Bayden kichik biznes egalariga yordam taklif etmoqda

Posted February 23rd, 2021 at 2:42 am (UTC+4)
Leave a comment

Prezident Jo Baydenning aytishicha, Amerikada kichik bizneslar iqtisodiy taraqqiyot lokomotivlari, jamoalarning yelimi, yuragi va qalbidir. Biroq koronavirus pandemiyasi oqibatida sanoat jiddiy zarar ko’rgan – shu kungacha 400 mingga yaqin kichik biznes yopilib ketdi, millionlab tadbirkorlar faoliyatini arang olib bormoqda. Bayden nazarida, asosan, qora tanli, latino va osiyolik-amerikalik jamoalarga qiyin.

AQShda kichik bizneslarga xodimlari soni 1500 dan kam bo’lgan shirkatlar kiradi. Bundaylar Amerikadagi barcha kompaniyalarning 90 foizini tashkil etadi.

Kongress kompaniyalarga xodimlariga maoshlarni to’lashiga yordam berish maqsadida maxsus dastur qabul qilgan. Bayden uning ma’muriyati “Maoshlarni himoya qilish dasturi”ni yaxshilash ustida ishlayotganini ma’lum qilarkan, Bayden ma’muriyati ish boshlaganidan beri 10 dan kam xodimi bo’lgan kompaniyalar uchun moliyaviy yordam salkam 60 foizga, qishloq rayonlarda faoliyat yurituvchi shirkatlarga salkam 30 foizga oshirilganini aytdi.

Bugun Bayden dasturga qo’shimcha tuzatishlar haqida e’lon qildi. Unga ko’ra, 24-fevraldan boshlab xodimlari soni 20 dan kam bo’lgan bizneslar va nodavlat tashkilotlar Kichik bizneslar idorasi (SBA.gov) orqali “Maoshlarni himoya qilish dasturi” doirasida kredit olishi uchun 14 kun ichida ariza berishi kerak bo’ladi. Bu yirik kompaniyalarning federal yordamni kichik shirkatlardan oldin olib qo’yishining oldini olishga qaratilgan.

Kichik bizneslar idorasi federal kredit olishga g’ov bo’lgan ayrim to’siqlarni bekor qilishi ham ma’lum bo’ldi. Masalan, yolg’iz ishlovchi tadbirkorlar – uy ta’miri bilan shug’ullanuvchi ustalar, stilistlar, mustaqil attorlar ham ushbu kreditlarga ariza berishi mumkin bo’ladi. Davlat grantlarini qaytarish shart emas.

Bayden har bir dollar maqsadga muvofiq sarflanishi uchun nazorat kuchaytirilishi haqida ham ma’lum qildi. Prezidentning aytishicha, kelajakda kichik bizneslarga qo’shimcha yordam berish ko’zda tutilgan.

Bayden ushbu rejasini “Amerikani xalos qilish rejasi” deya atamoqda va buning uchun Kongressdan 50 milliard dollar so’ralmoqda. Mustaqil hisoblarga ko’ra, ushbu reja natijasida 7 million ish o’rinlari yaratiladi.

Maqolalar arxivi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *