AQShning Pensilvaniya shtati, Pitsburg shahrida istiqomat qiluvchi oʻzbeklar tashabbus guruhi oʻzbeklar jamiyatini yaratish boʻyicha harakat boshladi. 23 iyun kuni ilk norasmiy yigʻini boʻlib oʻtdi. Tadbirda Pitsburgda ham huddi Amerikaning bir qator boshqa shtatlarida boʻlgani kabi oʻzbeklar jamiyatini yaratish gʻoyasi muhokama qilindi. Unda “Vatandosh” gazetasi hamda shu nomdagi oʻzbeklar jamiyati asoschilaridan biri Farhod Sulton ham ishtirok etdi.
“Ishonchim komil, vatandoshlar boshlagan bu xayrli ish albatta amalga oshadi. Zero, men mana shu uchrashuv paytida ulardagi jamiyatga boʻlgan ham ehtiyojni, ham jiddiy intilishni yaqqol sezdim. Aslida oʻzbeklar jamiyat ochish uchun tayyor. Shundoq ham, kichik-kichik guruh boʻlib yigʻilib turishar ekan. Yagona muammo tajriba yetishmayotgani, uyushish masalasida, jamiyatni shakllantirish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyib olish masalasida biroz ikkilanish bor. Ammo bu vaqtincha, mening sezganim, vatandoshlar oʻz ahdida qatʼiy va jamiyat ochishga tayyor”, – deydi Farhod Sulton.
Yig’inda boʻlajak jamiyat tuzilmasi, maqsadlari, asosiy vazifalari va eng muhimi moliyaviy taʼminotini qanday yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi. Ana shu oʻrinda Farhod Sulton AQShning bir nechta shtatlarida faoliyat yuritayotgan oʻzbek jamiyatlarining tuzilish jarayoni va jamiyat faoliyatini yoʻlga qoʻyishdagi harakatlar haqida batafsil gapirib berdi. Jamiyatlarning bugungi yutuqlariga qanday erishilgani borasida tegishli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.
“Bugungi mana shu kichik, umid qilamizki hozircha kichik, yigʻinimiz shunchaki oʻzaro ahdlashuv xolos. Oldinda katta ishlar turipti. Biz nasib qilsa, shu oyning soʻnggi kuniga Pitsburgda istiqomat qilayotgan oʻzbeklarni bir joyga jamlab, bugun muhokama qilganimiz mavzuni oʻrtaga qoʻyamiz. Buni qarang, garchi hali hech qanday ish qilingani yoʻq, ammo hozirning oʻzida bir qator vatandoshlardan qoʻngʻiroq boʻlayapti. Ijobiy harakatlar boshlanayotganini e’tirof etishayapti. Oʻzbeklar bunga tayyor, faqat turtki yetmayotgan edi va Farhodjon bugun oʻsha turtki boʻla oldi”, – deydi tashabbus guruhi vakillaridan biri.
Ishtirokchilarning iltimosiga koʻra, tashabbus guruhi aʼzolarining ismlarini oshkor qilmaslikka vaʼda qildik. Zero ularga koʻra, Pitsburgda yoshlari ulugʻ, ancha tanilgan oʻzbeklar bor. Boʻlajak jamiyat uchun intilishlar aynan ana shu insonlar ishtirokida ochiqlansa har tomonlama to’g’ri boʻladi. “Biz garchi AQShda istiqomat qilsak-da, qalban baribir oʻzbekmiz, kattalar bor, hurmatli insonlar bor, ulardan avval biz boshladik, biz uyushtiryapmiz, desak, nazarimizda, uyat boʻladi”, deydi tashabbus guruhi aʼzolaridan biri.
Norasmiy maʼlumotlarga koʻra Pensilvaniyaning Pitsburg shahrida salkam uch mingga yaqin oʻzbek istiqomat qiladi. Shahar maʼmuriyati bir necha bor oʻzbeklar markazi yaratish va ularni bir joyga jamlash borasidagi takliflar bilan chiqqan, ammo bu takliflar javobsiz qolib kelayotgan edi. Asosiy sabab sifatida aksar oʻzbeklarning Pitsburgga yaqinda kelgani va ularni oʻzaro birlashtira oladigan yetakchining yoʻqligi aytilayotgan edi. Tashabbus guruhi ishtirokchilariga koʻra, bugun shaharning har bir mavzesida oʻzbeklarning kichik guruhlari bor. Ular oʻzaro yigʻilib, turli marosimlarni nishonlab keladi. Asosiy gʻoya, ana shu guruhlardan bittadan vakilni chaqirib, asosiy maqsadni yetkazish va guruhlarni oʻzaro birlashtirishdir.
“Buning uchun hamma imkoniyatlar mavjud, biz bir-birimizni taniymiz va yigʻilib maslahatlashib olsak boʻldi. Asosiy maqsadni amalga oshirish qoladi. Duoda boʻlib tursangizlar, Pitsburgda albatta yangi oʻzbek jamiyati ochiladi”, dedi tashabbus guruhi ishtirokchilari.
Husniddin Ohun
One response to “Pitsburgdagi o’zbeklar yangi jamiyat tuzish ishlarini boshladi”
new