Turkiyalik, qrimlik, ozarbayjonlik qardoshlarimiz Kiyevda terrorizmga qarshi birdamlik namoyishini o`tkazdi.
Qardosh xalqlar bayroqlari ko`tarilgan bu tashabbus Ukrainada ta`lim olayotgan turklar tomonidan tashkil etilgan.
Aksiyani Kiyevdagi qrim tatar faollari, Ukrainadagi ozarbayjonlar diasporasi vakillari ham qo`llab-quvvatlab chiqishdi.
Tashkilotchilarga ko`ra, tadbir so`nggi paytda Turkiyada terror xurujlari kuchayib borayotgani yuzasidan ortgan xavotirlar bois tashkil etilgan.
“Biz bu terrorizmning har qanday ko`rinishiga qarshimiz, vatandagi terror xurujlarini Ukrainadan turib kuzatdik, zo`ravonliklar, terrorga qarshiligimizni shu aksiya orqali bildirmoqchimiz. Biz terorrni la’natlaymiz, nafaqat Turkiya, balki butun dunyodagi zo`ravonliklarni. Bugun bizni qo`llab chiqqan qardoshlardan minnatdormiz”, – deydi tashkilotchilardan biri.
Terrorga qarshi birdamlik aksiyasida Kiyevdagi qrim tatar faollari ham ishtirok etishdi. Ular orasida Qrimga kirishi taqiqlab qo`yilgan faollardan biri Senavar Qodirov ham bor.
“Ukrainadagi qardoshlarimizning terrorga qarshi namoyishida ishtirok etayotganimdan xursandman. Biz har qanday vaziyatda ham bir-birimizni qo`llab-quvvatlashimiz kerak. Turkiy xalqlar terrorizmga, zo`ravonlikka qarshi, bu narsa qayerda, qaysi mamlakatda kuzatilishidan qat’i nazar. Begunoh odamlar qurbon bo`layotganiga chek qo`yilishi kerak”, – deydi o`z yurtiga kirishi taqiqlab qo`yilgan huquq himoyachisi Sinovar Qodirov.
Ozarbayjonlik qardoshlardan biri Turkiyaning qrim tatarlar bo`yicha tutgan pozitsiyasidan minnatdor, ammo boshqa turkiy davlatlar bu borada qat`iylik ko`rsatmayotganidan afsusda.
“Terrordan butun dunyo aziyat chekmoqda, biz turkiyalik qardoshlar bilan bir safda turib terrorizmga qarshiligimizni aytmoqchimiz. Qardosh xalqlarning terrorizmga qarshi birdamligini ko`rish, bunda ishtirok etish yoqimli”, – deydi u.
Rostdan, rasmiyatchiliklardan xoli, ko`ngilli tarzda qardoshlar bayrog`ining bir maqsad yo`lida ko`tarilishini kuzatish zavqli. Albatta, bu safda O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston bayroqlari ham turganda, manzara yanada to`liq, o`zgacha bo`lishi aniq edi.
Quyida namoyishda olingan ayrim suratlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Matn, video va suratlar muallifi Malik Mansur