Gollivud filmlarini ishlab chiqarish globallashmoqda

Posted May 13th, 2014 at 3:22 am (UTC+4)
Leave a comment

Gollivudning ko’plab mashhur filmlari maxsus effektlarga boy. Ularning aksariyati shu paytgacha Gollivudda tayyorlanar edi. Ammo hozir filmni AQShda, o’ziga xos effektlarini esa xorijiy davlatlarda ishlab chiqarish mumkin. Film sanoatidagi maxsus effektlarning globallashuvi Gollivuddagi hamda butun dunyodagi kinochilar ijodiga qanday ta’sir ko’rsatmoqda?

Tommi Uilyamson film yaratishni yaxshi ko’radi. U maxsus effektlar mutaxassisi sifatida ko’plab filmlar ustida ishlagan. So’ngra sohani tark etgan.

“Hammasini tark etish menga og’ir bo’ldi. Aslida men tark etmadim, balki u meni tashlab ketdi”, – deydi u.

Texnologiya hozir maxsus effektlarni dunyoning istalgan joyida tayyorlash imkonini bermoqda. Shu bois ko’plab Gollivud filmlarining bunday effektlari xorijda tayyorlanadi.

Hindistonda joylashgan “Reliance MediaWorks” firmasi rahbari Venkatesh Roddam bu haqda shunday deydi:

“Oxirgi 5-7 yil ichida film ustida ishlash jarayoni dunyoning turli joylariga yoyilib ketdi. Nafaqat Hindiston, balki Xitoy, Tayvan, Koreya kabi davlatlarga Gollivud o’z mahsulotlarini jo’natmoqda”.

Hindiston kabi davlatlar arzon haq evaziga o’z xizmatini taklif etsa, boshqalari moliyaviy yordam ham berishga tayyor.

“Men effektlar bilan shug’ullanuvchi 12 ta kompaniyada ishlaganman. Ularning beshtasi bankrot bo’ldi. Subsidiyalar asosida ishlash raqobati  ularning aksariyatini biznesdan surib chiqaryapti”, – deydi soha mutaxassisi Deyv Rend.

Uning aytishicha, ayrim davlatlar taklif qilayotgan subsidiyalar ko’plab ishlarni Gollivuddan tortib olmoqda. AQSh sudlariga bu haqda shikoyat qilish kerak, deydi yana bir mutaxasss Daniel Ley.

“AQSh hukumati subsidayalarga qarshi kuchli qonunlarga ega. Mahalliy kompaniyalarning ishini subsidiyalar orqali xalqaro firmalar tortib oladigan bo’lsa, ular ustidan tijorat sudlariga murojaat qilish kerak”, – deydi Deyv Rendning hamkori Daniel Ley.

Leyning aytishicha, AQShdan tashqarida bajarilgan ish uchun AQSh federal sudi qo’shimcha soliq joriy etishi kerak.

“Bu yaxshi g’oya emas. Narxlarning sun’iy ravishda oshishiga sabab bo’lasiz. Iqtidorlarni cheklash bu”, – deydi Venkatesh Roddam.

Roddam fikricha, Gollivud xalqaro iqtidorlar orasidan xohlaganini tanlab olish imkoniyatiga ega bo’lishi kerak.

Kunal Chindarkar kabi dizaynerlar uchun hozirgi holat ayni muddao. U Singapurdagi “Double Negative” kompaniyasidan turib Gollivud buyurtmalarini bajaradi.

“Bu yerda men bilan ishlaydigan odamlar dunyoning har xil joylaridan kelgan. Avstraliya, Angliya, Fransiyadan ham odamlar bor”, – deydi u.

Roddamga ko’ra, Golluvid bilan ishlash dunyo bo’ylab bu sohadagi ish sifatining oshishiga hissa qo’shadi.

Maxsus effektlar komaniyasi yashab qolishi uchun film sanoatining boshqa sohalarida ham faoliyat ko’rsatishi kerak, deydi Roddam.

Ayni paytda buyurtma kelayotgan joyda ham o’z odamlaringizga ega bo’lishingiz kerak, deydi u.

“O’sha yerda jismoniy mavjud bo’lmay turib, bu sohada raqobatga bardosh bera olmaysiz. Shu ma’noda, bizning kompaniyamiz ishlarni Gollivuddan tortib olyapti deyish noto’g’ri, biz Amerikada ham ish o’rinlari yaratyapmiz”, – deydi hindistonlik kinodizayner.

Roddamning aytishicha, bu sohada hali o’zgarishlar davom etadi. Raqobatda yutib chiqishi uchun kompaniyalar yangi sharoitga moslashishi kerak.

Maqolalar arxivi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *