchun maxsus xizmatlar uni muntazam ravishda tekshiruvdan o’tkazishi kerak. Ammo, ma’lum bo’lishicha, “Zimnyaya vishnya” savdo markazida qator xavfsizlik qoidalari buzilgan, talablarga rioya qilinmagan. Demak, fojeadagi qurbonlar soni ancha kamroq bo’lishi mumkin edi.

Rossiya qonunchiligida bunday tekshiruvlardan qochishning yarim-rasmiy yo’llari mavjud ekan. Ya’ni davlat xizmati ko’rigidan o’tmaslik uchun mustaqil xizmatlardan biriga pul evaziga audit buyurib, xulosani davlat xizmatiga yuborish mumkin. Xususiy firmalar auditi esa davlatnikidan ancha yengil, xavfsizlik bobida talablarga javob bermasa, ularga pora berib, “hammasi joyida” mazmunida qog’oz yozdirib olish mumkin, deya yozmoqda Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida shunday savdo markazlarida ishlaydigan rossiyaliklar.

Bu esa so’nggi yillarda nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlardagi yirik shaharlarda ochilgan savdo-ko’ngilochar markazlarida xavfsizlik qanday ta’minlangan, degan savolni ko’ndalang qo’yadi. Masalan, Toshkent shahridagi shunday markazlarda odamlarni yong’indan asrash uchun qanday choralar ko’rilgan? Kino ko’rishga borgan kattalaru-bolalar yong’in chiqqan taqdirda qamalib qolmaydimi? Barcha eshiklar ochiq, qulflanmagan, zinapoyalar esa ashqol-dashqol narsalardan toza turadimi? Yong’in chiqishi bilan signalizatsiya ishlaydimi? O’t ochiruvchu xizmatlar malakasi qanday? Ular bunday falokatlarning oldini olishga qodirmi, yoki Rossiyaning Favqulodda holatlar vazirligi xodimlari kabi bitta xavfsizlik niqobini uch daqiqa davomida kiyadimi?

O’zbek matbuotiga ko’ra, Kemerovodagi fojeadan keyin O’zbekistondagi savdo-ko’ngilochar markazlarida tekshiruv tashkil etiladigan bo’ldi. Umid qilamizki, bunday tekshiruvlar insofdan astoydil o’tkaziladi va diqqat o’zbekistonliklar hayotini saqlab qolishga qaratiladi, pora olib, cho’ntakni qappaytirishga emas.

Gapim so’nggida ko’plab o’zbekistonliklar Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, Kemerovo qurbonlarini xotirlayotgani, ularning yaqinlariga taziya izhor etib, guldastalar va o’yinchoqlar qoldirayotganini aytmoqchi edim. Rossiyaning barcha shaharlaridek, O’zbekistonda qurbon bolalar xotirasiga oq sharlar osmonga uchirildi. Bag’rikeng, bolajon xalq hamdardlik bildirar ekan, yana bir bor o’zining bag’rikengligiga sodiq qolmoqda.

Gaplashamiz.