Savol: OVIR vizamning muddati tugaganiga 3 yildan oshdi. Turkiya fuqarosiga turmushga chiqqanman, hali Turkiya fuqaroligiga o’tmadim. Keyingi yil O’zbekistonga borish niyatimiz bor. Kirishda OVİR so’ramasliklarini bilaman, lekin chiqishda yana bu vizani olgan bo’lishim shartmi? Har safar borganda yangi OVIR olmasdan, uni bir marta doimiy muddatga olish mumkinmi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonuni 6-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan erkak yoki ayolning chet el fuqarosi bilan yoxud fuqaroligi bo’lmagan shaxs bilan nikohdan o’tishi, shuningdek, bunday nikohning bekor qilinishi er yoki xotinining fuqaroligi o’zgarishiga sabab bo’lmaydi. Demak, Turkiya fuqarosiga turmushga chiqqan bo’lsangiz ham (agar o’z xohishingiz bilan O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishni so’rab murojaat qilmagan bo’lsangiz) siz O’zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanasiz. Bundan kelib chiqadiki, sizning O’zbekiston Respublikasidan chel elga chiqishingiz hamda O’zbekistonga qaytib kirishingiz kabi masalalarda O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga qanday qoida qo’llanilsa, sizga nisbatan ham shunday qoidalar tatbiq etiladi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining chel elga borishlari tartibi to’g’risida”gi 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qaroriga 1-ilovaning II bo’lim, 1-bandiga ko’ra, chet elga bormoqchi bo’lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari belgilangan tartibda anketa-arizani to’ldirgan va O’zbekiston Respublikasi pasportini taqdim etgan holda yashash joylari bo’yicha ichki ishlar organlariga murojaat qiladilar. Ichki ishlar organlari fuqarolarning anketa-arizasini 15 kunlik muddatda ko’rib chiqadilar va uning pasportiga chel elga vaqtinchalik borish uchun ikki yil davomida amal qiladigan ruxsat berish yozuvi stikeri (OVIR) ni yopishtiradilar.
Siz birinchi marta Turkiyaga kelishingiz oldidan yuqorida keltirilgan tartib bilan ikki yil muddat davomida chel elga chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) olgansiz. Ushbu ikki yillik muddat tugab siz O’zbekiston Respublikasiga qaytganingizdan so’ng yana O’zbekiston Respublikasidan chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) olishingiz kerak bo’ladi. Ammo siz O’zbekiston Respublikasining chel elga doimiy yashash uchun ketayotgan fuqarosi sifatida yuqorida keltirilgan ikki yillik chet elga chiqish uchun ruxsatnoma emas, balki chet elga chiqish uchun muddatsiz ruxsatnoma olish huquqiga egasiz. Buning uchun pasportingizni taqdim etgan holda yashash joyingiz bo’yicha (ya’ni pasportingiz bo’yicha O’zbekiston Respublikasidagi manzilingiz) ichki ishlar organlariga murojaat qilasiz. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarori 1-ilovasi, 2-bo’limi, 2-qismiga ko’ra, doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan shaxslarga ichki ishlar organlari ularning pasportidagi vizalar uchun nazarda tutilgan betga doimiy yashash uchun chel elga borishga ruxsat berish yozuvi stikerini amal qilish muddatini ko’rsatmasdan yopishtiradilar. Doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan shaxslar uchun hujjatlarni ko’rib chiqish muddati 30 sutkagacha uzaytirilishi mumkin.
Demak, siz O’zbekiston Respublikasiga borib, yana Turkiyaga qaytishingiz uchun albatta OVIR olishingiz kerak, lekin siz ikki yillik muddatdagi OVIR uchun emas, balki doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida muddatsiz OVIR olish uchun murojaat qilishingiz kerak.