Ukrainadagi ko`ngilli batalyonlar, millatchi radikal guruhlar hukumatni yangi inqiloblardan ogohlantirmoqda.
Hafta oxirida radikal qarashlari blan tanilgan “O`ng sektor”, millatchi guruhlar va ayirmachilar bilan jang qilayotgan ko`ngilli batalyon vakillari Kiyevda namoyish o’tkazdi.
Ukraina matbuotida keng yoritilgan bu namoyishlar Poroshenko hukumatiga yo`llangan ogohlantirish sifatida baholanmoqda.
Hokimiyatning asosiy idoralari joylashgan Kiev markaziy ko`chalari bo`ylab yurish qilgan namoyishchilar Rossiya bilan barcha aloqalarni butkul uzishni, mamlakatda aksilterrror amaliyotlari emas, to`laqonli urush ketayotganligini rasman tan olishni talab etishdi.
Kiyev markazini aylanib chiqqach, o`z maqsadlari qat’iy ekanligini ko`rsatish uchun Ukraina inqiloblarining ramziga aylangan g`ildiraklar, avtomobil shinalari yoqildi.
Norozilarga ko`ra, bu uchinchi Maydonning muqarrarligi haqida hukumatga yo`llangan ramziy ishoralardir.
Maydondagi inqilob ortidan hokimiyatga kelgan Poroshenko xalqqa islohotlar va`da qilgan, ammo ko`pchilik islohotlar sekin borayotganidan, Maydonda ko`tarilgan talablar amalga oshmay qolayotganidan norozi.
Qrimning boy berilishi, Donetsk va Lugansk viloyatlarida boshlangan qo’zg’olon, rossiyaparast ayirmachilar olib borayotgan urush millatchi guruhlarning noroziligini keskin kuchaytirgan.
Quyida Kiyevda o’tgan so’nggi namoyishda olingan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Matn va suratlar muallifi Malik Mansur