Rojdestvo, Yangi yil va “adolatli” menejerlar haqida

Posted January 11th, 2014 at 10:27 pm (UTC-5)
Leave a comment

1

Bayram munosabati bilan bezatilgan xonadon

Musofirchilikdagi hayot bilan bog’liq kuzatishlar va taassurotlar haqidagi suhbatimizni davom ettiramiz. Dastlab ikki og’iz, kechagina ko’pchilik davlatlar va shu qatori O’zbekistonda ham keng nishonlangan sanaga to’xtalsam. Aytib o’tish joiz, amerikaliklar uchun qish mavsumidagi eng yirik bayram bu “Christmas”, ya’ni Rojdestvo (Mavlud kuni) hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, nasorolar cherkovlarida Rojdestvo bilan oid voqealarni xotirlash an’anasi II asrdan to IV asrga qadar saqlangan, bu kunni nasoro rohiblari Xudoning namoyon bo’lishi deb sanagan. IV asrning o’rtalaridan boshlab Rojdestvoni Iyso alayhissalomning dunyoga kelish kuni sifatida nishonlash, bo’lib ham aynan 25 dekabr kuni nishonlash an’anasi paydo bo’lgan. Dunyoning bu qit’asi va ayrim Yevropa davlatlarida, shuningdek, Ukrainada Rojdestvo aynan Amerikadagi kabi 25 dekabrda nishonlansa, pravoslav davlatlar va xususan, Rossiyada Rojdestvo 7 yanvarda nishonlanadi. Xullas, amerikaliklar uchun bu juda muqaddas va albatta, oilaviy nishonlanishi shart bo’lgan bayramlardan hisoblanadi.

Aynan mana shu bayram arafasida barcha cherkovlar va diniy tashkilotlar, bular esa Amerikada juda ham ko’p, odamlarga va xususan kam ta’minlangan o’rtahol aholi vakillariga xayriya ehsonlari uyushtiradi. Ular oziq-ovqat, kiyim-kechak, turli jihozlar, bolalar uchun o’yinchoqlar tarqatishadi. Ayni shu odat, ya’ni xayriya ehsonlarini uyushtirish odati, ayrim davlat korxonalari, xizmat ko’rsatish muassasalari va kasalxonalarda ham mavjud. Garchi bu bayram aholisining aksar qismini musulmonlar tashkil etuvchi O’zbekiston uchun va ayrim Arab davlatlari uchun yot bo’lsada, lekin ehson ulashish odati, nazarimda, namuna bo’lgulik odat. Umuman aytib o’tish joizki, Amerikaning ko’p shtatlarida fuqarolarning diniy e’tiqodlari va bunga oid ayrim tartiblar butun shtat va yoki alohida shahardagi tartibga jiddiy ta’sir qiladi. Masalan Pensilvaniya aholisi nihoyat darajada dindor bo’lgani bois, bu shtatda spirtli ichimliklar faqat alohida do’konlarda sotiladi va bu do’konlar ham imkon qadar chekkaroq hududlarda joylashgan. Aholi uchun xizmat qiluvchi yirik savdo markazlarida spirtli ichimliklar uchramaydi.

Yana bir misol, ko’pchilik orasida Amerika kinolaridagi ayrim “luqma”lar ancha keng o’zlashtirib olingan. Istalgan Amerika kinosida, albatta, bitta yoki ikkita ana shunday sho’x iborani uchratasiz. Eng qizig’i, Amerikaning o’zida, ayni filmni ko’ra turib, o’sha sizning qulog’ingizga yoqimli eshitilgan iborani eshitmaysiz. Nihoyat darajada dindorlashgan shtatlarda hatto ayrim juda mashhur kinolardagi,

kinodan-da mashhurroq bo’lib ulgurgan sahnalarni ham ko’rmaysiz. Televideniye, yirik kinoteatrlar va hatto davlat idoralarida aholining diniy qarashlariga bo’lgan hurmat, ana shunday o’ziga xos “senzura”ni qo’llashga majbur qiladi. Ilk bor tanish bo’lib ulgurgan filmlarni Amerikada ko’rganimda, demak filmdagi bizga tanish bo’lib ulgurgan iboralar dublyaj payti atay qo’shilgan ekanda, degan gumonga borgan edim. Keyin bilsam gap bu yoqda ekan…

Bu yil qish qattiq keldi.

Bu yil qish qattiq keldi.

Yangi yil amerikaliklar uchun u qadar keng nishonlanadigan ulkan bayram hisoblanmaydi. To’g’ri, ayrim shtat va hatto yirik shaharlardan biri bo’lmish Nyu-Yorkda Yangi yil oqshomini ko’chada keng nishonlash, sho’x kuy-qo’shiqlar, turli o’yinlar uyushtirish odati bor, ammo bu katta qit’adagi kabi ahamiyatga ega bayram emas. Amerikada faqat 1-yanvar dam olish kuni hisoblanadi, ya’ni Yangi yilning ilk kuni sifatida. Aytgancha, Yangi yil oqshomida Toshkent va ayrim boshqa shaharlarimizdagi kabi mushakbozliklarni kuzatish ham amrimahol. Bu kabi “tantana” faqat shahar markazida qisqa muddat uyushtiriladi. O’z uyi yonida mushakbozlik uyushtiruvchilar deyarli yo’q. Amerikadagi o’zbeklar ham bu odatga ko’nikib ulgurgan, har qalay o’zbeklarga liq to’la mavzelarda ham mushakbozlik, ko’chani to’ldirib “Yangi yilingiz bilan!”, deya baralla tabriklashlarni kuzatmadim. Ammo xonadonlarda kichik tadbirlar uyushtiriladi, har qalay o’rganib qolganmiz. Ko’pchilik hatto tarmoqli televideniye yordamida O’zbekiston kanallarini topishga va O’zbekiston prezidenti tabrigini tinglashga urinadi. Odat axir.

Xullas, qish mavsumidagi asosiy bayramlar shular. Amerikada qor faqat yo’l chetida uzoqroq saqlanadi. Yo’llar yarim tundan to erta tongga qadar maxsus xizmatlar tomonidan tozalab chiqiladi. Ba’zan tuni bilan qulog’ingizni bezovta qilgan “shaqir-shuqur”lar tushingizga ham ko’chadi, faqat biroz boshqa ko’rinishda. Bu shovqin yo’llarga tuz sepib o’tayotgan maxsus mashinalardan chiqadi. Jamiki amerikaliklar singari, bu yurtda yog’adigan qor ham, o’ta “karanda”. Undan qorbo’ron uchun qo’lda “koptok”cha yasash juda qiyin. Sinib ketaveradi, yana ham xalqona qilib aytganda, “yopishmaydi”. Aytgancha, Amerikada qorbo’ron o’ynayotgan yoshlarni deyarli ko’rmaysiz. Bunga bu yurtlardagi qorning qo’lga mutlaqo “o’rganmasligi” sabab emas, shunchaki, bu yerda bunday odatning o’zi yo’qligidandir. Har narsada ehtimoliy ziyonni ko’rishga odatlangan amerikaliklar, qorbo’ronda ham insonga zarar yetkazishi mumkin bo’lgan alomatlarni ko’radi. Ya’ni, siz otgan qor, albatta, kimgadir ziyon yetkazishi va alal oqibat sizni sudga, kattaroq chiqimga, boring ana, hatto mundayroq muddatga ozodlikdan mahrum bo’lishga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, qorbo’ron nishoni qizlar yoki ayollar bo’lsa.

Bu yil, ya’ni yangi 2014-yil Amerikaning aksar qismi uchun juda sovuq keldi. Darhaqiqat, ko’pchilik sahifamiz mehmonlari bu haqda televideniye orqali yaxshi xabardor. Aytishlaricha, amerikaliklarning o’zlari ham bu qadar sovuq kunlarni uncha eslay olmaydi. Ammo kaminani mutlaqo hayron qoldirgani o’ta sovuq kunlar va amerikaliklarning bu kunlardagi holati emas, balki mahalliy hokimiyatlar va xususan shahar yoki shtat rahbarining odamlarga murojaati bo’ldi. Bo’lib ham, televideniye yoki radio va hatto bosma nashr orqali emas. Bunaqa murojaatlarga hayron bo’lmay qolganmiz, axir Amerika. Ammo shtat rahbarining fuqarolar telefonlariga qo’ng’iroq qilib, “sovuq kunlar tufayli ayrim xizmatlar ishida kamchilik sezilsa, bu uchun sizdan uzr so’rayman, agar siz yoki oila a’zoingiz uchun sovuq noqulaylik tug’dirayotgan bo’lsa, kerakli xizmatlarga murojaat qilishingiz mumkin, ularning yordami uchun to’lov olinmasligini shaxsan kafolatlayman”, deyishi mutlaqo lol qoldiruvchi holat. Axir shunday emasmi?

Endi biroz boshqa, nazarimda juda ham muhim masala haqida ikki og’iz so’z

Qaysidir bir asardami yoki kinodami, uzr, uncha eslay olmayman, bir inson musofirchilikda o’z vatandoshini uchratib qolganida naqadar hayajonga tushgani va hatto buni Yaratganning qilgan oliy in’omi o’laroq qabul qilgani esimda. Ko’pchiligimiz uchun tanish bo’lib ulgurgan gruziyalik kino ustalarining “Mimino” filmida ham bir lahza bor. Ya’ni kino bosh qahramoni chet eldagi xalqaro telefon aloqasi markaziga kirib, o’zining Telavi qishlog’i bilan aloqa o’rnatishni so’raydi. Kichik Telavi qishlog’i haqida tasavvurga ega bo’lmagan telefon aloqasi markazi xodimasi Isroilning Tel Aviv shahri bilan aloqa o’rnatadi. Tasodifni qarangki, aloqa o’rnatilgan xonadon egasi ham, bir paytlar Gruziyadan ketgan muhojir bo’lib chiqadi. Ayrim gruzin qo’shiqlari va shaharlari haqida kino bosh qahramoni bilan gaplashib yig’lab ham oladi. Esladingizmi? Vatan, vatandoshga nisbatan hurmat, har bir o’zing mansub millat egasi bilan uzoq yurtdagi hatto tasodifiy uchrashuv, aslida ana shunday kayfiyatga sabab bo’lishi kerak.

Aksar o’zbekistonliklar bilan bu yerdagi o’zaro munosabat nisbatan shu ko’rinishda. Bir-birimiz bilan uchrashsak, Vatanga oid yangiliklar, ayrim voqealar haqida gaplashamiz, ozroq xo’rsinib olamiz. Xullas, yurakni tirnab turuvchi sog’inchni sal bo’lsa-da qondiramiz. Lekin…

O’zbekistonda bundan to’rt-besh yil avval Rossiya va Qozog’istonda mehnat muhojirligida bo’lib qaytgan vatandoshlar bilan suhbat o’tkazib, ularning boshidan o’tkazganlari haqida maqola qilgan edim. Ularning ko’pchiligi juda og’ir kunlarni boshidan kechirgani va aksar hollarda bunga aynan o’z vatandoshlarimizning mutlaqo noinsoniy munosabati sabab bo’lganini aytgandi. Hozir ham, ba’zan u yoki bu OAV orqali (xorijiy albatta) o’z vatandoshlarini qullik yoki jinsiy qaramlik uchun pullayotgan vatandoshlarning ushlangani haqdagi xabarlarni uchratib, gapning ochig’i, dilim og’riydi. Shu qadar bir-birimizga nisbatan shafqatsizmiz. Afsus, Amerikada ham aynan shu kabi bo’lmasa-da, ammo shunga yaqinroq holatlarga guvoh bo’ldim.

3Avvalgi suhbatlarimizda men, aksar vatandoshlar bu yerda ilk mehnat joyi sifatida nonushtalar tayyorlovchi tamaddixonalar, xususan, Sabvey va pitsaxonalarda ishlashlari haqida aytib o’tgan edim. Ana shunday tamaddixonalarda Hindiston yoki turkiyalik ishbilarmonlar xo’jayin. Ammo ularning ish yurituvchilari va bosh menejerlari orasida o’zbek yigitlari yoki qizlari ko’p. To’g’ri, ular bu maqomga oson erishgan emas, ish egalari odatda ma’lum mavqega ko’tarishni ixtiyor etgan xodimidan javobiy qandaydir manfaat ko’rmog’i lozim. Turli manfaat. Ko’pchilik vatandoshlar o’sha javobiy manfaatni taqdim etishga tayyor. Kimdir kuchli bilimi bilan, kimdir boshqa imkoniyatlari bilan. Ajablantirgani, o’sha mavqega ko’tarilgan vatandosh, negadir, o’zi uchun qoniqarli daromadni o’z vatandoshlarini ishga yollab, ulardan beminnat foydalanish yo’li bilan orttirishga odatlangan. Va bu “manfaatlari” yo’lida har qanday usulni qo’llashga tayyor.

Aslida Amerika qonunlari bo’yicha siz bu kabi munosabat uchun tegishli idoralar yordamida tegishli huquqiy yordamni olishingiz mumkin. Ammo masalaning achinarli tomoni shundaki, g’irt firibning qurboni bo’layotgan vatandoshlar, hatto buni sezganlarida ham, ularga nisbatan bu qadar xunuk muomalada bo’lgan vatandoshlariga ziyon yetkazmaslikni o’ylashadi. Ayrimlari esa “to’polon qilsam, meni deportatsiya qildirvoradi”, deb qo’rqadi. Men shaxsan bir-ikki ana shunday, nufuzli “maqomga” ega bo’lib olgan menejerlarni bilaman. Ko’pchiligi bilan suhbatlashar chog’i, ularni g’irt farishta deysiz. Ammo ish uslubi, ularning ayni ish uslubi o’laroq u yoki bu vatandoshga yetkazilgan zararni ko’rib, gapning ochig’i, farishtalarga qiyoslaganim avvalgi taassurotimdan uyalib ketdim. Ba’zilari adolat haqida, adolatli ish taqsimoti-yu o’shanga yarasha ish haqini ta’minlash haqida og’zidan bol tomib gapirsa-da, aslida adolatni allaqachon, amerikacha aytganda, sariq sentga ham olmaydigan bo’lib qolgan.

Bir vatandosh sabveylardan biriga ishga joylashdi. Unga ishga joylashishda “jonbozlik” ko’rsatgan menejer qiz g’irt ADOLATning tirik timsoli edi. Aytish joiz, ishga joylashayotgan yigit bunga qadar ham ana shu kabi sabveylarda ikki-uch yil ishlab qo’ygan, shu bois bu tamaddixonalardagi ish mohiyati bilan yaxshi tanish edi. Ishga joylashar chog’i, ADOLATli menejer yaxshi daromad va’da qildi. Keyinchalik ishlashi kerak bo’lgan tamaddixonasini boshqasiga almashtirish evaziga yana ham yaxshiroq daromad va’da qildi. Yigit, albatta, ko’ndi, axir yaxshi daromad kimga yoqmaydi? Amerikada mavjud tartibga binoan, sizni ishga yollagan inson, ishingiz mohiyati va ehtimoliy qo’shimcha ishlar haqda oldindan tushuntirib o’tishi va kerakli ma’lumotlarni taqdim etishi SHART!

Yigit voqeasida bunday imkoniyat taqdim etilmadi. Yigit ham taqdimotni talab qilmadi, axir vatandoshga ishondi. Ammo ish davomida “adolatli, xushmuomala” menejer yigitdan obdon foydalandi. Bir-biridan bir necha o’n kilometrlarga teng sabveylar orasida ancha yugurtirdi, oyligini esa har safar bir, ba’zan ikki haftaga kechiktirib to’ladi.

E’tibor qiling, bunday “yugurtirish”lar haqida ishga yollar payt menejer churq etmagan. Boz ustiga, avvalgi va’dalarni unutgan menejer va’daga xilof ravishda kam oylik to’lay boshladi. Oxiri yigit bunday “ish” tartibidan charchab, boshqa, nisbatan yaxshiroq ishga o’tib ketdi. Xo’sh, menejer qiz, “Adolatxon” bundan xijolat bo’ldimi? Balkim yigitni qaytarishga, go’yo esidan chiqib qolgan va’dalarini tiklashga uringandir?

Yo’q! Pinagini buzmadi. Aksincha, ish beruvchiga yigitni “tuturuqsiz”, deb ayblab, yomonotliq qilishga urindi. Aytgancha, Amerikada urf bo’lgan odatga ko’ra, bir ishdan ikkinchisiga o’tar paytingiz, sizni ishga qabul qilayotgan (ikkinchi) taraf avvalgi ish joyingizdan siz haqingizda ma’lumot (xarakteristika) so’raydi. Avvalgi ish joyidan kelgan o’sha ma’lumotga yuz foiz ishonadi va o’shandan kelib chiqib qaror qabul qiladi. “Adolatli” menejer, sarson qilgan vatandoshini ish beruvchi yordamida “ishdan ogohlantirishsiz ketgani uchun yomon ma’lumot taqdim qilish” bilan qo’rqitishga ham urinibdi. Ana bo’lmasa.

Nima uchun esladim bu voqeani? Musofirchilik faqat bir mamlakatga moslashish, u yerdagi urflarda sizning shaxsiy urflaringizga ziyon yetkazmaydiganini tanlab, chiroyli hayot kechirishga urinishdan iborat emas. Musofirchilik, afsuski, har qanday qabihliklardan, shu jumladan, yana bir bor afsuski, o’z vatandoshingiz tomonidan juda ham xunuk allaqanday o’yin qurboni bo’lib qolishingiz mumkinligidan ogoh bo’lishlik hamdir. Muhojirot balkim ana shunday, o’ziga xos xiyonatlar tufayli ham ko’ngilda og’riqli iz qoldiradi, balkim uning ayrim hollarda nihoyat darajada achchiq bo’lishiga ham bu kabi qalbingizni larzaga soluvchi holatlar sababdir. Yuqorida keltirganim voqea tufayli, yana bir bor bo’lg’usi “yashil imkoniyat” sohiblarini ogohlantiraman. Amerikada sizning ham, boshqa o’n, yigirma, boring, ana ellik yillardan beri yashab kelayotgan amerikaliklar kabi malakali, qat’iy muhofazaga ega bo’lish huquqingiz bor! Ikkilanmang, u yoki bu ko’rinishdagi tahdidlardan cho’chimang! Unutmang, siz Amerikadasiz!

Ikkinchi yana bir muhim holat, avvalgi suhbatlarda aytib o’tganimday, Amerikada har qanday muammodan holi bo’lish uchun INGLIZ TILIni o’zlashtiring. Shunda siz vujudga kelgan holat borasida bevosita ish beruvchi bilan gaplashish imkoniga ega bo’lasiz va siz ish beruvchi bilan suhbatlashar chog’i, “adolatli” menejeringiz mutlaqo teskari tarjima qilib sizni yomonotliq qilishidan himoyalangan bo’lasiz! Imkon qadar ish joyni amerikaliklar ko’proq bo’lgan, menejer, ish beruvchi ham amerikalik bo’lgan joydan qidiring. Zero amerikaliklar mahalliy qonunlarga jiddiy rioya etadi va o’z korxonasi nufuzini yo’qotmaslikni afzal sanaydi.

Endi bordi-yu “vatandosh”lar qarmog’iga ilinib qolsangiz, eng avvalo, mehnat shartnomasini talab qiling, va’da qilinayotgan oylik rasman hujjatda aks ettirilishini so’rang, mehnatingiz vaqti va hududi aniq ko’rsatilishini so’rang!!!

Suhbatimiz so’ngi biroz mahzunroq chiqib qoldi. Muhojirlik ba’zan shunaqa, ko’ngilni yaralab ham turadi-da. Ammo muloqotimizning keyingi qismi, nasib qilsa, muomalalardagi rang-baranglik va dunyoqarashdagi farqning Amerikada naqadar kulgili holatlarga sabab bo’lishi haqida bo’ladi. Aniq misollari bilan. Sahifamizni kuzatib boring.

Husniddin

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

January 2014
M T W T F S S
« Dec   Apr »
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031