Kuz fasli qishloqqa ajib fayz, latofat va baraka baxsh etadi. Bu fayzu-barakotning “mualliflari” – ona tabiat hamda, deyish mumkinki, yoshlar.
“Yer va chorvaning qishloq ahliga mulk sifatida bo’lib berilishi yoshlarda qishloq xo’jaligiga o’zgacha havas va mehr uyg’otdi, – deydi O’sh viloyati Aravon tumanidan faxriy agronom Tohirjon Olimjonov. – Izlanuvchan fermerlar yangi texnologiyalar, serhosil navlar olib keldi. Oqibatda hozir qishloq nafaqat o’lkamiz shaharlarini boqayapti. Rossiya, Qozog’istonga karvon-karvon meva-cheva, poliz mahsulotlari yuborilayapti. Buning ortidan xonadonlarga farovonlik kelyapti”.
Aravonning ertangi kartoshkasi, O’zganu Oq-Turpoq guruchi, Botken o’rigi, Aqsining olmayu-olxo’risi, Qorasuvning Podavon sabzisi butun mintaqada ma’lum va manzur.
Jo’rayevlar sulolasining kenja vakili Hojiakbar (suratlarda) yetishtirgan sabzi, qadim usulda o’ralarda saqlanib, oy o’tgan sayin shifobaxsh xususiyati kuchayadi.
Shahardan kelin bo’lib tushgan Dilnoza mol sog’ish, qurut-qaymoq tayyorlashni yaxshi o’rganib olgan (suratlarda).
Qishloqlarda qurilish qizg’in. Yosh avlod shinam, barcha qulayliklarga ega uylarda yashashga intiladi. O’z qo’llari bilan binolar yaratib, gullar ekib, toza ichimlik suvi olib kelish naqadar gashtli (suratlarda).
Bu joylarda bolalikdan mol-qo’y boqish, olisdan ichimlik suvi tashish, dala ishlarini bajarish, kezi kelsa, g’isht quyish kabi ishlarga o’rganishadi (suratlarda).
“Mehnatda chiniqsa, kam bo’lishmaydi”, – deydi kattalar – ota-bobolar. Bu o’rinda o’spirin yoshlar haq-huquqlari haqida ko’pam o’ylanilmaydi.
Ovul yoshlari ilm-fan, san’atga oshiqmoqda, masjidga shoshayotganlar orasida ham o’spirinlar bisyor (suratlarda).
Rasmiy xabarlarga ko’ra, yangi yerlarga ko’chib o’tishni ixtiyor etgan yosh oilalar, shuningdek, olis tumanlarda ishlamoqchi bo’lgan yosh mutaxassislarga mahalliy va markaziy hukumat qator imtiyozlar beradi.
Yaratuvchan yosh kuch hamma joyda kerak va aziz.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif