Savol: AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi “Grin karta” lotereyasida ishtirok etish uchun hujjat topshirilgach, uning javobini qanday va qachon bilish mumkin? G’olib chiqqanlar nima qilishi kerak?
Javob: DV 2014 Lotoreya Dasturi arizachilari lotoreya natijalarini elektron DV vebsaytida 2013-yil may oyidan boshlab 2014-yil sentabrgacha tekshirishlari mumkin.
Lotereya natijalarinini tekshirishda arizachiga DV lotoreyaga ariza topshirgan mahal berilgan tasdiq xati kerak bo’ladi. Ushbu xatdagi tasdiq nomerini vebsaytga kiritib, lotereyada yutgan yoki yutmaganligingizni aniqlashingiz mumkin.
Arizachi Maqomini Tekshirish (Entrant Status Check) lotoreyada yutgan yoki yutmaganligingizni bilishning yagona yo’li. Lotoreya yutgan va yutmagan barcha arizachilar Arizachi Maqomini Tekshirish yo’li orqali o’z lotoreya natijasi haqida xabardor bo’lishi mumkin. Buning uchun siz www.dvlottery.state.gov vebsaytiga tashrif buyurib, tasdiq xatida sizga berilgan tasdiq nomerini vebsaytga kiritishingiz lozim bo’ladi.
Agar lotoreya g’oliblaridan biri bo’lsangiz, vebsayt sizga ushbu bosqichdan keyin nima qilish kerakligi haqida ma’lumotlarni taqdim etadi. Kentaki Konsullik Markazi g’oliblarga lotoreya natijalarini pochta yoki elektron pochta orqali yubormaydi.
Agar tasdiq xatini yo’qotgan bo’lsangiz, lotoreya natijasi haqida ma’lumot olishning boshqa iloji yo’q. Kentaki Konsullik Markazi arizachilarga tasdiq xatini qayta yubormaydi. Shuning uchun ham tasdiq xatini ishonarli joyda saqlab qo’yish o’ta muhim hisoblanadi.
DV Dasturida qancha kishi g’olib bo’lishi mumkin?
DV 2013 Dasturi uchun 50 ming viza ajratilgan. DV lotoreya dasturida g’olib deb topilganingiz bilan, 50 mingta va’da qilingan vizalardan birini olish sizga nasib qilmasligi mumkin.
Lotoreya natijalari e’lon qilingach, har oy viza olish uchun hujjatlari tayyor arizachilarga viza beriladi. 50 ming viza g’oliblarga berib bo’lingach, dastur o’z ishini yakunlaydi. DV lotereyada g’oliblik sizga viza olishni kafolatlamaydi, bu shunchaki viza olish uchun maqomingiz yaroqli ekanligini bildiradi. Ba’zi bir sabablarga ko’ra, hujjatlaringizni o’z vaqtida yoki tezroq tayyorlab ulgurmasangiz, va’da qilingan 50 ming viza tugab ketishi va natijada siz lotoreya g’olib bo’lsangiz ham, viza ololmasligingiz mumkin. Shuning uchun ham lotoreyada g’olib deb topilganlarga viza hujjatlarini darhol tayyorlashlari tavsiya qilinadi.
Lotoreya natijalaridan so’ng, viza olish uchun qancha vaqt ketadi?
DV 2013 lotoreya g’oliblari faqatgina 2012-yil 1-oktabrdan 2013-yil 30-sentabrgacha bo’lgan muddat oralig’ida viza olish uchun hujjat topshirishlari mumkin. Viza olishni belgilangan muddatdan keyinga surishga ruxsat berilmaydi. 2013-yil 30-sentabrgacha viza olib ulgurmagan g’oliblar keyingi yil viza olish imkoniyatidan mahrum bo’ladi. Shuningdek, arizachiga hamroh bo’lgan arizachinig er/xotini va farzandlari ham yuqorida ko’rsatilgan muddat ichida viza olib ulgurishi shart.
Lotereya natijalaridan so’ng g’olib arizachi uylansa nima bo’ladi?
DV lotereyasini yutgandan so’ng arizadagi maqomlardan birortasi, masalan, yashash joyi o’zgarsa, turmush qursa/uylansa, farzandli bo’lsa, g’olib Kentaki Konsullik Markazini bu haqda xabardor qilishi lozim.
Bundan tashqari, g’olib eri/xotini yoki yangi tug’ilgan farznadi uchun immigratsiya bojini to’lashi kerak. Arizaga qo’shilgan yangi a’zo ham DS 230 formasini to’ldirishi lozim.
Turli xil qallobliklarning oldini olish uchun AQSh hukumati lotoreya natijasidan so’ng uylangan/turmush qurgan g’oliblarni jiddiy tekshiruvdan o’tkazadi.
Lotereya g’olibi AQShda bo’lsa, muhojirlik maqomini AQShdan turib o’zgartirishi mumkinmi?
AQShda bo’lgan lotoreya g’oliblari AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatiga ariza topshirib, AQShda doimiy yashovchi maqomini olishi mumkin. Ariza bir muncha uzoq vaqtga cho’zilishi mumkin. Bu muddat davomida arizachiga va unga arizada hamroh bo’lganlarga (eri/xotini, rafiqasi) ishlash uchun ruxsat beriladi va sayohat hujjatlariga ega bo’lishi mumkin.
Lotereya natijalari chiqqan paytda g’olib xorijiy davlatda bo’lsa, qanday vizaga hujjat topshirishi kerak?
Xorijda bo’lgan g’olib AQShning xorijdagi konsullik bo’limi yoki elchixonasida muhojirlik vizasi uchun hujjat topshirishi mumkin. G’olib viza olish uchun hujjatlarni topshirsagina belgilangan miqdordagi bojni to’lashi lozim bo’ladi.
AQSh konsullik muassasasida viza uchun hujjat topshirgan har bir arizachi va unga hamroh bo’lgan oila a’zolari DV amal qilishi uchun va muhojirlik vizasi bojini to’lashi lozim bo’ladi. Ikkala boj ham, agar viza berish rad etilsa, qaytarib berilmaydi. Viza berilsa, viza qo’yilganligi uchun alohida boj har bir viza uchun olinadi.
Viza olish uchun ariza g’olib tug’ilgan davlatdagi yoki oxirgi yashayotgan xorijiy mamlakatidagi AQSh elchixonasi yoki konsullik muassasasida topshirilishi kerak. Xorijiy davlatda viza uchun hujjat topshirayotgan g’oliblar Kentaki Konsullik Markazidan belgilangan viza uchrashuvidan 4 dan 6 haftagacha oldin bo’lgan muddatda uchrashuv belgilanganligi haqida xat oladi.
Xorijda turib vizaga hujjat topshirish jarayoni AQShda turib muhojirlik maqomini o’zgartirish jarayoniga qaraganda qisqa vaqt oladi.
- AQSh hukumati DV lotereyasi g’oliblariga moliyaviy yoki boshqa biror ko’rinishdagi, masalan, safar xarajatlari, ish topish, sog’liqni saqlash, uy-joy topish va ularga to’lash bo’yicha hech qanday yordam bermaydi. Muhojirlik vizasini olish paytida, har bir g’olib AQShda ishlab, yashab keta olishga qodirligini va AQSh davlati yordamiga tayanmasligini isbotlashi lozim bo’ladi. Buning uchun shaxsiy hisobingizda qancha miqdorda pul va boshqa mulkingiz mavjudligini ko’rsatishingiz, AQShdagi qarindosh yoki tanishlaringizning sizga yuborgan ish taklif xatlarini ko’rsatishingiz lozim bo’ladi”.