“Tadbirkorlar fabrikasi”ga xush kelibsiz!

Posted March 18th, 2013 at 9:35 pm (UTC+4)
Leave a comment

Mana, “grin karta”ni qo’lga kiritib, Amerikaga uchib keldingiz. Ko’z oldingizda siz ko’p eshitgan o’sha sehrli diyor, imkoniyatlar makoni, boy va qudratli Amerika. Siz ham endi shu jamiyat a’zosisiz. Imkoniyatlar daryosiga sho’ng’ib, bu jamiyatda o’z o’rningizni topib ketishni istaysiz.

Oldingizda turgan eng muhim vazifa nimadan iborat? Albatta, uy-joy topib, barcha hujjatlarni tartibga solib, bolalarni maktabga joylab bo’lgandan keyin ish qidirishga kirishasiz. Kimdir tez ish topadi, kimdir bir necha oy harakatda bo’ladi. Biroq doim ham birinchi topilgan ish yetarli daromad keltirmasligi mumkin. Qo’shimcha ish qidiriladi. Vaqt o’tgach, yaxshi ish topish uchun oliy ta’limga ehtiyoj seziladi. Garchi O’zbekistonda muayyan bir soha mutaxassisi bo’lib, tajriba orttirgan bo’lsangiz-da, Amerikada shu soha bo’yicha ketishni istasangiz, yangidan o’qish kerak bo’ladi.

Amerikada yaxshi yashamoqchi bo’lsangiz, yolg’iz maoshning o’zi kamlik qiladi. Agar qimmatbaho qog’ozlar haqida tushuncha va bilimingiz bo’lmasa, aksiya olib-sotib oson pul qilishga shoshmay turing. Folbinlik mahoratingiz bo’lmasa, lotereya olib, qiyinchilik bilan ishlangan pulni ko’kka sovurmang.

Demak, biznesda o’zingizni sinab ko’rishingiz kerak. Xususiy tadbirkorlikni yo’lga solish oson bo’lmasa-da, kirishib ketsangiz, hayotingizni yangi bosqichga ko’tarish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo’ladi. Ammo biznes qilishning ham o’ziga yarasha qoidalari bor. Agar bu jamiyat, uning qonun-qoidalari, undagi imkoniyatlar haqida bilimingiz, sizga yo’l-yo’riq ko’rsatadigan do’st yoki tanishlaringiz, boshlang’ich kapital, ingliz tilida savodingiz, biznes tajribangiz yoki biznes g’oyangiz, tavakkal qilishga sizda moyillik bo’lmasa, hozircha yaxshi maoshli ish qidirishda davom etib turing.

Ammo tilga olingan talablardan biriga javob bersangiz, “Tadbirkorlar fabrikasi” loyihasida taqdim etilib boradigan videolavhalarni tomosha qilib, ulardagi tavsiyalarni qulog’ingizga solib boring. Balki xususiy ish boshlamoqchi bo’lsangiz, loyihadagi maslahatlardan birortasi sizga asqatar.

Blogimizda Amerikada tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan o’zbekistonlik muhojirlar, ularing tajribalari haqida hikoya qilamiz. Shuningdek, Amerikada kichik tadbirkorlik uchun mavjud sharoit va imkoniyatlar haqida xabardor qilamiz.

“Tadbirkorlar fabrikasi” AQShda muvaffaqiyatli ish olib borayotgan o’zbek tadbirkorlaridan biznes hikoyalari, maslahatlari, yo’l-yo’riqlar va g’oyalar kutib qoladi.

Blogimizdan unumli foydalanishingiz uchun quyidagi resurslarni ko’zdan kechirishingizni maslahat beramiz:

Forum

Forumda Amerikada kichik biznes haqida sizni qiziqtirayotgan savollarni berishingiz, o’zingiz xususiy tadbikor bo’lsangiz, tajribangiz bilan o’rtoqlashishingiz, kichik biznesning qaysi yo’nalishlari bo’yicha sizga ma’lumot berishimizni istashingizni yozib qoldirishingiz mumkin.

Video reportajlar

Video reportajlarimizda Amerikada tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan o’zbekistonliklar va ularning biznesi haqida ma’lumot beriladi.

Maqolalar

Maqolalarimizda nafaqat Amerikada tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan o’zbekistonliklar haqida, balki biznes uchun shart-sharoitlar, soliq va qonunchilikdagi qulayliklar haqida so’z boradi.

Maqolalar arxivi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *