Atigi bir necha oy muqaddam telegram tarmogʻida “Xayriya.uz” deb nomlangan guruh tashkil etildi. Dunyoni karaxt qilib qoʻygan virus paydo boʻlishidan ancha oldin. Guruh asoschilaridan biri, hozirda AQShning Sietl shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz Farhod Sulton. Dastlab guruh oldiga kichik vazifa qoʻyildi, yaʼni Toshkent viloyatidagi bir nechta oilaga yordam qoʻlini choʻzish. Bugungi, vabo davrida oʻrnatilgan miqdordan ancha kichik boʻlgan miqdor belgilandi. Shu miqdorni yigʻish kerak edi xolos. Yarim soat oʻtar oʻtmas guruh maʼmuri miqdor yigʻilganini aytib, gʻazna yopilganini maʼlum qildi. Yana ikki kun oʻtib, Toshkent viloyatidan harid qilingan mahsulot haqida hisobot keldi, bir necha soat oʻtgach, xonadonlarga tarqatilgani haqidagi hisobot keldi. Bir hafta oʻtib guruh maʼmuri gʻazna yana ochilganini maʼlum qildi, miqdor yigʻildi, gʻazna yopildi, mahsulot haqidagi hisobot, uning ortidan esa tarqatilgani haqidagi hisobot keldi.
Ayni shu tadbir aytib oʻtganimday bir necha oydan beri davom etib keladi. Har hafta. U paytlar hatto Xitoyda ham virus haqida hech gap yoʻq edi. Bugun xayriya ishlari avjida. Deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqda navbatdagi xayriya yoki ehsonlar haqida foto hisobotlarni koʻrish mumkin. Davlat idoralari tomonidan uyushtirilganini ham, xususiy shaxslar tarafidan uyushtirilganini ham. Lekin eslaganim guruhning biror joyda foto hisoboti ham chiqmadi, ovoza ham boʻlmadi. “Xayriya.uz” guruhi haqida sahifadagi maʼlumotga koʻra, unda atigi 37 aʼzo bor, ularning maʼlum qismi Toshkentda xayriya yigʻimini qabul qiluvchi, harid qiluvchi va tarqatuvchilar boʻlsa, qolgani oʻsha kerakli miqdorni yigʻib beruvchilar. Miqdor hozir ham, koronavirusdan soʻng ayrim xayriya yigʻuvchilar tarafidan eʼlon qilinayotgan miqdorlardan ancha oz, ammo natijasi ayon.
AQSh garchi dunyoviylikni daʼvo qilsada aslida oʻta nasroniy, aniqrogʻi oʻta dindor mamlakatdir. Shu bois mamlakatning bugun deyarli dunyoni zabt qilgan valyutasida ham “Biz Xudoga ishonamiz” deb yozilgan. Ayrim shtatlardagi, ayrim shaharlarda diniy tarbiya ustunligi bois, bugun Oʻzbekiston va yoki dunyoning boshqa burchlarida namoyish qilinuvchi Xollivud filmlaridagi mundayroq sahnalar kesib tashlanadi. Ha, aynan kesib tashlanadi. Qahramonlarning boʻsa almashuvini ham koʻrish amrimahol. Diniy tarbiyaga zid. Din aralashmagan va oʻz taʼsirini oʻtkazmagan soha deyarli yoʻq desa ham boʻladi. “Amerika Ovozi” oʻz bloglarida avval xabar qilganiday, deyarli har bir mahalla boshida, har bir universitet va yoki maktab yonida albatta cherkov boʻladi. Shu bois bugun Amerikada istiqomat qiluvchi istagan oʻzbek oilasidagi maktab oʻquvchisidan soʻrasangiz, sizga nasroniylar diniga oid anʼanalar haqida batafsil gapirib berishi mumkin.
Diniy tashkilotlar mamlakatga kirib keluvchi har bir millat va xalq egalarini birinchilardan boʻlib kutib oladi va ilk yordamni ham aynan mana shu tashkilotlar oʻz zimmasiga oladi. Ana shu yordamlarning eng keng yoyilgani bu EHSON. AQShda davlat tarafidan diniy tashkilotlardagi kabi ehson ololmaysiz. Davlat nimadir ehson qilishdan oldin insonni obdon taftish qiladi, baʼzan hamiyatingizga tegib ketuvchi savollar beradi. Diniy tashkilotlar esa aksincha, yordam kerakligini bilgani zahoti harakatga tushadi, yagona savoli, oiladagi insonlar miqdori. Yillar davomida shakllangan ana shu odat bora-bora oddiy amerikaliklar tarafidan ham oʻzlashtirila boshlandi. Shu bois bugun Amerikada deyarli har bir yirik savdo markazlari, oʻyingohlar, hayriya tashkilotlari oldida ehson kutilarini koʻrish mumkin. Ularda kiyimlar uchun, oyoq kiyimlari uchun deb yozib qoʻyiladi.
Amerikaliklar orasida urchigan odatlardan biri, ular hech qachon, deyarli hech qachon deyish toʻgʻriroq, ehsonni namoyishkorona qilmaydi. Tilga olganimiz qutilarga kun davomida kimdir nimadir solayotganini koʻrmaysiz. Ammo tungi payt shu tarafga yoʻlingiz tushsa, har bir quti yonida oʻnlab tselofan qoplar turganini koʻrasiz, har birida, ehson uchun deb yozilgan boʻladi. Ana shunday ehson qutilari boʻyicha eng mashhur tashkilot bu The Salvation Army (Najot armiyasi) nasroniy xayriya tashkilotidir. Asli 1865 yili Buyuk Britaniyada asos solingan tashkilot bugun butun dunyoga mashhur. Pitsburgda bundan tashqari uch-toʻrtta yirik oziq-ovqat tarqatuvchi nasroniy tashkilotlar ham bor, ular har haftaning maʼlum kunida shaharning u yoki bu hududida kam taʼminlangan oilalar uchun tekinga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatadi.
Qochqinlarga uy joy, uy uchun kerakli jihozlar yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi xayriya tashkilotlarining aksari ham nasroniy diniy tashkilotlar. Diniy boʻlmagan xayriya tashkilotlari deyarli yoʻq hisob. Boʻlsa ham juda kam. Mana shu joyida ikki ogʻiz, oziq-ovqat mahsulotlari haqida toʻxtalsam. Zero bugun Oʻzbekistonda aynan mana shu masalada juda ham koʻp eʼtirozli chiqishlar yangramoqda. Dastlab eslatib oʻtish joiz, oziq-ovqat mahsulotlarini, shu bilan birga tekinga ovqat yetkazib berish, ochlarning qornini toʻygʻazish, uysizlarga sovuq va yomgʻirli kunlarda vaqtincha boshpana tavsiya etish ishlari bilan ham asosan nasroniy diniy tashkilotlar shugʻullanadi, davlat tashkilotlari deyarli shugʻullanmaydi. Davlat faqat… keling bu haqda biroz keyinroq. Dastlab oziq-ovqat mahsulotlari haqda.
Oziq-ovqat mahsulotlari odatda u yoki bu oiladagi insonlar miqdoriga qarab taqsimlanadi. Bugungi virusli sharoitda, insonlar bir joyda yigʻilmasliklari, bir bino ichida yonma-yon turib qolmasliklari (zero bu ijtimoiy masofa tartibiga zid – muallif) uchun, oziq-ovqat uchun kelganlar tashqarida, oʻz mashinalarida qoladi va ularga mahsulotlar roʻyxati beriladi. Kaminaga bir amerikalikning tushuntirib berishicha, soʻrovchi shaxs ana shu roʻyxatdan oʻziga kerak boʻlgan mahsulotlarni tanlab, belgilab chiqadi va roʻyxatni tashkilot xodimlariga qaytaradi. Birozdan soʻng, tashkilot xodimlari soʻralgan mahsulotlar ortilgan aravachani olib kelib, mashinaga solib beradi.
Demak, odatda oziq-ovqatlar quyidagicha beriladi: 5 kilogramm kartoshka, 4 kilogramm piyoz, 4 kilogramm sabzi, 5 kg. olma, 5 kg. nok, 5 kilogrammdan mandarin va apelsin, banan, odatda 5 yoki 6 dona. Soʻngra, bir kilogrammdan guruch, lovlagi, 1 pachka makaron, 10 yoki 20 dona tuxum va bir dunyo konservalar. Tovuq goʻshti yoki mol goʻshti, baʼzan choʻchka goʻshti, baliq. Bularning miqdori odatda bir kilogrammdan oshmaydi. Bu koʻproq amerikaliklar uchun odatiy miqdor boʻlgani uchun ham shunday taqsimlanadi. Ikki dona baton noni, toʻrgʻalgan non, shirinliklar va ayrim hollarda 20 yoki 25 dollarlik plastik karta. Odatda bu kartalar u yoki bu oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonga tegishli boʻladi, siz oʻsha doʻkonga borib, kartadagi summaga yarasha oziq-ovqat mahsuloti va yoki mayishiy boshqa mahsulotlar sotib olishingiz mumkin. Mana shu bir haftalik oziq-ovqat. Bir haftadan soʻng yana borib, yangisini olishingiz mumkin.
Yillab ana shu usulda kun kechiruvchi amerikaliklar bor. Mahsulotlarning sifati haqida odatda baxs qilinmaydi. Amerikaliklar uchun bu oʻta uyatli ish hisoblanadi. Nega bunisi kam, anavisi koʻp degan iddaolar ham qilinmaydi, uyat axir. Mana bu miqdorda, mana bularni oldim deb ovoza qilish odati ham yoʻq amerikaliklarda. Va eng muhimi, ana shu xayriya qiluvchi tashkilotlarning hech qaysisi, xayriya jarayonini video yoki suratga olmaydi, insonlarning bu tarzdagi hayotini oshkor qilish ham Amerikada oʻta uyatli ish hisoblanadi. Baʼzan bu kabi harakatlar jinoyat ishi uchun sabab boʻlishi ham mumkin.
Davlat tarafidan berilajak yordam, odatda jiddiy taftish va surishtiruvdan soʻng boʻladi, odatda bunday taftishga chidab beruvchilar juda kam topiladi, ana shu kamlarning asosiy qismini ham odatda qora tanli amerikaliklar tashkil etadi. Taftish natijasiga qarab, oiladagi insonlar soni inobatga olingan holda insonlarga xalq tili bilan aytganda Food Stamps (oziq-ovqat chiptasi deb olamiz – muallif), davlat iborasida esa SNAP- The Supplemental Nutrition Assistance Program ( Oziq-ovqat boʻyicha qoʻshimcha yordam dasturi) deb ataluvchi yordam ajratiladi. Bu yordam ham plastik karta koʻrinishida beriladi, davlat har oyda bir marta (baʼzan ikki marta – muallif) bu kartaga maʼlum miqdordja pul qoʻyadi va odamlar ana shu pulga oziq-ovqat mahsulotlari sotib oladi.
Alohida eslatish joiz, bu pul oʻzga maqsadlarda sarflanishining imkoni yoʻq, oziq-ovqat mahsulotlari ham pishmagan, xom mahsulot boʻlmogʻi shart. Bundan tashqari davlat tarafidan Cash Assistance (Moddiy yordam) dasturi ham tavsiya etiladi va bu holda oiladagi insonlar sonidan kelib chiqib, davlat tarafidan har oyda insonlar bankdagi hisob raqamiga maʼlum miqdorda pul tushirib beriladi. Bu summa oilaning barcha ehtiyojlariga sarflanishi mumkin. Ammo, moddiy yordamning ham oziq-ovqat boʻyicha qoʻshimcha yordamning ham oʻziga yarasha shartlari bor. U uzoq muddat davomli taqdim etiluvchi yordam emas. Bunday yordamga lozim topilgan shaxs va yoki shaxslarga zudlikda ish topish va ishga chiqish sharti qoʻyiladi va eng asosiysi oʻzingiz ish topishni eplay olmasangiz, u holda davlatning yana bir dasturi avtomatik tarzda ishga tushadi va sizga ish topib beradi.
Faqat bu holda siz bu ishning qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, uni qabul qilishga majbur boʻlasiz, aks holda moddiy yordam qayta undirib olinishi mumkin va yoki barcha yordam toʻxtatib qoʻyiladi. Shu bois ham insonlar davlatdan koʻra, diniy tashkilotlar yordamiga koʻproq murojaat qiladi, zero diniy tashkilotlar sizga hech bir shartsiz yordam koʻrsatadi. Aslida bu odat koʻproq musulmon davlatlarda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan bolmogʻi lozim edi, zero aynan Islomda ehson va xayriya masalasi oʻta muhim va birlamchi masala oʻlaroq taʼqidlangan. Ammo…
Suhbat avvalida bir guruh vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan “Xayriya.uz” guruhi haqida toʻxtalib oʻtdim. Sababi, bu guruh dastlab oʻz oldiga qoʻygan maqsadi boʻyicha xayriya yigʻimini davom ettirib kelyapti va shu kunga qadar bu guruh tarafidan amalga oshirilgan ehsonlar borasida biror eʼtirozli chiqish uchramadi. Hayriya qilishni istagan oʻzbeklarning ham azaliy, ham diniy odatiga binoan hech bir soʻzsiz, ovozasiz amalga oshiraveradi. Zero asosiy maqsad yordam. Ehsonga muhtoj insonlar ham berilganiga qanoat qiladi, zero xalqimiz aytmoqchi “berilgan otning tishiga qaralmaydi”…
Husniddin Qutbiddinov
Pitsburg, Pensilvaniya shtati