Bundan 400 yilcha muqaddam Farg’ona vodiysidan Turkiston tizma tog’lari orqali Pomir-Oloy vodiylariga boruvchi karvonni har doim Istravshanga o’tishda Sangidog’ darasida qaroqchilar muntazam talab kelishgan. Aytishlaricha, o’shanda o’zbekning qo’ng’irot urug’idan bo’lgan yetti aka-uka shu darada qorovullik qilib, karvonlarning xatarsiz o’tishini ta’minlagan va yo’lto’sarlikka chek qo’yishgan ekan. Bora-bora bu darada qo’nim topgan aka-ukalar tevaragiga uzoq-yaqinlardan boshqalar ham kelib qo’shilgan, Istravshan begi ularni barcha soliqlardan ozod etib qo’ygan, odamlar yashayotgan qishloqcha esa shu sabab Darxon, ya’ni soliqlardan ozod etilgan degan nom olgan.
Bu tarixiy haqiqat, deydi Istravshanning 2500 yilligini nishonlashdan oldin o’lka tarixini o’rgangan tarixchi olimlar. Qadimiy kitoblarda bu haqda yozib qoldirilgan.
Hozir Turkiston to’g etaklarida joylashgan Darxon qishlog’ida 500 ga yaqin xo’jalik bo’lib, to’rt mingga yaqin aholi yashaydi, ularning 80 foizdan ortig’i o’zbeklardir.
Tojikistonning Sug’d viloyati, G’onchi nohiyasiga qarashli bu qishloqdagi shoir Abdulla Qayum nomidagi 17-o’rta maktabda uch yuzdan ortiq talaba o’qiydi. Bu yerdan taniqli irrigatorlar yetishib chiqqan. Viloyatda tanilgan tajribali suvchi, hozirda 85 yoshni qoralayotgan Subxon Xoliqov ham shu qishloqdan.
Maktab direktori Sayxon Qayumiy qishloqning taniqli va hurmatli ziyolilaridan. U bu yerda o’lkashunoslik tarixiy muzeyini tashkil etgan. Unda 300 yillik asori buyumlarni ko’rish mumkin.
Qishloq aholisi, asosan, dehqonchilik va bog’dorchilik bilan mashg’ul. Bu yerda yetishtiriladigan kartoshka urug’ligi uchun tog’lar oralab, janubdan ham xaridorlar kelishadi.
Basmanda soyi etaklarida joylashgan Darxon qishlog’i tabiati shundayki, aholi kamdan-kam kasallanadi. Odamlari sog’lom va baquvvat, qiyinchiliklarga chidamli.
Sho’rolar davrida qishloq nomi Yangiariqi Bolo deb o’zgartirilgan. Mustaqillik yillarida tarixiy nom qayta tiklandi.
Qishloq hozirda O’ratepa suv omborini suv bilan ta’minlab turgan Basmanda soyi etagida joylashgan bo’lib, soy o’zani sho’rolar davrida kichik to’g’on bilan to’silgan. Darxon dehqonlarining o’zi ham kezi kelganda suvga zor bo’lishadi.
Toshkendagi Nizomiy nomli pedagogika institutida tahsil olgan Abdujalil Abdujabborov ham hozirda dehqonchilik bilan shug’ullanadi, qishloq aholisiga bosh bo’lib, 13 chaqirimdan Basmanda soyining quruq o’zanida artezan ochib, suv keltirgan.
Dehqonchilik mavsumi tugagach, qishloqda ko’pchilik ishsiz qolishadi, yoshlar mahalla boshida top’lanishib, biror o’yin bilan o’zlarini ovutishadi, hunari borlar mehnat muhojirotida.
Taniqli irrigator, keksa suvchi Subhon Xoliqov aytadiki, Basmanda soyininig hozirda bo’gilgan o’zanidan o’n chaqirimcha balandlikda kichik to’g’on qurib, minglab yangi yerlarni o’zlashtirish, butun G’onchi nohiyasini muttasil arzon elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin.
“Yirik mablag’ talab etuvchi ulkan to’g’onlar o’rniga aho’li zich jo’ylashgan nohiya markazlaridan uzoq bo’lmagan bunday qulay mavzelar Tojikistonda talaygina, ulardan foydalana bilish zarur. Tushunaman, respublikamiz iqtisodi juda taraqqiy etmagan, mablag’ berishmaydi. Lekin kichik to’g’on va suv omborlari katta mab’lag’ talab etmaydi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Dushanbega kelib, respublikamizdagi energetik taqchillikini bartaraf etishda yordamga tayyorliklarini ta’kidlab, ba’zi loyihalar borligini aytganda, ehtimol, shularni nazarda tutgandir? Agar shunday bo’lsa, men o’zimdagi barcha loyiha va chizmalarni qo’sh qo’llab topshirardim, xalqimiz faravon bo’lsa bas”, – deydi Subxon aka.
Uning aytishicha, shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur Andijondan chiqib ketar ekan, hozirgi Darxon qishlog’iga yetmasdan, Basmanda soyining so’lim bir yerida lashkariga hordiq bergan, ularni qayta sanab chiqqan va shu yerdagi silliq qoya toshda bitik qoldirgan.
“Shu-shu u yer Boburtosh deb ataladigan bo’lgan. Hozirda u toshni Dushanbega olib ketishgan, tarix muzeyida saqlanmoqda deyishadi. U yo’gi bizga noma’lum”, – deydi keksa suvchi.
Matn va suratlar muallifi Ravshan Shams
One response to “Darxon – tog’lar orasidagi o’zbek qishlog’i”
Бародари азиз дуруг нагуед . дархоне,ки мегуед солхои хокимияти шурави ба миен омад.ин ривоятхои бемаъниро дигар нанависед.