Amerikalik musulmonlar hayit namozini qanday nishonlaydi?

Posted August 5th, 2014 at 1:34 am (UTC-5)
Leave a comment

Pittsburg shahri musulmonlari hayit namozini o'qish uchun hozirlanmoqda

Pittsburg shahri musulmonlari hayit namozini o’qish uchun hozirlanmoqda

Aziz do’stlar, atigi bir necha kun muqaddam biz Yaratganning buyuk inoyati bo’lmish Iyd al-Fitrni nishonladik. Yonimizda bo’lgan yaqinlarimizni quchoq ochib, yiroqdagi birodarlarni esa ijtimoiy tarmoqlar orqali tabrikladik. Albatta, birinchi galda musofir inson bu tadbirning o’z mamlakatidagi tantanasini eslaydi, sog’inadi. Shu bois bo’lsa kerak, hamma “hozir agar O’zbekistonda bo’lganimizda, Hayit namozidan so’ng qaynoq patirlar bilan shirinliklarni qo’ltiqlab uyga ketayotgan bo’lardik, bolalarga shirinliklar ulashib, kattalarning duosidan bahramand bo’lishga shoshilardik”, deb eslashadi. Musofirchilikda bu tadbir juda ham boshqacha o’tadi…

Garchi musulmonlar soni Pensilvaniyaning Pittsburg shahrida (umuman olganda, butun Pensilvaniya shtatida ham) nihoyat darajada kamchilikni tashkil etsa-da, shahar, boringki shtat “kattalari” musulmonlar uchun juda ham qadrli bo’lgan ayni ayyomning risoladagiday nishonlanishini ta’minlashga astoydil e’tibor qaratishadi. Avvalo, masjidlar u qadar katta emasligini inobatga olgan holda (agar ob-havo halaqit qilmasa) Hayit namozini o’tash uchun kengroq joy taklif qilishadi. Odatda buning uchun shaharliklar orasida juda ham mashhur bo’lgan bog’lardan biri tanlanadi. Yana ham qiziq tomoni, musulmonlar namozni ado etgunlariga qadar bog’ atrofi, ayrim davlatlardagi kabi to’sib qo’yilmaydi, politsiyaga ham to’lmaydi. Yo’q. Bog’ odamlarga to’la bo’ladi va ko’p hollarda amerikaliklar bog’lariga aynan ana shu, musulmonlar o’tkazajak tadbirni tomosha qilgani, imom tarafidan qilinadigan xutbani tinglagani kelishadi.

O’zbekistondan va hatto ayrim MDH davlatlaridan farqli, Pittsburg musulmonlari belgilangan joyga aynan bayram namozini o’tagani keladi. Ya’ni tonggi (bamdod) namoz odatda uyda o’qiladi, ayrimlar esa masjidda o’qib, so’ng bog’ sari yo’l oladi. Ma’lumki, O’zbekistonda Hayit namoziga kelayotgan odam masjidga yaqinlashgani sari u yerdan yangrayotgan Qur’on tilovati va yoki imomning ma’ruzasini eshitadi. Adashmasam, musulmonlar deyarli uch-to’rt ko’chani to’sib qo’yajak Moskvada ham shunday. Ammo Pittsburgda bunday emas. Bu yerda namoz joyiga yetib kelgan musulmonlar uch-to’rt kishi bir joyda o’tirib, mikrofon tutgancha takbir aytayotganiga guvoh bo’ladi. Ya’ni “Allohu Akbar, Allohu Akbar, Allohu Akbar, La Ilaha Illalloh, Allohu Akbar, Allohu Akbar va lillahil hamd!”. Namozgohga yetib kelgan har bir namozxon o’z o’rnini egallagach, takbir aytishga qo’shiladi.

Tabiiy, yashirishning hojati yo’q, hamma ham takbirni yoddan bilmaydi, zero aytilayotgan takbir keltirib o’tganim so’zlardangina iborat emas, uning davomi ham bor. Takbirni takrorlar chog’i, bilmagani bois noqulaylik sezmasligi uchun, namozxonlarga takbir matni bitilgan varaqa tarqatiladi. Yana bir muhim holat. Ma’lumki, O’zbekistondan farqli, Yevropa va Amerikada (balki Rossiyada ham) namozxon musulmonlar bitta millat yoki xalq vakillari emas, ya’ni bizning mamlakatdagi kabi faqat o’zbeklar va yoki o’zbekchani biladiganlardan iborat emas. Bu yerda arablar, turklar, turkiylar, u yog’i indoneziyalik, malayziyalik, Hindiston, Pokiston, Afrika, tan olaman, men qaysi mamlakat ekanini hali anglab ulgurmaganim davlatlardan kelgan musulmonlar bor. Hammasi deyarli har xil tilda gaplashishi bilan birga, o’z alifbosiga ham ega, albatta. Aynan shu bois, takbir matni lotin harfida bitiladi, zero inglizchadan xabari bo’lgan musulmonlar lotin harfi bilan ham yaxshi tanish.

Amerikada ham, bizda bo’lgani kabi, Iyd al-fitrning yana bir muhim amallaridan bo’lmish Fitr sadaqasini imkon qadar Hayit namozi kuni, namoz boshlanguniga qadar ado etish tavsiya qilinadi. Yagona farqi, bu yerda fitr ehsoni yig’ilajak quti namozxonlar orasiga kirmaydi. Ya’ni, kimdir bu qutini ko’tarib olib namozxonlar qatorini oralamaydi. Quti hamma ko’rishi mumkin bo’lgan joyga qo’yiladi va namozga kelganlar bemalol o’z ehsonini qutiga tashlab, so’ng saf tortadi. Bayram namozi tashkilotchilari (odatda, bular Pittsburg Islom Markazi xizmatchilari) ora-orada mikrofon orqali yig’ilganlarga Fitr ehsonini namozga qadar ado etib qo’yishni unutmaslikni eslatib turadi. Ehsonni qutiga joyladingiz, safga turib takbirga jo’r bo’ldingiz, ana shu payt kichik bolajonlar sizni yelkangizdan sekingina tortayotganini sezasiz. Qarasangiz, ular sizga jilmayib “Iyd mubarak braze”, deganicha mushk uzatayotgan bo’ladi. Olib, kaftingizga ozroq surtasiz va “Iyd mubarak”, deb qaytarasiz….

Musulmonlar orasida turli millat va madaniyat vakillari bor.

Musulmonlar orasida turli millat va madaniyat vakillari bor.

Ozroq vaqt o’tgach, imom Shayh Atef Mahgoubning namozga saflanish chaqirig’i yangrab, hamma o’rnidan turdi. Yana bir farq. O’zbekistonliklar yaxshi bilishsa kerak, Hayit namozi o’qilar payt, bizning mamlakat musulmonlari amal qilajak odatga ko’ra, dastlab Sano duosi o’qilgach, adashmasam uch bora “Allohu Akbar”, deyiladi, so’ngra Fotiha surasi, zam sura va ruku sajda bajariladi, so’ngra qiyomga turgach, yana Fotiha o’qiladi, zamsura, so’ngra yana uch bora “Allohu Akbar”, deyilib rukuga, so’ngra sajdaga ketiladi va o’rnatilgan qoida bo’yicha namoz to’kis ado etiladi. Pittsburgda (balkim boshqa davlatlarda ham shundaydir) bu tartib biroz o’zgacha. Ya’ni Sano duosidan so’ng sakkiz bora “Allohu Akbar”, deyiladi, keyin tartib bilan, Fotiha, zamsura, ruku sajda qilinib ikkinchi rakatga turilgach, Fotihadan avval yana sakkiz marta “Allohu Akbar”, deyiladi va u yog’iga yana namoz qoidasi bo’yicha Fotiha, zamsura va ruku sajdalar qilinib namoz ado etiladi.

Shundan so’ng, imom xutba o’qiydi. O’zbekiston va ayrim MDH davlatlaridagidan farqli, bu yerda imomning xutbasi ma’ruzadan iborat. Bu yilgi ma’ruzaning asosiy qismi Falastindagi vaziyatga qaratildi. Imom u yerda begunoh odamlar qurbon bo’layotgani va ayniqsa qurbonlar orasida go’daklar va ayollarning ko’pligi tashvishli, qalblarni larzaga keltiruvchi hol ekanini urg’uladi. Birgalashib Falastin xalqi nomiga duo qilishga chaqirdi. Aytish kerak, namoz ado etilib, bir-birini Iyd bilan qutlashga tushgan musulmonlar Falastin nomi tilga olingani zahoti jim bo’lib qoldi. Hamma imom bilan birga duo qilgach, kim ish joyiga, kim uyiga, yana kim boshqa yumushlar bilan tarqala boshladi. Bog’ning chetroq qismiga yetganda qator stollar terilib, ularning usti turli xil shirinliklar bilan bezatilganini ko’rdik. Asosan, Pittsburg Islom markazi xizmatchilaridan iborat bir guruh odamlar hammani bayram tortiqlaridan tatib ketishga chorlay boshladi. Ana shu payt yana namozxonlar orasida yosh bolalar paydo bo’ldi, bu safar ular kichik savatchalarda shokolad tarqatmoqda edi.

Bu Iydga oid musulmonlar uchun belgilangan bayram amali haqidagi qisqa hikoya edi. Tabiiy, garchi Amerikada barcha dinlar uchun erkinlik yaratilgan bo’lib, har qaysi din egalari hurmat qilinsa-da, Iyd al-Fitr dushanba kunga to’g’ri kelgani bois, bu kun ish kuni bo’ldi. Kamina ham jamiki boshqa sheriklar qatori ish o’rnimga qaytdim. Albatta, katta boshliq, bayram munosabati bilan bizlar uchun ish soatini biroz qisqartirib, bayramni uyda oila a’zolarimiz bilan birgalikda nishonlashimiz uchun ham sharoit yaratib bergan edi. Ammo bir-ikki soat ishlash kerak. Peshin vaqti, odam ancha gavjum bo’lgan payt. Tushlikka kelgan bir nechta mijoz “shu kunda ham biz uchun xizmatda qolayotganingiz bois, minnatdorchilik izhor etamiz”, deb qoldi. Dastlab hayron bo’ldik, zero ishga berilib, bu kun Iyd ekani xayoldan ko’tarilgan ekan. Mijozlarning bu so’zlari qalblarni to’lqinlantirdi. Darvoqe, Amerikada men guvohi bo’lgan ana shunday go’zal odat bor, ya’ni siz bayram kuni ishlayotgan bo’lsangiz, ko’rsatgan xizmatingizdan tashqari, bayram kuni ishlayotganingiz uchun ham mijozlar alohida minnatdorchilik bildiradi.

Chindan ham, juda go’zal odat, to’g’rimi? Ammo, musulmonlarning bayramini ham bilib, ayni bayram kuni ham ishlayotganingiz uchun minnatdorchilik bildirilsa, ishoning, ikki karra xursand bo’lar ekansiz. Zero bu minnatdorlik ortida sizning bayramingizga hurmat ham bor. O’zbekistonda, hammamizga ma’lum, Iyd rasman dam olish kuni deb e’lon qilinadi. Hamma bayramni uyida nishonlaydi. Ammo, shunday bo’lsa-da, ishga chiqishi keraklar ham bo’ladi. Biz bunga uncha e’tibor ham qilmaymiz, ammo shifokorlar, o’t o’chiruvchilar, boring, ana oshxonalar, yirik va kichik savdo do’konlari xodimlari, televideniye va radio xodimlari hammasi ishlaydi. Nazarimda, o’sha kuni tilga olib o’tganim kasb egalariga ishimiz tushib yo’liqib qolsak, xuddi amerikaliklar kabi “dam olish kuningizdan voz kechib bizga xizmatda bo’lganingiz uchun rahmat”, desak, ishoning ularni ancha xursand qilamiz.

Ha mayli, bu odat bizda yo’q bo’lgani bilan, boshqasi bor. “Ayyomingiz muborak bo’lsin!”, deb qutlash va ortidan yaxshi niyat bilan duo qilish. Shunday ekan, qadrli do’stlar, biroz kechikish bilan bo’lsa-da, “Iyd al-Fitr muborak!”. Yaxshi kunlar hamisha hamrohimiz bo’lsin!

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

August 2014
M T W T F S S
« Jun   Sep »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031