Shukronalik kuni tarixiga nazar

Posted November 24th, 2017 at 11:33 am (UTC-5)
Leave a comment

Shukronalik kuni garchi avvalgi maqomini deyarli yo’qotib ulgurgan bo`lsa-da, uning asosiy tartiblaridan biri, bayramni, albatta, oilaning barcha a`zolari bilan barobar nishonlash hanuzgacha saqlanib qolgan. Aslida shukronalik dasturxonini tuzash an`anasi haqida bugun amerikaliklar orasida turli taxminlar yashaydi. Ularning barchasi aslida o`z holicha qiziq, ammo haqqoniy tarixga aloqasi yo`q. Bayramning diniy maqomi ham aslida haqiqatdan biroz uzoq. Aslida Shukronalik kuni u yoki bu dinga mansub an`ana yoki ibodat emas, ammo bu bayramning asosiy maqsadi shubhasiz barakotlar yog`dirib, mo`l hosil bergan Yaratuvchiga sidqidildan shukr aytish. Garchi bayramning, yana ham to`g`rirog`i uzoq yillardan beri yashab kelayotgan bu urfning asosiy maqsadi deyarli unutilib bayram ko`proq ko`ngil ochar davra yig`inlariga aylanib ulgurgan bo`lsa-da, Amerikaning ayrim shtatlarida uning azaliy an`analari saqlanib qolgan.

Shukronalik dasturxonini yozish urfi 1620-yilga borib taqaladi. Dastlab qisqa eslatma, ma`lumki Amerika qit`asiga kelgan ilk ko`chmanchilar bu erkin, o`z yurtlaridagi daniy qarashlardan farqli ibodat uslubini tanlagan insonlar, yagona qirollik boshqaruviga qarshi bo`lgan guruhlar va dehqonlar bo`lgan. Ya`ni ko`rib turganingizday, Amerika azaldan o`z bag`riga aynan erkinlik va o`z ixtiyoridagiday hayot tarzini tanlagan insonlar uchun imkoniyat manbayi bo`lib kelgan. Ana shu ilk ingliz ko`chmanchilari dastlab juda qiyin sharoitga duch kelishgan. Yangi yerning iqlimi, tabiati bilan u qadar tanish bo`lmaganlari bois ko`chmanchilarning kata qismi ochlik va qaqshatqich sovuqdan o`lib ketgan. Dastlab mahalliy hindu qabilalaridan masofa saqlashni afzal bilgan ko`chmanchilar boshga tushgan musibat tufayli ulardan yordam so`ragan. Hindular tabiatiga ko`ra (buni bugun Amerikadagi minglab tadqiqotlar isbotlamoqda) juda ham mehmondo`st bo`lgan. Ular qit`adagi yerlarni Tangrining in`omi deb bilishgan va bu in`om hamma uchun degan qat`iy ishonchda bo`lishgan.

Bugungi amerikalik tarixchilar ta`kidiga ko`ra, hindular hech qachon yashash uchun tanlagan hududidagi o`simliklar va daraxtlarga ziyon yetkazgan emas. Aksincha, juda mohir dehqon bo`lishgan. Aynan shu bois yangi “qo`shnilar” holidan xabar topgach, ularga zudlik bilan yordam berishga kirishishgan Albatta, dastlab yaxshilab mehmon qilishgan, yig`ib olgan hosillaridan tayyorlangan taomlardan tatib ko`rishni tavsiya qilishgan. So`ngra iste`mol qilib ko`rgan mahsulotlari haqida ma`lumot berib, ularni qay usulda qanday yetishtirish kerakligi, yerga qanday ishlov berish lozimligi haqida, bugungi kun iborasi bilan aytganda, konsultatsiya berishgan. Albatta bu maslahatlar ko`chmanchilar uchun ayni muddao bo`lgan, o`z qavmini asrab qolish, yangi yer sharoitlaridan kelib chiqqan holda qulay hayot tarziga erishish istagi ko`chmanchilarni eng namunali o`quvchi shogirdlarga aylantirgan. Natijada qisqa muddatda ko`chmanchilar ham katta hosil yig`ib olishga erishgan.

Ilk yirik hosil yig`ilgach, ko`chmanchilarning o`sha paytdagi yetakchisi Uilyam Bredford qiyin kunlarda ularga madad qo`lini cho`zgan hindular bilan birgalikda yirik bayram dasturxonini yozish taklifini bildirgan. Bayram dasturxoniga tashrif buyurgan hindu “ustozlar”ga “shogirdlari” erishgan muvaffaqiyatni ko`rsatish uchun dasturxon usti yig`ib olingan mahsulot bilan to`ldirilgan edi.. Aytishlaricha aynana ana shu ilk do`stona dasturxon atrofida yig`ilganlar hindular o`z odatiga muvofiq hosilning nes-nobudsiz yig`ib olingani va barakali hosil uchun Tangriga shukrona aytishgan va aynan mana shu ilk yirik shukrona marosimi bugungi Shukronalik bayramiga asos solgan. O`sha paytdagi ilk shaklda dasturxon bezash odati hamon saqlanib qolgan. Garchi uning miqdori ilk dasturxonga terilgan mahsulotlar miqdoridan ancha kamroq bo`lsada ammo ilk an`ana deyarli saqlanib qolgan. Yagona o`zgarish, avlodlar bugun dasturxon atrofiga hindularni emas o`z yaqinlari va o`z oila a`zolarini taklif qilishadi. To`g`ri U.Bredford boshchiligidagi ko`chmanchilar ham ilk bayram dasturxonidan so`ng bu odatni tezda unutishgan va keyingi hosillar uchun shukrona bildirish odatini ham esga tushganda bajarishgan, bo`lmasa yo`q.

Aslida biroz bayramga oid bo`lmasa-da aytib o`tish joiz, aynan mana shu “mashg`ulotlari” keyinchalik hindularning o`ziga ham balo olib kelgan. Sababi, yashab, ko’payib borayotgan ko`chmanchi “shogirdlar”ga hosilni ko`proq yig`ish, yangi va yangi ko`chmanchilarga ham yetadigan darajadagi ekin uchun yer kerak edi. Aynan mana shu maqsadda ilk safar hindularga biroz siljib bizga ham yer beringlar deyilgan. Keyin yana va yana… O`z odatiga ko`ra yer Tangridan, undagi mahsulotlar ham Tangrining in`omi deb bilgani bois hindular yashab turgan hududlarini “mehmon”larga bo`shatib boshqa hududga ko`chgan, keyin yana ko`chgan, yana… Ammo bu endi biroz boshqa hikoya.

Ilk tadbirdan so`ng ba`zan, ba`zan nishonlanib kelingan Shukronalik marosimini amerikaliklar endi aynan qit`a Amerika sifatida, mustaqil davlat sifatida e`lon qilinib ilk prezidentiga ega bo`lgach esga oldilar. Yangi davlatning ilk prezidenti Jorj Vashington Shukrona an`anasini milliy tadbir o`laroq nishonlash va bayram tadbirlarini 26 Noyabrda o`tkazish taklifi bilan chiqdi. Noyabrning tanlanishi bejis emas albatta. Qit`aning deyarli barcha hududlaridagi yig`im terim aynan Noyabrga yaqin to`liq yakun topadi. Shu bois aynan mana shu payt yig`ilgan hosil uchun shukrona marosimlari o`tkazish mantiqan to`g`ri bo`ladi deb topilgan. 1864 yili Fuqarolik urushi yakuni o`laroq Avraam Linkoln Noyabr oyining so`nggi payshanbasini Shukrona tadbiri o`tkaziladigan kun o`laroq e`lon qildi. Payshanba tanlanishining ham ma`nosi bor, albatta. Haftaning shu kuni odatda ish haftasining so`nggi kuni deb bilinadi. Juma u qadar faol ish kuni hisoblanmaydi. Shu bois amerikaliklar payshanba kundan boshlab tungi kafe va restoranlarga borib dam olishni boshlab yuboradilar.

Aytgancha, Avraam Linkoln tomonidan Shukronalik tadbiriga kiritilgan yangilik ham bor. Garchi bu yangilik ko`proq to`ng`ich Jorj Bush paytida rasman odatga aylangan bo`lsada, ammo bu juda ham mashhur odatni ilk qo`llagan shaxs A.Linkoln bo`ladi. Gap kurkani rahm qilish, uni bayram dasturxoni uchun so`ymaslik haqida ketyapti. Gap shundaki, Amerikada o`rnatilgan odat bo`yicha Shukrona tadbiri avvalida fermer xo`jaliklaridan biri Oq uyga, president dasturxoniga tortiq qilish uchun tanlab olingan eng yirik kurkani yuboradi. Kurka prezidentga ko`rsatiladi va oshpaz qo`liga topshiriladi. Oq uyning 1865 yildagi reportyori yozishicha, president Linkolnning o`gli Ted Shukrona dasturxoniga tortiq qilinishi kutilgan kurkani o`ldirmaslikni iltimos qiladi va president bunga rozi bo`lib, kurkani rahm qilib, qo`yib yuborishni aytadi. To`g`ri aytishlaricha kurka bayram dasturxoniga baribir taqdim qilinadi, zero bu marosim, ya`ni kurkani tirik qoldirish marosimi hali rasman odat bo`lmagan. Ammo 1963 yili kurkani o`ldirmaslik marosimini president Jon Kennedi qayta esga oladi va oradan yana talaygina vaqt o`tgach, aynan to`ng`ich J.Bush paytida bu odat rasmiy marosim sifatida qabul qilinadi.

Aytib o`tish joiz, avvallari fermerlarning o`zlari va balkim Oq uy ma`muriyatidagi shaxslar ishtirokida amalga oshirilgan bosh dasturxon uchun kurka tanlab olish odati bugun onlayn tarzda butun amerikaliklar ishtirokida amalga oshiriladi. Bayramning eng go`zal va e`tiborli tomoni shundaki, bu kun amerikaliklar yoppasiga ehson berishga shoshadi. Oq uy ham bundan mustasno emas. Odatga ko`ra preziden oilasi bu kuni uysiz, qashshoq odamlar uchun ovqat tarqatadi. Taomni president va oilasi shaxsan tarqatadi. Amerikaliklar orasida esa uysiz, qashshoq, och insonni qornini to`ydir, zero u ham bugun Shukrona aytishdan mosuvo bo`lmasin degan chaqiriqlar yangraydi. Aslida zamonaviy amerikaliklar ehsondan qaytmaydi, ular uchun bu odat har bir inson qilishi shart odatlardan hisoblanadi.

Bayramning ikkinchi muhim va go`zal tarafi, bayram dasturxoni albatta oilaning eng yoshi ulug` a`zosining uyida yozilishi shart. Menimcha bu odat juda ko`p xalqlar va ayniqsa biz o`zbeklar uchun namuna bo`lgulik. Shu bois bu kunlarda AQShning hamma federal katta yollarida moshinalar tirband bo`ladi, uchoqlar va temir yollarda chiptalar narxi oshib ketadi. Bayram dasturxoni atrofida jam bo`lgan oila a`zolari oila birligi namunasi o`laroq bir birlarini qo`lidan tutib, dasturxon atrofida birlashtirib, sog`-salomatlikda birgalikda taom tanavvul qilish imkonini berga Yaratuvchiga duo qiladilar. Bayramning ertasiga esa hamma yirik savdo markazlariga shoshiladi. Bayramning yoshlarga juda ham yoqimli tomoni buvi va buvalar tarafidan beriladigan sovg`a. Odatda bu maxsus qartalarga kiritilgan yaxshigina miqdordagi pul bo`ladi, demak savdo markazlariga boorish uchun sabab bor. Eng yirik savdo-sotiq ham aynan Shukrona kuninig ertasiga bo`ladi va uning asoisiy ishtirokchilari… to`ppa-to`g`ri yoshlar bo`ladi.

Qolaversa Shukronalikning ertasi kuni, juma kuni Amerikada “Black Friday” jarayoniga start beriladi. Bu kun eng yirik va dunyoga taniqli savdo firmalari o`z mahsulotlarini birmuncha arzon narxda savdoga qo`yadi. Ammo bu mutlaqo boshqa hikoya…

Husniddin

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

November 2017
M T W T F S S
« Sep   Jan »
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930