2016-yil aprel oyida GM Uzbekistan avtomobil shirkati Bosh direktori Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan katta mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanib, qamoqqa olingani hamda “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga rahbarlik qilib kelayotgan Bosh vazir o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov o‘z lavozimidan chetlatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
“GM-Uzbekistan” rahbarlaridan biri 667 ming AQSh dollarini noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda.
Ajablanarli jihati yo’q, chunki O’zbekistonda avtomobil savdosidagi qonunbuzarliklar oldindan hammaga ma’lum edi:
- O’zbek avtomobillari xalqqa xorijdagi mijozlarga qaragandan 20-50 %ga qimmat sotiladi.
- Xohlagan avtobomilingizni o’z vaqtida “shapka”siz sotib olishning iloji yo’q.
- Avtomobillar o’zbek so’mida sotilmaydi. AQSh dollariga esa O’zbekistonda konvertatsiya yo’q. Demak,
- xalq “qora bozor”dan dollarni qimmatga sotib olib, so’ng plastik kartochkaga o’tkazishi va avtomobili chiqishini uzoq muddat kutishi kerak.
Qonunbuzarlik nimada?
- Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli (O’zbekiston Konstitutsiyasi, 36-modda).
- Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi (O’zbekiston Konstitutsiyasi, 53-modda).
- Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi (Iste’molchilar huquqlari to’g’risidagi qonun, 21-modda).
- Davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi (Iste’molchilar huquqlari to’g’risidagi qonun, 23-modda).
- Pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyat hisoblanadi (Jinoyat Kodeksi, 211, 212, 213-moddalar).
Nima qilish kerak?
Ushbu noqonuniy holatlar va jinoyatlarning qurboni bo’ldingizmi? Qonuniy manfaatingizga zid harakatlarni hujjatlashtirib boring, ya’ni dalil yig’ing. Prokuratura va sudga shikoyat qiling. O’zlari tekshiruv boshlashini kutib o’tirmasdan, qonunbuzarlikni aniqlaganingiz zahoti shikoyat qiling.
Shikoyatingiz natija bermadimi? Hech nima o’zgarmadimi?
O’zingizdek jabr ko’rganlar bilan jamoa bo’lib shikoyat qiling. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy matbuotda e’tiroz va petitsiyalar bilan chiqing. Jinoyat to’grisida ommaviy axborot vositalarida berilgan xabarlar jinoyat ishini qo’zg’ashga sabab bo’lishi mumkin. (Jinoyat protsessual kodeksi, 327-modda va Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risidagi qonun, 7-modda).
Quyida shu mavzuda “Tashabbus” nodavlat tashkiloti tayyorlagan videoni e’tiboringizga havola qilamiz.