Shaxsni bedarak yo’qolgan yoki vafot etgan deb topish qanday amalga oshiriladi?

Posted August 11th, 2013 at 4:20 am (UTC+0)
Leave a comment

Savol:  Eri qidiruvda bo’lgan ayol qanday qilib nikohni bekor qilishi mumkin?

Javob: Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalariga muvofiq,  agar shaxs sud tomonidan bedarak yo’qolgan, deb topilsa, arizacha yashab turgan tumandagi FHDYO organiga nikohni bekor qilish to’g’risida ariza berishi mumkin.

Bedarak yo’qolgan odamning huquqiy holati [AUDIO]

Fuqarolik kodeksining 33-moddasiga ko’ra, agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumot bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq, tuman fuqarolik ishlari bo’yicha  sudi bu fuqaroni bedarak yo’qolgan deb topishi mumkin. Shunday ekan, eringiz qidiruvda deb rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir yil o’tgach, siz yoki boshqa manfaatdor shaxs yashab turgan tumandagi fuqarolik ishlari bo’yicha sudga eringizni bedarak yo’qolgan deb topish to’g’risida ariza berishingiz mumkin. Sud eringizni bedarak yo’qolgan shaxs deb topsa, bu haqda qaror qabul qiladi. Mana shu qaror bilan FHDYOga nikohingizni bekor qilishni so’rab murojaat qilishingiz mumkin.

Sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxs qaytib kelsa, uning murojaati bo‘yicha FHDYO organi unga ham nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beradi.

Agar eringiz hali bedarak yo’qolgan shaxs deb topilmagan bo’lsa va boshqa kutishni xohlamasangiz, hozirning o’zida o’zingiz yashab turgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga nikohdan ajratish to’g’risida ariza berishingiz mumkin. Arizangizga eringizning qidiruvda ekanligi haqida Ichki ishlar idorasidan ma’lumotnomani ilova qilishingiz kerak.

Savol: Bir tanishimiz 2003-yilda Rossiyaga ishlagani ketgan. 2004-yilda o’ldi, degan spravka keldi, pasport bilan. Lekin bu spravka hech qayoqqa o’tmayapti. Ya’ni ZAGS va boshqa davlat idoralari bu spravkani tan olishmayapti. Masalan, o’sha odam nomidagi uyni ayoli o’z nomiga o’tkaza olmayapti. Qiz chet elga chiqmoqchi, otasini roziligisiz chiqa olmaydi va hokazo. Iltimos, nima qilish kerakligi haqida maslahat bering.

Javob: O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 36-moddasi fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish deb nomlanadi. Mazkur moddaga ko’ra, agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil moboynida ma’lumot bo’lmasa, basharti u o’lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo’lgan deb taxmin qilish uchun asos bo’ladigan vaziyatlarda bedarak yuqolgan bo’lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar bo’lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.

Demak, vafot etganligi haqida ma’lumotnoma kelgan shaxsning yaqinlari uni, masalan ayoli erini vafot etgan deb e’lon qilinishi uchun fuqarolik sudiga murojaat qilishi kerak bo’ladi. Chunki ayoli yuqoridagi moddada keltirilgan manfaatdor shaxslardan biri hisoblanadi. Sud arizachining arizasini ko’rib chiqib, erini vafot etgan deb e’lon qilish haqida hal qiliv qarori qabul qiladi. Mazkur shaxsning ayoli taqdim etadigan erining vafot etganligi haqidagi ma’lumotnomaga asoslanib sud ayolning erini shu ma’lumotnomada vafot etgan deb ko’rsatilgan kunida vafot etgan deb qaror chiqarishi mumkin. Sudning ushbu qarori vafot etgan shaxsning ayoli hamda farzandlari uchun ma’lum muammolarga sabab bo’layotgan holatlarda ayol uchun erining, farzandlar uchun esa otasining vafot etganligini tasdiqlovchi asosiy hujjat bo’lib hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual Kodeksining 286-moddasiga asoslangan holatda, ayol erini vafot etgan deb topish haqidagi arizani o’zi yashayotgan tuman fuqarolik ishlari sudiga beradi. Arizada nima sababdan erini vafot etgan deb topish lozimligi, ya’ni o’zi va farzandlari bilan bog’liq muammolarni yozadi. Arizaga esa pasporti nusxasi, erining vafot etganligi haqidagi ma’lumotnoma nusxasini ilova tarzida taqdim qiladi. Sudning erini vafot etgan deb topish haqidagi qarori Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida erini vafot etgan deb qayd qilish uchun asos bo’ladi.

Ma’lumot uchun shuni aytib o’tishimiz lozimki, O’zbekiston Respublikasida fuqarolik sudlari bir nechta tumanda bitta, ya’ni tumanlararo tashkil etilishi ham mumkin. Aynan ayol yashab turgan tumanda fuqarolik ishlari bo’yicha sud mavjud bo’lmasligi mumkin.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

August 2013
M T W T F S S
« Jul   Sep »
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031