Ha, aynan shunday, o’zga yurtda, o’zga madaniyat egalari bilan qanday masalada kelishmang, avvalo, o’sha kelishganingiz masala aslida mehmon bo’lib turganingiz mamlakat ahli qarashlarida aynan qanday tushunilishini bilib olganingiz ma’qul, aks holda…
Juda ham yomoni yangi sharoitda yangi do’st o’rniga navbatdagi dushmanni orttirishingiz, yengilrog’i esa, anchayin kulgi bo’lishingiz turgan gap. Maqtanib, gapni quruq olib qochib nima qildim, o’zga madaniyat egalari bilan aloqa qilar payt, xohlaysizmi buni, xohlamaysizmi, baribir adashasiz. Anglashilmovchilik sababi bo’lasiz va … kulgiga sabab bo’lasiz. Misol tarzida men bir-ikkita o’zim guvohi bo’lganim voqealarni hikoya qilib o’tsam. Zero muhojirlik faqat Vatan qayg’usida xo’rsinib yotishgina emas, yangi sharoitga moslashish yo’lida qiziq voqealarga o’ralashib qolish hamdir. Aynan shu kabi voqealar, gapning ochig’i biroz o’ksib qolgan qalbga nur olib kiradi. Kulasiz va harakatni sal puxtaroq qilasiz, demakki oyoqqa turish jarayoniga kirishasiz.
Voqealar misoliga to’xtalishdan avval, bir holat yuzasidan ozroq aniqlik kiritib o’tish zarur bo’lib qoldi. Gap shundaki, avvalgi muloqotimiz chog’ida, men Amerikada ayrim vatandoshlar boshqa vatandoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan xunuk holatlarga aralashib qolayotgani haqda gapirgandim. Negadir, men bu yurtda orttirganim va o’zim uchun juda ham yaqin, mehribon deb bilganim do’stlardan biri maqoladagi “adolatli” menejerlar kinoyasini biroz noto’g’ri tushunibdi. Men “adolatli” deganda chinakam ma’nodagi adolat tushunchasiga urg’u qilgandim, zinhor kimningdir ismini nazarda tutmagandim. Do’stimning (umid qilamanki, hali ham shunday deyish imkonidan mahrum qilinmadim) bu gaplarni o’zgacha qabul qilishi va alal oqibat mendan xafa bo’lishi ko’nglimni biroz og’ritdi. Bu inson (sezganingizday, uning ismi Adolat) kaminaga Amerikada bilmagani, tanib ulgurmagani ko’p masalalarda yaxshi maslahatchi sifatida ko’p yordam qilgan. Qolaversa, bir safar kaminani ehtimoliy falokatdan qutqarib qolgan. Keling, shu haqda ham gapirib beray.
Adashmasam, Facebook ijtimoiy tarmog’idagi mashvaratning birida, taniqli jurnalist, kasbdosh do’stim Odil Ro’zaliev hamyurtlarimizga murojaat qilib, “hamyurtlar, iltimos qish kunlari moshinani boshqarar chog’i, burilishga kelib qolganda, shartta tezlikni tushirishga urinmang, shunday qilganingiz uchun ham, moshinalaringiz yon tarafga og’ib ketyapti”, deb yozgan edi.
Kamina unaqa tez haydash odatim yo’q. Ammo Amerikadagi “xayvey” (bizni tushunchada shaharlararo yo’l) yo’li katta tezlikda harakatlanish SHART hisoblanadigan yo’llardan. Kamina ishdan chiqqan payt shaharni va unga yetaklovchi yo’llarni qalin qor qoplagan ekan. Moshina har on, har onda u yonga, bu yonga sirpanib ketadi deng. Ketyapmanu, ammo shu onda juda ham uyqum kelayotganini sezdim. Charchagan edim chog’i. Adashmasam, bir muddat ko’zim ilinib qolgan ekan, aynan o’sha payt, do’stim Adolatxon telefon qilib qoldi. Telefon blutuz (gapning ochig’i, o’zbekchada buni qanday atashni bilmadim) orqali moshinaning ovoz chiqargichlariga ulangan edi. Qo’ng’iroq qanchalar shovqin ko’targanini tasavvur qilavering.
Uyg’onib ketdim va do’stimga “yaxshiyam telefon qildingiz, aks holda do’stdan ayrilib qolardingiz”, dedim. Nega unday deganimning sababini ham aytdim. Ozroq gaplashgach, xayrlashdik va men yo’lda davom etdim. Hech qancha o’tmay yana qo’ng’iroq bo’ldi: “Xavotirlandim, uyingizga yetib qoldingizmi”, deb so’radi. Uni tinchlantirish uchun yetvoldim dedim. Ishonmaysiz, o’n daqiqa o’tmay yana qo’ng’iroq qildi… Bir narsada ikkilanib qolsam, albatta, unga qo’ng’iroq qilaman, nimadandir ranjib turgan bo’lsam, xuddi sezganday telefon qilib ko’nglimni ko’taradi. U ham menejer. Pok inson, qalbi toza inson. Juda ham yaxshi ko’raman uni! Ko’p hollarda xodimlarining yumushi chiqib qolsa yoki ishga chiqolmasa, o’zi ishlaydi. Xodimlar arzlansa aybdorday muammolarini hal qilishga urinadi. Shunday bo’lib qolgani uchun ulardan uzr so’raydi. Hal qilgach esa ular bilan birga xursand bo’ladi. Juda ham yaxshi inson. Do’stim gumonga bormang, siz g’ururlanishga arzirli vatandoshlardan. Unutmang, men sizni juda ham hurmat qilaman va hatto yaxshi ko’raman!!!
Demak, mavzuga qaytsam. Amerikada eng ommaviylashgan narsa bu… yo’q yaxshisi ommaviylashgan narsalardan biri, bu “barbecue” uyushtirish. Barbekyu, bu biror hayvon go’shtini, ba’zan butun holicha, ba’zan burdalangan, ba’zan esa qiymalangan holida dudlash, pastroq olovda kuydirib pishirishdir. Bizda O’zbekiston janubida urf bo’lgan tandir kabob, barbekyuga juda ham o’xshaydi. Ammo bizdagidan farqli amerikaliklar go’shtni tandirda emas, maxsus qilingan temir qutichalarda dimlashadi. Amerikada yana bir alohida ko’zga tashlanadigan narsa, bu kiyiklar. Boshqa mamlakatlardan farqli bu erda kiyiklar maxsus qo’riqxonalarda emas, shundoq yonginangizda yashaydi, ba’zan tomorqangizni payvand qilib ketadi. Shu bois ham eng ko’p avtohalokatlar aybdorlari ham kiyiklar bo’lib chiqadi. Darvoqe, Amerika kinolari orqali buni yaxshi bilasiz. Bir kuni yon qo’shnim, “ertaga tushlikka yaqin biznikiga kel, kiyikni dudlayman”, deb qoldi. Gap yo’q. O’zimizdagi odat bo’yicha borar joyga ul bul olvoldim. Onajon somsa pishirib beruvdilar. Meva, ichimliklar. Tushlik payti qo’shnini eshigini qoqdim, biz keldik…
Xullas, qo’shnim hayron. Men ham. Sekingina barbecue dedim jilmayibgina. Qo’shnim mutlaqo anqayib qoldi. Kecha shunday gap bo’lgandi, dedim. Nihoyat eslaganday bo’ldi-da, kechirasan qilmaydigan bo’ldim, kiyik otolmadim, boshqa safar kelaqol dediyu, ichkari kirib ketdi. Shu joyida bir daqiqaga O’zbekistonda shunday vaziyatni tasavvur qiling-da. Mutlaqo bo’lishi mumkinmas narsa, to’g’rimi? Boring, ana shunday bo’lgan holda ham, bordi-yu bo’lib qolsa deyman-da, qo’shni sho’rlik ming bor uzr so’rab, juda bo’lmaganda yarim kilolik guruchga osh damlab, mehmon qilib chiqarvoradi. Amerikada, o’sha qo’shnimning qisqa tushuntirishiga, “ee, shundaymi, ha mayli, kelasi safar unda”, deb hech qanday mayda-chuyda fikr va shubhalarsiz ketaverishingiz kerak. Bu juda ham normal holat. O’sha paytda-ku, men bu normal holatligini bilmaganman. Turibman hayron, bir qo’lda somsaga liq to’la lagan, ikkinchisida esa meva va ichimliklar solingan paket. Nima dedi? Kiyik otolmadim bugun dedimi? Uyimiz ortidagi tepalikda o’tlab yurgan kiyiklarga qarab yuragim zirqirab ketdi. Nima keragi bor otib?..
Amerikada orttirganim yana bir do’stim Anvarjon uyiga, O’zbekistonga ketdi. Bizdan farqli do’stlar Vatanga borib kelishadi. Odamning havasini keltirib. Xullas, uyiga ketdi. Ketar chog’i, nisbatan yangi Toyota moshinasini biznikiga qo’yib ketdi. Ba’zan yurgizib turish sharti bilan. Bir-ikki marta yurgizdim ham, axir aytildi-ku deb. Uchinchi safar yurgizib, bir joyda yo’l chetida turgan edim, orqadan “g’iiyiiq” degan tovush eshitildi va… moshina chunonam silkindi, yarmi yo’q bo’lib ketdi-yov deb o’yladim, hatto. Odamlar politsiya chaqirishdi. Keldi. Ha, aytgancha undan oldin, negadir tez yordam keldi. Omonligimga ishonch hosil qilib ketdi. Keyin politsiya xodimi keldi. Yo’g’on. Maykl Jordan uning oldida ko’rimsiz bo’lib qoladi. O’zimcha bir amallab bo’lgan voqeani tushuntiryapman: “o’tiruvdim, birdan g’iiyq deb…”, politsiyachi nuqul kuladi, deng. Nega kulyapsiz, deb so’rasam, “qo’rqib ketgandirsan”, dedi. Ha, chindan ham rosa kulgili, deb o’yladim. Moshina kimniki deb so’radi, do’stimniki dedim. O’zi qayoda dedi, kruizga ketgan dedim. Yana kulishga tushdi. Bu safar negaligini so’rasam, “syurpriz tayyorlab qo’yibsanda”, dedi.
Uni gapirib kuldi, buni gapirib kuldi. Axiyri, meni ham shumligim tutdi, yana ham kulgiliroq bir gapni aytaymi, dedim politsiyachiga. Mayli degan edi, “moshina egasi nafaqat do’stim, u meni supervayzerim ham”, dedim. Politsiyachining kulgisidan, nazarimda o’sha kuni osmonda uchayotgan, o’sha hududga adashib uchib kelib qolgan va umuman shu hududdan uchib o’tsammikin deb o’ylanayotgan hamma chumchuqlar osmonni bo’m bo’sh qilib qo’ydi. Tasavvur qiling, bahaybat mavjudot “vax-xa-xa-xa”, deb kulishini. Aytgancha, supervayzer degani, boshliq, ish boshqaruvchi, bevosita rahbar degani. Kulgidan to’xtagan politsiyachi, “xafa bo’lmayu, syurprizingni ko’rgach, supervayzering ham senga syurpriz qiladi”, deb yana kulishga tushdi. Bir muddat o’zimizda, shunday voqea bo’lib qolsa, yo’l harakati xavfsizligi xodimlarining muomalasini tassavur qildim. Har qalay, bunaqa kulib o’tirishmas-ov. Aytgancha, moshinani “syurpriz” qilgan shumtaka, ahvolni ko’rgach katta tezlikda qochib ketdi. Politsiyachini tabiiy bu hol ham ancha kuldirdi. Ammo topishga va’da qildi. To’rt oydirki qidirishyapti. Bunisi o’zimizdagiday…
Qaysidir bayramga uyda kabob (shashlik) pishirib ishxonaga olib bordim. Mahalliy yoshi kattaroq ayol, yana bir ikki yigitlar bor edi. Ishxonaga kirasolib “uzbekskiy barbekyu olib keldim”, dedim. Yigitlar ham, ayol ham qo’limdagi nihoyatda mo’jazgina, yo’q, yana ham aniqrog’i juda ham ixchamgina sumkaga qarab, “ou riili?” (rostdanmi?), deyishdi. Bo’lmasachi. Sal avvalroq aytganimday, Amerikadagi barbekyuning razmeri sal boshqacharoqligi mutlaqo esimdan chiqipti. Paketdan ikkita uy noni orasiga bosilgan kabobni olib, o’rtaga qo’ydim, “qani, marhamat pliz”, dedim. Avval ayol, keyin boyagi ikki yigit rosa kulishdi. Anavi politsiyachi avlodidanmi bular, deb o’yladim hatto. Barbekyumish, deyishganida kulgilari sababini bildim. “Sori, ammo bizda shunaqa barbekyular”, dedim. “Go’sht kammi?”, deyishdi. Jahlim chiqdi, “ha, tagi ko’rinib qolgan, shu uchun ekonom qilib, shunaqa kamroq yeydigan bo’lganmiz”, dedim. U yog’iga Anvarjon o’zi tushuntirvordi. Bilishimcha, tushunishdi, har qalay uzr so’rashdiyu.
Juda ko’p uchragan narsa, bu aksar men kabi inglizchasi haminqadar bo’lgan vatandoshlar, har narsaga nuqul “ess”, deb javob qilishadi. Amerikalik suhbatdoshi nima demasin javob “ess”. Omonmisan, “ess”, kuning yaxshimi, “ess”, otingni yana eslatvor, “ess”, gapimni tushunmading shekilli, “ess”, isming esimdan chiqipti degan edim, “ess”. Bunday holatda amerikaliklar o’zlari ham ko’p takrorlaydigan ibora bor, ya’ni “okey”. Gapiradi, gapiradi, tushunmaganingizni, har narsaga nuqul “ess”, deyaverganingizni ko’rgach, ular ham qisqagina “a, okey”, deb nari ketishadi. Bu qurg’ur, o’sha qisqagina “okey”da bir dunyo ma’no bor-da. U sho’rlik ma’nosida ham aytilishi mumkin, g’irt gap uqmas ekansan degan ma’noda ham, “e, bor-e”, degan ma’noda aytilgan bo’lishi ham mumkin. Bir amerikalik mijoz, unga xizmat ko’rsatayotgan o’zbekistonlikdan “qaerdansan”, deb so’rab qoldi. Vatandosh, yashayotgan mahallasini nomini aytdi. Aytganda ham chunonam buzib aytdiki, natijada amerikalik mijoz shunaqa davlat bor shekilli, degan gumonga bordi va “vauv, okey”, deb javob qildi. Men o’zimcha vatandoshning hatosini to’g’rilaganday bo’lib, O’zbekistondan dedim. Yana o’sha javob, “ou, vauv, okey”. Bilasanmi u erni deb so’radim, javob mutlaqo zo’r bo’ldi, “nou”.
Bir tanishimni qo’shni shtatga kuzatar chog’i aeroportning mumkinmas joyiga moshinani qo’yib ichkari kirib ketibman. Chiqsam, jarima chiptasi turipti. Ko’pni ko’rib qo’ygan vatandoshlar, “noroziman”, deb yozib chiptada ko’rsatilgan manzilga jo’natvorishni maslahat berishdi. Jo’natvordim. Sud belgilandi. Sudya, “nechun norozisiz?”, deb so’radi. Uch marta og’izni ochdimu, o’zbekcha yoki ruschadagi kabi sayravorardimu, ammo inglizchada nima desam ekan, degan hayol bilan og’izni qayta yopdim. Bunday mahkama payti unda sizga jarima yozib ketgan politsiyachining boshliqlari ham o’tiradi. O’sha politsiyachilardan biri, “qaerdansiz?”, deb so’radi, “O’zbekistondan”, dedim. O’sha mashhur javob, “aaa, okey”. Sudya kutilmaganda O’zbekistonni bilishini aytib qoldi, “bilaman, u Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkmanistonni yonida, to’g’rimi?”, dedi. “Yess ser”, dedim. Politsiyachi esa, “nimaydi ular?”, deb sudyaga murojaat qildi, “qaysilar?”, dedi sudya, “qazaqsteyn, jajikisteyn, kirgi… vorever?”, dedi politsiyachi. Sudya, ko’zoynagini yechib, bir politsiyachiga, bir menga qaradida, jarimani qisqartirib berishni aytib mahkamaga yakun yasadi.
Umuman aytib o’tish joiz, avtomobildan ko’ra Amerikada avtobusda yurgan yaxshiroq. Tinchroq. Mashinada ishga borayotganda ham, qaytayotganda ham albatta ikki yoki uch marta asabiylashvolasiz. Amerikaliklar o’ta bamaylixotir insonlar. Ayrimlari. Ayrimlari esa o’tib ketgan darajada o’zbekona aytganda nagliy. Eng ko’p uchraydigan narsa bu traffik, mashinalar tirband payt. Ana shunda, oldingizda turgan haydovchi olijanoblik qilib nuqul boshqa qatordagi mashinalarni o’tkazaveradi, boshqa qatordagilar esa aytganimday nagliylik qilib olijanob haydovchining olijanobligini suiiste’mol qilaveradi. Bordiyu Toshkentdagi odatga ko’ra “bib-biiyyib”, qilsangiz, hamma, absolyut hamma, oldidagi, yondagi va hatto orqadagilar sizga osmondan tushgan “uchar likop” sohibiga qaraganday qarashadi. Sababi, Amerikada o’sha nazarda tutganim “bib-biiyyib” faqatgina “emerjensi”, ya’ni favqulodda holatlarda ishlatiladi. Boshqa payt umid chiroqlardan. Ta’siri kamroq, ammo boshqa ilojingiz ham yo’q. Aks holda “qarashlarga” sabr qilishingizga to’g’ri keladi. Endi bordiyu, anavinaqa shovvozlar sizni yo’lingiz shart kesib qatoringizga kirib qolsa, va siz “bib-biiyyib”mi, boshqa ishorami qilsangiz, yana o’sha “qarashlarga” duchor bo’lsaiz yoki shovvozning “vayt?” degan hayratini ko’rasiz. Chunonam to’yganman o’sha “vayt”lardan, “vayt?” desa, “ortinga qayt”, deb baqiraman.
Amerikaliklar hech qachon o’zini noqulay ahvolga tushganini ko’rsatmaydi. Nazarimda bu ibrat olishga arzirli odat. Masalan, bir narsani bilishmasa, amerikaliklar ikkilanib ham, xijolat bo’lib ham o’tirmaydi. Shartta javob qaytaraveradi. Ularning baxtiga “regular”, degan ibora bor. Tamom. Pishloq xohlaydi, qaysinisidan desangiz tamom, o’sha javob “regular”. Demak o’zingiz o’sha “regular”ni aniqlab, topib, taomga joylab qo’yishingiz kerak. Masalan Sabveyda to’rt hil non bor, ba’zan tajriba tarzida beshinchi hil non ham bo’lib turadi. Taom xohlab kelgan odamdan, dastlab qaysi taomni ihtiyor etgani so’ralgach, tabiiy savol yo’llanadi, “qaysi nonni xohlaysiz?”. Nonlarning turi bilan u qadar tanish bo’lmagan amerikalik, uzoq o’ylanmay “regular”, deb javob qiladi. Nonushta payti ikki hil tuxum taklif qilinadi, oq va sariq. Qaysinisini istaysiz, javob o’sha “regular”. Bir kuni shu qurg’ur regularlardan charchab turgan edim, mijoz kirib, “xay, xavayu duin?”, deb qoldi, og’zimdan “regular” otilib chiqdi. “Vat?” dedi mijoz, e xazillashdim deyman deb og’iz ochdimu, bu qurg’ur inglizchada qanday aytilishi bilmasligim esimga tushib, “natsing”, deb qutildim.
Aytgancha, amerikaliklar bilan hazillashish juda ham qiyin. To’g’rirog’I, ularga xos hazillashish kerak, aks holda xazilingiz siz uchun bosh og’riq bo’lishi mumkin. Bir kuni juda ham gavdalik, aniqrog’i juda, juda gavdalik, o’nta gavdalikning bitta qilingani kirib keldi. Rosa taomlar ro’yxatini tomosha qildi. Har safar u yoki bu taomni o’qigan payt, lablarini yalayvergani uchun, “hammasini eb chiqding-ov”, dedim. Xazillashib. Mijoz, “votsap?” dedi. Qarasam, xazilim mutlaqo kor qilmagan. “Biron narsa tanladingizmi ser?”, dedim shoshilib. Mijoz yana taomlar ro’yxatiga qarab, “tri inch” sendvich tanladi. Aytgancha Sabveydagi nonlarning uch xil o’lchovi bor, “futlong” yoki “tvelv inch”, “xev” yoki “siks inch” va “smolvon” yoki “tri inch”. “Tvelv inch” o’zbekchaga “o’n ikki qarich” bo’ladi, “siks inch” olti qarich, “tri inch” uch qarich. O’zbekcha qarichmas albatta, aks holda unday nonni yopishga “tandir” topilmaydi. Amerikacha juda kichkina qarich. “Tri inch”ning kattaligi nari borsa 5 santimetr chiqar. Mijozga qarab, “tri inch?”, dedim va gavdasiga ishora qilib, “tu mach tri inches meybi?”, dedim kulib Mijoz miq etmadi. “Okey”, dedimu uchqarich sendvich qilib berdim.
Xullas, muloqotimizdan anglaganingizday, amerikaliklar nimagadir kelishishsa va o’sha narsa o’xshamay qolsa xijolat bo’lib sizning oldingizda o’zini oqlashga urinmaydi. Gapni ochig’ini aytadiyu, shartta masalani yopadi qo’yadi. O’zingizning milliy urflaringizga amerikacha nom bersangiz tushunishmaydi va sizni amerikacha urfni noto’g’ri qilganlik farazi bilan kulguga olishadi. Amerikaliklar hech qachon, nimanidir so’rashsa, so’ragan o’sha nimadir borasida (agar o’sha nimadir ularga notanishligini sezishsa) batafsil ma’lumot so’rab o’tirmaydi. Bilmaganlari uchun boshini qotirish shart emas deb hisoblashadi va shu uchun aytib o’tganim mashhur iborani ishlatishadi. Ya’ni “a, okey”. Hech qachon amerikalik biror narsani so’raganda, qanday qilib, qaysi ko’rinishda degan savolingizga, “masalan anavini olib, manavinga joylaginda, unisi bilan mana bu tarzda shartta bunday qilgin”, demaydi, aksincha qisqa qilib “regular”, deb qo’yaqoladi. Va nihoyat amerikaliklar hech qachon salomdan so’ng, bizdagi kabi bola chaqa yaxshimi, otangiz omonmi, uylar tinchmi, qarang falon narsani narhi oshib ketipti, falonchi falonchini undoq qivoripti va xokazo deb o’tirmaydi. Faqat salom, ko’rganimdan xursandman, tamom. U yog’iga bir soat yonma yon tursa ham “g’iring” deyishmaydi.
Ana shunaqa gaplar. Suhbatlashib turaylik.
Husniddin
One response to “Yaxshisi, avval bilib oling”
Raxmat Husniddin aka! Maza qilib o’qidim.
Ayniqsa Subway-dagi “tu mach tri inches meybi?” odamni roza kuldirdi! Qiziqshi bo’lib keting.