Oilani buzuvchiga qonuniy jazo bormi?

Posted June 11th, 2015 at 6:44 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Yaqinda singlimni unashtirgan edik. Unashtirishdan oldin bir yigitdan sovchilar kelgandi, singlimning noroziligi tufayli rozi bo’lmagandik. Endi esa u yigit singlim unashtirilgan kuyovga va oila a’zolariga telefon qilib, kurakda turmaydigan gap-so‘zlar, turli xil tuhmatlar va to‘yni qaytarish haqida do‘q-po‘pisa qilyapti. U ham yetmaganday, onamga telefon qilib holi joniga qo‘ymayapti. Aybdorga qanday jazo beriladi, sud bo‘lsa-yu suddan quruq chiqib ketsa, kimga murojaat qilishimiz kerak? Oila buzuvchiga qonuniy jazo bormi?

Javob: Shaxsga nisbatan tuhmat qilish ma’muriy huquqbuzarlik hamda jinoyat hisoblanadi. Ma’muriy Javobgarlik To’g’risidagi Kodeksning 40-moddasiga asosan, tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish —

eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 139-moddasiga asosan esa, tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —

eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish —

eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Tuhmat:

  1. a) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab;
  2. b) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda;
  3. v) xavfli retsidivist tomonidan;
  4. g) g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, —

uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oliy Sud Plemuning “Sud amaliyotida fuqaro va tashkilotlarning sha’ni, qadri-qimmati va ishchanlik obro’sini himoya qilish haqida qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi Qarori bu turdagi ishlarni ko’rib chiqishda tushuntirish berib, jumladan, shunday deydi:

O‘zining sha’niga haqoratlovchi ma’lumotlar aytilgan fuqaro, etarli asoslar bo‘lgan taqdirda, haqorat yoki tuhmat qilgani uchun Jinoyat kodeksining 139, 140-moddalari yoki O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40, 41-moddalariga ko‘ra gunohkorni jinoiy javobgarlikka tortish haqida ish qo‘zg‘atishni so‘rab sudga murojaat qilishi mumkin.

Badnom qiluvchi ma’lumotlar deganda, ayrim fuqarolar yoki jamoat fikrida amaldagi qonunlarga va axloq qoidalariga rioya qilish nuqtai nazaridan qaraganda sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini oyoq osti qiluvchi, obro‘ni to‘kuvchi ma’lumotlar hisoblanishini sudlarga tushuntirilsin.

Bundan tashqari, singlingizni to’yini buzmoqchi bo’lgan odamning xatti-harakatlari Jinoyat kodeksining 136-moddasi bilan ham kvalifikatsiya qilinishi mumkin. Unga ko’ra, ayolni erga tegishga yoki nikohda yashashni davom ettirishga majbur qilish yoxud ayolning erkiga xilof ravishda u bilan nikohda bo‘lish uchun o‘g‘rilash, shuningdek, ayolning erga tegishiga to‘sqinlik qilish — eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Chunki, O’zbekiston Respublikasida nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. (Oila kodeksi)

Demak, hozirgi holatda singlingizning to’yini buzmoqchi bo’lgan shaxs ustidan MJTKning 40-moddasiga ko’ra, ma’muriy va JKning 139-moddasiga ko’ra, jinoiy ish ochishni so’rab ariza yozishingiz mumkin.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

June 2015
M T W T F S S
« Apr   Aug »
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930