Pensilvaniya shtati Pitsburg shahri gʻarbiy qismi (West End) bir mahallar juda gavjum boʻlgan. Hozir esa ancha huvillab qolgan, chunki iqtisodiy vaziyat yomonlashgan. Bu hududning asosiy yashovchilari qora tanli amerikaliklar. Oʻzbekistonlik Sarvar Abdurashidov bu yerda pitsaxona ochgan. Shaharning u qadar gavjum bo’lmagan qismi bo’lsa ham, biznes yaxshi, deydi u.
“Bella Monte” deb nomlangan mazkur pitsaxona haqida hikoya qilishni moʻljallaganimiz bejiz emas. Sababi shuki, yaqindan boshlab pitsaxona ishchilari oʻzbek milliy taomlarini pishirib, vatandoshlarga tavsiya etishni yoʻlga qoʻydi. Pitsaxona rahbari Sarvar Abdurashidov yosh, ammo shunga qaramay oʻta gʻayratli yigit.
Unga koʻra, Pitsburgda chinakam oʻzbekona taomlar tavsiya etuvchi restoranga jiddiy ehtiyoj sezilayotgan edi.
“Soʻnggi toʻrt yil davomidagi barcha urinishlarim, izlanishlarim va olib borgan harakatlarim aynan Pitsburgda vatandoshlar uchun yigʻilib, ham ovqatlanib, ham miriqib dam olishlari imkonini beruvchi maskan ochish edi”, – deydi u.
Oʻzbekona ruhda, mehr bilan tayyorlangan taomlar bir zumda Pitsburgdagi oʻzbeklar eʼtiborini tortgan. Sarvar Abdurashidovga koʻra, ayrim taomlarga oldindan buyurtma berish soni oshgani barobarida oʻzga shtatlardagi shaharlarda ham oshxona ochish takliflari yangray boshladi.
“Bella Monte” pitsaxonasida shu kunlarda mijozlar ixtiyoriga palov, lagʻmon, mampar, dimlama, norin, somsa, non kabob, va boshqa oʻzbek milliy taomlari tavsiya etiladi. Taomlar roʻyxati har kuni yangilanadi va erta tongdan oʻzbeklar eng gavjum boʻlgan ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinadi.
Sarvar Abdurashidovning aytishicha, oʻzbek taomlariga boʻlgan sogʻinch faqat oʻzbeklarda emas, balki sobiq ittifoq hududidan kelgan boshqa xalqlarda ham yaqqol sezilyapti. Ruslar, qozoqlar, qirgʻizlar va oʻzbeklar taklifiga binoan taomlar roʻyxatini oshirish va restoran hududini kengaytirish masalasi koʻrilmoqda.
“Pitsaxona aslida buyurtmani olib ketishga moʻljallangan, shu yerning oʻzida taomlanish uchun joy kam. Shu bois doʻkonimizning ikkinchi qavatidan qoʻshimcha xonalar olyapman va u yerni aynan bemalol dam olib, ovqatlanib ketish xonalariga aylantiramiz. Pitsaxonaning orqa tarafiga esa, u yerda ozroq yerimiz bor, yozgi yemakxona qilamiz, buning uchun tegishli idoralar bilan barcha kelishuvlarga erishib boʻlingan”, – deydi Abdurashidov.
Pitsaxonadan tayyorlangan lavhamizni quyida tomosha qiling.