Har yilgidek bu yil ham Tojikistonda Navro’z tantanalari yuqori martabali rahbarlar va oddiy xalq uchun alohida-alohida o’tkazildi. Navro’zning ilk kuni, bahorgi tengkunlikda poytaxt Dushanbe va viloyat markazlarida kazo-kazolar uchun tantanalar ajoyib o’tdi.
Maxsus jihozlangan sayilgohlar tantana ishtirokchilari va mehmonlarga to’la, dasturxonlar to’kin va fayzli bo’ldi, turli tuman qiziqarli tadbirlar tashkil etildi, taniqli xonandalar ochiq havoda kuylashdi, raqsga tushishdi. Oddiy xalq uchun esa bayram tantanalari yomg’irli, izg’irin bo’lishi aniq bo’lgan kunlarga qoldirildi.
Navro’z sabab oz bo’lsa-da odamlar ko’tarinki kayfiyat istashdi, hordiq ham chiqarishgandek bo’lishdi. Ayrim rahbarlar yo’lg’iz keksalarni ziyorat etishdi, bolalar uylari, maktab va kutubxonalar, kasalxonalarga baholi qudrat ko’mak ko’rsatishdi, xalq uchun taniqli hofizlarning chiqishlarini uyushtirishdi.
Bayramlarning rahbarlar va oddiy xalq uchun alohida o’tkazilishi menga ma’qul bo’lmasa ham, har holda hukumat shunchalik qilayotganiga shukr qilish kerak, deydi tantana ishtirokchisi bo’lgan ziyolilardan biri.
Navro’z kuni ochiq havoda viloyat markaziga borishga qo’li qisqalik qilgan serfarzand dehqon nohiyalarda yomg’irli kunga qoldirilgan bayramni bayram hisoblamaydi.
“Kattalarimiz nuqul o’zini o’ylashadi, oddiy xalq izg’irin-yomg’irda qoldi. Chiroq bo’lmasa, havo sovuq, bular ham bayram qilishi kerakmi axir? Bu qanaqa gap, uddalay olishmasa, qo’ysinlar, Qrimga o’xshab Rossiyga qo’shilib ketaylik, har tugul maosh berishardi, nafaqa bo’lardi, chiroq o’chmasdi”, – deydi oddiy fuqarolardan biri.
Navro’z tadbirlari nega rahbariyat uchun ochiq kunlarda viloyat markazlarida o’tadi-yu, xalq qishloqlarda qolib ketadi, degan savolga ismini aytishni istamagan mulozimlardan biri shunday javob beradi:
“Biz ham xalq tashvishidamiz, ular uchun xizmat qilamiz, bayramni ham ularga uyushtirmoqdamiz, kelayotgan odamlar, ishtirokchilar xalq emasmi?”
Uzoq nohiyadan markazga milliy taomlar ustasi sifatida taklif etilgan bir oshpazning aytishicha, tadbirga sarflangan xarajatlarning aksar qismi tadbirkorlar va mahalliy byudjet gardaniga tushadi, puldor pul qiladi, kambag’al borini sarflaydi.
Navro’z bayrami munosabati bilan hukumat nashrlarida ishlab kelayotgan yoki ularga xizmat qilayotgan o’ndan ortiq jurnalistga dala hovlilari uchun tomorqa berildi. Yillar davomida tomorqa uchun navbatda turganlarning ayrimlari esa nevaralari mehnat muhojirligida ishlab topgan puli hisobidan tomorqaning har sotixini 4-5 ming dollardan sotib olmoqda.
“Biz go’yo yuksak texnik taraqqiyot davridagi feodalizmda yashayotgan qulga o’xshaymiz, bayramlar o’tkinchi, tashvishlar esa doimiy”, – deydi yana bir fuqaro.
Keling, endi navbatni suratlarga beraylik. Quyida Tojikistonda bo’lib o’tgan Navro’z bayrami tantanalari aks etgan lavzalarni e’tiboringizga havola etamiz.