Dunyoda uyali telefonlarning ommaviylashishi oqibatida ulardagi o’yinlarga qiziqish ham ortmoqda. Bu sanoat jadal rivojlanib, joriy yilda katta daromad keltirishi kutilmoqda. Yaqinda Los-Anjelesda ko’ngilochar elektronika ko’rgazmasi o’tkazildi. Unda o’yin ishqibozlari va ishlab chiqaruvchilar qatnashdi, yangi o’yinlar ko’z-ko’z qilindi.
Ilk kompyuterlar o’ta sekin ishlab, surat, tovush, maxsus effektlarni ko’rish yoki tinglash uchun katta hajmdagi ma’lumotni qayta ishlay olmas edi. Protsessorlar mukammallashib borgan sari kompyuter tezligi oshdi, narxi arzonlashdi, texnologik kompaniyalar biznes imkoniyatlarni ko’rib, o’yinlar ishlab chiqara boshladi.
Hozirda tez ishlovchi smartfonlar va boshqa uyali vositalar uchun ham o’yinlar bozorida joy topildi.
San-Fransiskoda joylashgan “App Annie” xususiy kompaniyasi ana shu bozorni kuzatadi. Firma vakili Markos Sanchezning aytishicha, mobil vositalar uchun o’yin tayyorlayotgan kompaniyalar katta pul ko’tarmoqda.
“Eng ommabop 10 o’yinning bir nechtasini chiqargan kompaniyalardan birining daromadi bir milliard dollardan oshdi. Telefon orqali o’yin o’ynash ommaviylashdi va kompaniyalarga jiddiy daromad keltirmoqda”, – deydi Markos Sanchez.
Bu biznes modellar barcha platformalarda qo’llanmoqda hozir. Kompaniyalar bozorning har bir qarichini qamrab olgan, ishlari a’lo, deydi Xalqaro taraqqiyot guruhi vitse-prezidenti Yoshio Osaki.
“Video o’yinlarni endi faqat pristavkalarda o’ynash shart emas. Oldin bozorni 2-3 ta yirik kompaniya egallagan bo’lsa, hozir ularning soni ko’paygan”, – deydi Osaki.
Bu kompaniyalarning aksariyati o’yin sifatini yaxshilash uchun yoshu qari muxlislardan yangi g’oyalar olib turadi. Shulardan biri perulik 17 yashar Maykl Sayman. U Facebook ning eng yosh xodimlaridan.
“Menga “Parse” deb nomlangan sistema ustida ishlash vazifasi topshirildi. Bu Facebook ning bir qismi bo’lib, turli applikatsiyalar bilan ishlaydi. Ularning barchasini Facebook orqali bog’lash mumkin”, – deydi Sayman.
“Parse” programmasi mobil vositalar uchun applikatsiyalar yaratishda qo’l keladi.