Savol: Ishxonada har yili majburiy tarzda gazeta-jurnallarga obuna qildirib, ish haqimning 20-30 foizini ushlab qolishadi. Men obuna bo’lmasligimni aytsam ham bu hammaga majburiy deb obuna qilishadi. Har galgidek, bu safar ham menga obuna bo’lganligim to’g’risida biror hujjat berishgani yo’q, obuna bo’lgan jurnallardan esa darak ham yo’q. Majburiy obuna qonuniymi?
Javob: Mehnat kodeksining 164-moddasiga ko’ra, yozma rozilik yoki sud qarori bilangina xodimning mehnat haqidan ushlab qolish mumkin.
Demak, xodimning mehnat haqidan ushlab qolish uchun, masalan, obunaga ushlab qolish uchun xodimning roziligi talab etiladi. Buning ustiga ushbu rozilik yozma tarzda ifodalangan bo’lishi lozim. Agar ish beruvchi obuna barcha xodimlar uchun majburiyligini aytsa, undan buni tasdiqlovchi huquqiy hujjatni ko’rsatishni talab qilish lozim.
Qonunning yuqorida aytilgan bandidagi “sudning qaroriga asosan” degan qismi aliment to’lash, qarzdorlikni undirishga o’xshash ishlarga taalluqli.
Mehnat kodeksining 164-moddasiga asosan, quyidagi hollarda xodimning roziligidan qat’i nazar, mehnat haqidan ushlab qolish mumkin:
1) O‘zbekiston Respublikasida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish uchun;
2) sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun;
3) ish haqi hisobiga berilgan avansni ushlab qolish uchun, xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoki boshqa joydagi ishga o‘tganligi munosabati bilan berilgan bo‘lib, sarf qilinmay qolgan va o‘z vaqtida qaytarilmagan avansni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar natijasida ortiqcha to‘langan summani qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi avansni qaytarish yoki qarzni to‘lash uchun belgilangan muddat tamom bo‘lgan kundan yoxud haq to‘lash noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan avans yoki qarzni ushlab qolish haqida farmoyish berishga haqlidir. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoxud boshqa joydagi ishga o‘tganligi munosabati bilan berilgan avansning ushlab qolinishini asossiz yoki miqdorini noto‘g‘ri deb hisoblasa, u holda qarz sud tartibida undiriladi;
4) hisobidan xodim ta’til olib bo‘lgan ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilinganda, — ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun. Ana shu kunlar uchun haq mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 89-moddasining to‘rtinchi qismida, 100-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlari, 106-moddasining 1 va 2-bandlarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra, shuningdek o‘qishga kirganligi yoki pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan bekor qilinganda ushlab qolinmaydi;
5) xodim tomonidan ish beruvchiga etkazilgan zararni qoplash uchun, agar etkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan ortiq bo‘lmasa;
6) ushbu Kodeksning 181-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun.
Ish haqini har gal to‘lash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli bo‘lgan mehnat haqining ellik foizidan ortib ketmasligi lozim.
Demak, ish beruvchi xodimning ish haqidan majburiy tarzda obuna uchun ushlab qolishi noqonuniy hisoblanadi. Mehnat kodeksining 260-moddasiga asosan, ushbu holat yuzasidan korxonadagi mehnat nizolari komissiyasiga (agar mavjud bo’lsa) va/yoki korxona joylashgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga shikoyat qilishingiz lozim.