Amerika bolalar bo’gchasini yuritish haqida

Posted March 6th, 2016 at 6:52 pm (UTC+4)
Leave a comment

Vika Rusanovaning oilasi asli Toshkentdan. Amerikaga 2002-yilda kelishgan. Ikki qizi bor. Oila avval Nyu-Yorkda yashadi. Vika rus bog’chasida ishladi. So’ng Merilend shtatiga ko’chib ketishdi. U yerda ham bolalar bilan mashg’ul bo’ldi. Salkam 10 yilda orttirgan tajribasi unga ikki yil oldin o’z uyida kichik bog’cha ochishda yordam berdi.

“Har bir biznes tavakkaldir. Chunki boshida mijoz yo’q hali. Ko’p pulimni sarflayman – mebel olish uchun, o’yinchoqlar, o’quv materiallari xarid qilish uchun, o’qishimga pul to’ladim. Reklama orqali biz haqimizda o’rgangan bir odam qo’ng’iroq qilib “bog’chada nechta bola bor” deb so’radi. “Nol” dedim. “Uzr” deb trubkani qo’yib qo’ydi. Hamma ish reklamada, uni hamma joyda berish kerak. Ammo mening omadim chopdi. Do’stlarim meni o’z tanishlariga tavsiya qilishdi. Inna ismli dugonam yordami bilan uchta bolani olib kelishdi. Shundan boshlandi hammasi. Hozir esa reklamaga ehtiyojim ham yo’q. Odamlar men haqimda xabar topib, tavsiyalar bilan keladi”, – deydi u.

Biz bilan suhbatlashgan onalar Vikaning bolalarga muomalasini maqtadi.

“Tarbiyachilik Vikaga xudodan berilgan in’om. U bolalarni juda yaxshi ko’radi. Bu bog’cha mening o’g’lim uchun ikkinchi uydek. Ikki yildan beri shu yerda. Bu joydan 15 kilometr narida turishimizga qaramay, har kuni jon deb qatnaymiz. Grisha 4 yoshida o’qishni, sanashni o’rganib oldi”, – deydi Marina Zolina.

“Hozirgi turgan joyimizga ko’chib kelganimizda bir tanishimiz shu bog’chani tavsiya qildi. Besh yashar qizim bir yarim yildan beri shu yerga qatnaydi. Biz ham Toshkentdanmiz. Bu bog’chada muhit o’zgacha, iliq. Vika ajoyib inson. Bog’chada ovqat berishadi, bolalarni uxlatishadi, bizga tanish muhit”, – deydi Irina Mitryakova.

“Bolalar sayyorasi” bog’chasi sakkizta bolaga mo’ljallangan. Ular bilan har kuni jismoniy mashg’ulotlar o’tkaziladi, musiqa, o’qish, yozish, chizishdan saboq beriladi, to’rt mahal ovqatlanishadi, uxlash vaqti ham bor. Amerikalik bolalar qatnaydigan bog’chalardan farq qiladi.

“Bog’chani uzoq tanlashga to’g’ri keldi. Ko’p joylarni borib ko’rdim. Uyday shinam, ma’naviy jihatdan iliq bir joyni qidirgandik. Bu bog’chada buvi ham bor, ajoyib buvi”, – deydi yana bir ona Marina Mirzayants.

Ishni yuritishda Vikaga nafaqat uning onasi, balki qizlari Ira va 10 yashar Liza ham yordam beradi.

“Liza maktabdan qaytganda bolalar uyqudan turgan bo’ladi. Shunda Liza ularga ikkinchi tushlik hozirlaydi. Ba’zida o’zidan o’zi turli narsalarni o’ylab topadi, meni hayron qoldirib. Internetda birorta ertakni topib, ularga o’qib beradi, so’ng shu ertak asosida rasmlar bo’yashadi. Men uni bunga o’rgatmaganman. Boshida Liza meni bolalardan qizg’anadi deb xavotir olgan edim. Shunday bo’ldi ham. Ammo u o’zini tezda qo’lga oldi, unga tushuntirib berdik. Menga yordam bera boshlaganidan so’ng esa bu narsa o’tib ketdi. Liza bu ish orqali sabr qilishni, bolalar ko’nglini olishni, ular bilan kelishishni o’rgandi”, – deydi Vika.

“Meni murabbiy desak ham bo’ladi. Maktabdan kelib, darslarimni tezda qilib bo’lgach, onamga yordam bera boshlayman. Bolalar uchun internetdan turli mashg’ulotlar, hikoyalar topaman. Masalan, hozir Krilovning bir masalini hozirladim. Ular bilan ishlash qiyin emas. Grisha mashinalarni yaxshi chizadi, Lera esa odamlarni. Bolachalar gulga o’xshaydi, sug’orsang, qad ko’taradi. Men o’zim bog’chaga bormaganman”, – deydi Liza.

Shunga qaramay, Liza kelajakda tarbiyachi yoki o’qituvchi emas, dizayner bo’lmoqchi.

Oleg bolalar bilan shug’ullanmasa-da, bog’cha ishlarida rafiqasiga ko’p yordami tegadi.

“Rafiqamning fikri men uchun kutilmagan bo’ldi. Bundan biror narsa chiqishiga ishonch yo’q edi, chunki oldin hech birimiz biznes bilan shug’ullanmaganmiz. Qo’ldan kelgancha yordam beraman. Yil oxirida soliqlarni rasmiylashtirishda yordamim tegadi. Uyni bog’chaga moslashtirish uchun zarur ta’mir ishlarini o’zim qildim”, – deydi u.

“Turmush o’rtog’im Olegning yordami katta. Nimadir olib kelib berish kerak bo’lsa yoki u-bu joyga chiqish kerak bo’lsayu, bolalar bilan o’tirgani hech kim bo’lmasa, asqatadi. Bu bir marta bo’lgan xolos, albatta, ammo yo’q demasdan ishidan javob so’ragan o’shanda. Bundan tashqari, har Yangi yil bayramlarida Oleg Qor Boboni o’ynab beradi. Hech yo’q demaydi. Rolini yodlab, qo’shiqlarni bolalar bilan aytib, ularga sovg’alar ulashadi. Qorqizni esa qizim Liza o’ynaydi”, – deydi Vika.

Bog’chadan katta daromad kelgani yo’q hali. Chunki hajmi kichkina. Kengayishga esa joy yetishmaydi. Balki kelajakda kattaroq joyga chiqarmiz, deydi Vika.

“Bu ishning moddiy tomonidan tashqari ma’naviy foydasi ham bor. Ertalabdan shu bolachalarni ko’rib ko’nglim ko’tariladi. Bu ish orqali hayotimda muvozanatni topa bildim. Bog’chadagi bolalarning ota-onalari ajoyib. Ajoyib ota-onalarning farzandlari ham, tabiiyki, ajoyib bo’ladi. Til topisha olamiz”.

Rus maktablarida o’qishga talab kattaroq. Amerikacha bog’chalarda vaqtichog’lik ko’proq, bizda esa akademik, deydi Vika.

Bu biznesni boshlashdan oldin litsenziyani qo’lga kiritish, ta’lim, tibbiyot sohalarida ma’lumot olish kerak. Har yili 12 soatlik malaka oshirish kurslaridan o’tish talab qilinadi.

Bir yilda bir marta inspeksiya o’tkaziladi – bog’chani e’lon qilmasdan kelib tekshirishadi. Talablarga javob bermasa, darrov yopishadi. Xavfsizlik normalari, oziq-ovqat tarkibi va sifatiga qarashadi. Kitob, o’yinchoqlar yetarli bo’lishi lozim.

“Bu ishda eng muhimi ota-onalar bilan qarama-qarshi tomonda turib qolmaslik. Aks holda o’rtadagi aloqa uzilib, vidolashishga to’g’ri keladi. Men moslashuvchan odamman. Bolalar bilan muomalada ba’zan yon beraman, ba’zan esa, kerak bo’lsa, qattiqroq turaman. Ota-onalar bilan kelishib ish qilamiz, ularni doim xabardor qilib turaman. Vazifamiz ham shu – munosib insonlarni tarbiyalash, hayotga tayyorlash, rivojlantirish, toki hayotlari oson kechsin”, – deydi Vika.

“Bu muhitga ancha ko’nikib qoldim. O’ziga yarasha noqulayliklari bor, albatta, ammo rafiqam o’zini hayotda topganidan xursandman. Bu ishning ham ma’naviy, ham moddiy foydasi bor”, – deydi Vikaning turmush o’rtog’i Oleg.

Maqolalar arxivi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *