Savol:Sudlanganlikni olib tashlash uchun ariza yozmoqchi edim. Shu ish yuzasidan ma’lumot bersangiz.
Javob: O’zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi XIV bobi sudlanganlikka bag’ishlangan bo’lib, jumladan, 77-moddada shunday deyiladi:
Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir.
Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.
Jazoni o‘tagan, ammo qonunning o‘zgarishi bilan bunday qilmish jinoyat deb hisoblanmaydigan taqdirda, shuningdek, sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.
Sudlanganlik ma’lum bir mansabni egallash yoki ayrim faoliyat bilan shug’ullanishda cheklovlarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, sudlanganlik advokatlik faoliyatini amalga oshirishni cheklaydi.
Faqat ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar qonunda belgilangan ma’lum muddat o’tgandan keyin sudlanganlik holatini muddati tugamasdan oldin olib tashlash haqida sudga iltimosnoma kiritishi mumkin. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazo bilan jazolangan shaxslar o’zlariga nisbatan belgilangan sudlanganlik holatini to’liq o’tashlari lozim. Ularning sudlanganlik holatini muddatidan oldin tugatish mumkin emas.
Sudlanganlik holatining tugallanishi
Kodeksning 78-moddasiga ko’ra, shaxsning sudlanganlik holati, berilgan jazo turi va muddatiga qarab, quyidagi paytlarda tugallanadi:
a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab;
b) xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;
v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach;
g) qamoq jazosi o‘talganidan keyin — ikki yil o‘tgach;
d) besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — to‘rt yil o‘tgach;
e) besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — etti yil o‘tgach;
j) o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — o‘n yil o‘tgach.
Sudlanganlikning olib tashlanishi
Agar shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab bo‘lganidan keyin, unga nisbatan ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilmagan bo‘lsa, jamoat birlashmasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, jamoa yoki jazoni o‘tab chiqqan shaxsning o‘zi bergan iltimosnomasiga ko‘ra, sud ushbu Kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida yarmi o‘tganidan keyin uning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
O‘n besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan shaxslar hamda o‘ta xavfli retsidivistlar, agar ular jazoni o‘tab chiqqanidan keyin o‘n besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
Kodeksning 13-moddasi ikkinchi qismiga ko’ra, qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan yangi qonun qabul qilinsa, u ushbu qonun kuchga kirgunga qadar jinoiy qilmish sodir etgan shaxslar, shu jumladan, jazoni o‘tayotgan yoki o‘tab bo‘lgan shaxslarga ham tatbiq etiladi. Ya’ni, sudlanganligi tugamagan shaxslarning ham shunday qonun asosida sudlanganligi olib tashlanishi mumkin.
13-modda 2-qism: Qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega, ya’ni ushbu qonun kuchga kirgunga qadar tegishli jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarga, shu jumladan jazoni o‘tayotgan yoki o‘tab bo‘lgan shaxslarga nisbatan, agar ular hali sudlangan hisoblansalar, tatbiq etiladi.
Sudlanganlik afv etish yoki amnistiya akti asosida ham olib tashlanishi mumkin.
Sudlanganlik holatining tugallanishi yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlarini hisoblash
Sudlanganlik holatining tugallanishi yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlari asosiy va qo‘shimcha jazolar o‘tab bo‘lingan yoki ijro etilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Agar shaxs tayinlangan jazodan qonunda belgilangan tartibda muddatidan ilgari ozod qilingan yoxud jazo yengilrog‘i bilan almashtirilgan bo‘lsa, sudlanganlik muddati muddatidan ilgari ozod qilingan yoki yengilrog‘i bilan almashtirilgan jazoning amalda o‘tab bo‘lingan qismidan hisoblanadi.
Agar hukm bo‘yicha tayinlangan jazoni sud boshqa jazo bilan almashtirgan bo‘lsa, sudlanganlik muddati jazoning amalda o‘tab bo‘lingan yoki ijro etilgan qismidan hisoblanadi.
Agar jazoni o‘tab chiqqan shaxs sudlanganlik holatining muddati tugamay, yana jinoyat sodir etsa, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning o‘tishi to‘xtatiladi. Ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holatining tugash muddati oxirgi sodir etilgan jinoyat uchun (asosiy va qo‘shimcha) jazoni amalda o‘tab bo‘lganidan boshlab hisoblanadi.
Agar shaxsga ichki ishlar organlari tomonidan ma’muriy nazorat o’rnatilgan bo’lsa, sudlanganlikning tugatilishi yoki olib tashlanishi natijasida abunday nazorat o’z-o’zidan bekor bo’ladi.
Demak, jazoni o’tab bo’lgan shaxs 78-moddada ko’rsatilgan sudlanganlik muddatining kamida yarmini o’tganidan so’ng, shaxsan o’zi yoki uning himoyachisi yoxud u yashab turgan mahalla fuqarolar yig’ini, jamoat birlashmasi yoki jamoa bu shaxsning sudlanganligini olib tashlash to’g’risida jazoni o’tab bo’lgan shaxs yashab turgan tumanning jinoyat ishlari bo’yicha sudiga iltimosnoma yozishi kerak.
Sudlanganligi tugatilgan yoki olib tashlangan shaxs yana qayta jinoyat sodir etsa, retsidiv jinoyatchi deb kvalifikatsiya qilinmaydi va bu natijada jinoyat sodir etgan shaxsga og’irlashtiruvchi jazo berilmasligiga sabab bo’ladi. Sudlangan shaxsning tuzalish yo’liga o’tganligi, yaxshi xulq-atvorga ega bo’lishi, sudlangan shaxs nomidan mahalla yoki jamoat birlashmalari iltimosnoma topshirishi va mahalla yoki jamoat birlashmalari yoki jamoalar sudlangan shaxs haqida yaxshi fikrdaligi sud tomonidan sudlanganlikni olib tashlash to’g’risida ajrim chiqarilishiga sabab bo’ladi.
Sudlanganlikni olib tashlash to’g’risidagi iltimosnoma ko’rib chiqilayotganda, iltimosnoma kim haqida berilgan bo’lsa, shu shaxsning sud majlisida qatnashishi shart bo’ladi. U himoyaga olish huquqi bilan ta’minlanadi. Sudlanganlikni olib tashlash rad etilsa, sudyaga bu masalaga doir iltimosnoma rad etilganligi haqida ajrim chiqqan kundan boshlab kamida bir yil o’tgandan keyin qayta kiritilishi mumkin.
One response to “Sudlanganlikni qanday olib tashlash mumkin?”
Men ichki ishlar bo’limiga ishga topshirgandim mening qaynonam bundan 16 yil oldin 109 modda bilan sudlanib amnitsa qilingan meni qaytarishdi shu holatga nima qilsam bo’ladi