2020-yil aprelidan beri Amerikaning Virjiniya shtatida joylashgan bir sex dizaynerlik suzish kiyimlarini ishlab chiqarishni to’xtatib, niqoblar va tibbiy kiyim tayyorlashga o’tgan. Koronavirus pandemiyasi boshlanishi bilan dizayner Karla Kolettoning suzish kiyimlariga talab 75 foizga tushdi.
“Faoliyatimizni davom ettirish uchun vaziyatni o’zgartirish kerakligini tushundik. Suzish kiyimlari liniyasini to’xtatdik. Kasalxonalarda shaxsiy himoya vositalariga talab katta ekanini ko’rdik”, – deydi kompaniya vitse-prezidenti Liza Rovan.
Tez orada ular qayta ishlatiladigan niqoblar ishlab chiqarishga kirishdi – ba’zilariga mis nanozarralari qo’shilgan, chunki mis antiseptik xususiyatga ega. Bunday niqoblarni 30 martagacha yuvish mumkin.
“Niqoblarni tayyorlash jarayoni suzish kyimlarini ishlab chiqarish jarayoniga o’xshash ekanini tushundik. Ko’p usul va tarkibiy qismlar bir xil”, – deydi dizayner Karla Koletto.
Shu kungacha sex 22 mingdan oshiq nanozarrali niqob va 15 mingdan ziyod tibbiy xalat tayyorladi. Suvga chidamli maxsus qoplama ularning antiseptik xususiyatlarini bir necha kir yuvishdan so’ng ham saqlab qoladi.
“Pandemiya ko’p o’zgarishlarga sabab bo’ldi. Jihoz-uskunalarimizni ijtimoiy masofa qoidalariga muvofiqlashtirdik”, – deydi dizayner.
Natijada Karla Koletto ham biznesni saqlab qoldi, ham ishchilarini ishsizlikdan. Bugunga kelib kompaniya qator xayriya tashkilotlari va tashabbuslar bilan hamkorlik qilmoqda.
“Savdodan tushgan daromadning bir qismini xayriya qilyapmiz”, – deydi tadbirkor ayol.
Xayriya olayotgan tashkilotlardan biri 2011-yilda Yaponiyaning Fukusima shahridagi kuchli zilziladan so’ng tashkil topgan bo’lib, “Moda qizlari insoniyat uchun” deb nomlanadi. U gumanitar tashabbuslar va favqulodda xizmatlar uchun xayriya to’plashni o’ziga maqsad qilgan. Biroq COVID-19 davrida barcha harakatlar tibbiy xizmatchilarga yordam berishga qaratilgan.
“Pul to’plab, sex ishchilariga to’lashga qaror qildik, xalatlarni esa eng muhtoj kasalxonalar va tibbiy muassasalarga tarqatdik”, – deydi tashkilot asoschisi Miki Xigasa.
Karla Kolettoga ko’ra, uning kompaniyasi insonparvarlik harakatlarini susaytirmaydi, shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishda davom etadi.