Biometrik pasportning oddiy pasportdan qanday farqi bor?

Posted November 17th, 2013 at 7:45 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Biometrik pasport va shu kungacha amalda bo’lgan pasport o’rtasida qanday farq bor?

Audio:

Javob: Biomеtrik pasport amaldagi pasportdan bir necha jihati bilan farq qiladi. U 36 varaqdan iborat (avvalgisi 32 varaq) bo‘lib, unda himoya tizimi kuchaytirilgan. Ya’ni, biomеtrik pasportlarga, amaldagilardan farqli o‘laroq, 11 ta qo‘shimcha himoya elеmеnti kiritilgan. Bu pasportni qalbakilashtirishning oldini olishga qaratilgan.

Pasportning orqa muqovasiga joylashtirilgan maxsus qurilma (chip)ga fuqaro, ya’ni pasport egasi biomеtrik ma’lumotlarining elеktron nusxasi kiritiladi. Fuqaroning biografik ma’lumotlariga familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan vaqti va joyi, millati, jinsi, pasport sеriyasi va raqami, bеrilgan vaqti va amal qilish muddati, biomеtrik ma’lumotlariga esa uning fotosurati hamda barmoq izlari kiradi. Pasportdagi maxsus qurilma yordamida xalqaro aeroport, chеgara punktlaridan o‘tilayotganda kompyutеr qurilmasida bir soniyadayoq shaxs haqidagi barcha ma’lumotlar aks etadi. Bu esa jinoyat sodir etib qochib kеtmoqchi bo‘lganlarni qo‘lga olish, uyushgan jinoyatchilik, tеrrorizmga qarshi kurash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda qo‘l kеladi.

Yangi namunadagi pasportni olish uchun fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududiy ichki ishlar idoralariga, xorijda yashayotgan fuqarolar esa Tashqi ishlar vazirligining xorijdagi konsullik vakolatxonalariga ariza bilan murojaat qiladilar. Bu yеrda ariza bеrgan shaxs monitorda suratga olinadi va barcha barmoq izlarining fotonusxasi tushiriladi (Pasport olayotganda esa ko‘rsatkich barmog‘ining izi surati yana qayd etiladi). Fuqarolarning arizalari asosida biomеtrik pasport tayyorlash uchun Davlat pеrsonallashtirish markaziga elеktron talabnoma yuboriladi. Mazkur talabnoma asosida biomеtrik pasport tayyorlanadi va unga shaxsning tеgishli ma’lumotlari kiritiladi.

Hunarmand tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tishi kerakmi?

Posted November 3rd, 2013 at 4:26 pm (UTC+0)
Leave a comment

http://tashabbus.uz/wp-content/uploads/2013/02/remesla_ferghana_3_-610x259.jpg

Savol: Men hunarmandman, ya`ni xaridorning didi va xohishiga mos ravishda mebel yasayman. Savolim shuki, shu ishimni qonunan qanday rasmiylashtirsam bo’ladi? Mendan nimalar talab qilinadi? Qanday soliqlar to’layman? Oilaviy shu ish bilan shug’ullanamiz. Oilaviy biznes sifatida rasmiylashtirsam bo’ladimi?

[AUDIO: Tadbirkorlikni qanday ro’yxatdan o’tkazish mumkin?]

Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM”ga ko’ra, oilaviy tadbirkorlik yoki hunarmandlik faoliyati bilan shug’ullanish uchun yuridik shaxs sifatida ro’yxatdan o’tish shart emas.

Oilaviy tadbirkorlik hamda hunarmandchilik faoliyati sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Oilaviy tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi, unda yakka tartibdagi faoliyatning oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshirilishi, shuningdek birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi oila a’zolari ko‘rsatiladi.

Oilaviy tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda oilaviy tadbirkorlik sub’ekti nomidan er-xotindan biri ulardan bittasining notarial tasdiqlangan roziligiga ko‘ra ish ko‘radi.

Hunarmandchilik faoliyati sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida beriladigan guvohnomada hunarmandchilik faoliyati yo‘nalishlari ko‘rsatiladi.

“Hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlari RO‘YXATI”ga ko’ra, mebellarni bezash (mebellarni gazlama materiallar bilan qo‘lda bezash‎) va avtorlik mebellarini tayyorlash (dekorativ-amaliy san’at buyumlariga taalluqli bo‘lgan mebellar, komplektlar va alohida buyumlar)‎ hunarmandlik faoliyati sub’yetki sifatida ro’yxatdan o’tish uchun asos bo’ladigan faoliyat turlari sifatida ko’rsatilgan. Demak, siz qiladigan shu turdagi hunarmandlik faoliyatiga aloqador bo’lsa, oilaviy tadbirkor yoki hunarmandlik sub’yekti sifatida ro’yxatdan o’tishingiz mumkin.

Shuningdek, “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug’ullanishi mumkin bo’lgan faoliyat turlari ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida”gi qaroriga ilova qilingan ro’yxatda mebelni yig‘ish va ta’mirlash‎, mebel dizayni bo’yicha xizmatlar yuridik shaxs tashkil etmasdan, balki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida shug’ullanish mumkin bo’lgan faoliyat turlari sifatida belgilangan. Ammo ushbu ro’yxatda ko’rsatilmagan ishlab chiqarish yoki boshqa turdagi faoliyat bilan shug’ullanish uchun yuridik shaxs sifatida ro’yxatdan o’tish lozim.

Oilaviy tadbirkor yoki hunarmand sifatida ro’yxatdan o’tish yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tish tartibi bilan bir xil.

“Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM”ga ko’ra, yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun jismoniy shaxs o‘z yashaydigan tuman va shahar hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasiga shaxsan kelgan holda yoki pochta xizmati orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etadi. Arizada oilaviy tadbirkor yoki hunarmandlik sub’yekti sifatida ro’yxatdan o’tish niyatida ekaningizni ko’rsatishingiz mumkin.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

3×4 sm o‘lchamdagi ikkita fotosurat;

davlat bojining belgilangan miqdori to‘langanligi haqidagi bank to‘lov hujjati;

ikki nusxada muhr va shtamp eskizlari (ixtiyoriy);

pasport nusxasi.

Ro’yxatdan o’tkazuvchi organ ikki ish kuni ichida arizani ko’rib chiqib, jismoniy shaxsni ro’yxatga olish yoki asoslangan tarzda arizani rad etish haqida qaror chiqarishi kerak.

Agar ariza rad etilsa, qonun hujjatlarida ko’rsatilgan tartib bo’yicha yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Tadbirkor sifatida ro’yxatga olinganda, soliq organi yakka tartibdagi tadbirkor, oilaviy tadbirkor yoki hunarmandga soliq to’lovchining identifikatsiya raqamini beradi. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilganda unga beriladigan raqamdir.

Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq to‘lovchiga bir marta beriladi. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami o‘zgarmaydi va bekor qilinganidan keyin boshqa soliq to‘lovchiga berilmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish va ruxsat berish tartib-qoidalari tugagandan keyin ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ belgilangan muddatda yakka tartibdagi tadbirkorga yakka tartibdagi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, shuningdek, agar yakka tartibdagi tadbirkor olishni xohlagan bo’lsa, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning muhri bilan tasdiqlangan muhr va shtamp eskizini beradi.

Soliq kodeksining 373-moddasiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z faoliyatini amalga oshirish doirasida tegishli ravishda qat’iy belgilangan soliq bilan bir qatorda bojxona to‘lovlari (eksport-import operatsiyalari amalga oshirilganda), yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar (yer qa’ridan foydalanilganda), suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (suv resurslaridan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilganda), aktsiz solig‘i (aktsiz to‘lanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda), byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari, davlat boji, avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlarni ham to‘laydilar. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor soliq solinadigan mol-mulkka va (yoki) yer uchastkasiga ega bo‘lsa, odatdagidek, jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash majburiyatini ham o‘z zimmasida saqlab qoladi.

Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qo‘shish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 6-oktabrda 1515-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida qatnashadilar.

Agar yakka tartibdagi tadbirkor ba’zi sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini muayyan muddatga to‘xtatib tursa, tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga bu haqda ariza bilan murojaat etishi kerak. Bunda davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ham vaqtincha topshiriladi va tadbirkor vaqtincha faoliyat yuritmagan davr uchun qat’iy belgilangan soliqni hisoblash to‘xtatib turiladi.

Demak, siz doimiy yashab turgan tuman yoki shahar hokimiyatining Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasiga borib yoki pochta orqali oilaviy tadbirkorligingizni davlat ro’yxatidan o’tkazishingiz mumkin.

Ota roziligisiz farzandni xorijga olib chiqish mumkinmi?

Posted October 29th, 2013 at 1:32 am (UTC+0)
Leave a comment

http://gdb.voanews.com/CA9339B9-46FF-4062-B435-1B5E25B816A9_mw967_mh385_s.jpg

Savol: Farzandlarimni erimning roziligisiz chet elga olib chiqishim mumkinmi?

AUDIO:

Javob: O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning III bo’limiga  hamda O‘zbekiston Respublikasining 16 yoshga to‘lmagan fuqarosi guvohnomasini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar idoralari tomonidan rasmiylashtirish va berish tartibi to‘g‘risidagi Yo’riqnomaning 12-bandi “j”-qismiga ko’ra, 16 yoshga to’lmagan fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ota-onalardan biri bilan xorijga vaqtincha chiqayotganda ota-onalardan ikkinchisining roziligi talab qilinmaydi.

Bundan tashqari, 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ota-onalari yoki vasiylari (homiylari)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda chet elga chiqishi uchun notaries tomonidan tasdiqlangan roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda xorijga hamrohlarsiz chiqishlari mumkin.

Demak, farzandingizni chet elga sayohatga o’zingiz bilan birga olib chiqish uchun otasining roziligi talab etilmaydi.

Pore bergan odam ham javobgarlikka tortiladimi?

Posted October 14th, 2013 at 2:41 pm (UTC+0)
1 comment

Savol: Men Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ishga kirish uchun hujjat topshirgandim. Mendan 12 ming AQSh dollari so’rashdi. Men bu pulni berdim, berganim to’g’risida dalilim bor: yashirincha syomka qildim. Hali hamon ishsiz yuribman. 3 yil bo’ldi. Men kimga va qayerga murojaat qilishim kerak? Bunday holatda qanday ish tutishim kerak?

 Javob: Avvalambor, Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ishga kirish uchun pul to’lanmaydi. Demak, sizdan 12 ming AQSh dollari so’rashgan va olgan bo’lishsa va bu harakat ishga olishga vakolatli shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo’lsa, bu xatti-harakat O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi bilan, mas’ul mansabdor shaxs tomonidan pora olish deb baholanishi lozim. Agarda ishga olishga vakolatli bo’lmagan shaxs tomonidan ushbu jinoiy qilmish amalga oshirilgan bo’lsa, bu shaxsning jinoiy qilmishi  pora olish-berishda vositachilik qilish sifatida O’z. Res. JKning 212-moddasi 3-qismining tegishli bandlari bilan yoki firibgarlik – aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo’li bilan o’zganing mulkini qo’lga kiritish sifatida JKning 168-moddasi bilan tavsiflanishi mumkin.

Oradan uch yil vaqt o’tgan

“3 yil bo’ldi” degan holat bo’yicha shuni aytish lozimki, aslida poraxo’rlik boshqaruv organlari faoliyati tartibiga qarshi qaratilgan uch mustaqil mansab jinoyatlarini – pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilishni o’z ichiga oladi. JKning 211-m., 4-q.da pora beruvchini jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning ikki asosi mavjud: birinchidan, shaxsga nisbatan pora so’rab tovlamachilik qilingan bo’lsa; ikkinchidan, bu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o’z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko’ngildan pushaymon bo’lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo’lsa. Ushbu holatlardan biri aniqlansa, pora bergan tomon javobgarlikdan ozod etilishi shart. Bunda ixtiyoriy xabar berish motivi va pora bergandan keyin o’tgan vaqt ahamiyatga ega emas (Qarang: O’z. Res. JKga sharhlar. Maxsus qism. 531-bet. Toshkent – “ILM ZIYO”- 2006).

Qayerga shikoyat qilish kerak?

Bu kabi jinoyatlar sodir etilganda, O’zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish vazifasi hisoblangan O’z. Res. Bosh prokuroriga, tegishliligi bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuroriga, viloyat yoki shahar prokuroriga o’zingiz  ariza bilan dalillaringizni ilova qilgan holda murojaat qilishingiz mumkin. Bu ishda advokat yordamidan foydalanishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi. (Qarang: “Prokuratura to’g’risida”gi Qonun).

Videotasvir dalil sifatida o’tadimi?

Pora berish jarayonini video yozuvga tushirib olganingiz dalil sifatida o’tadi. Faqat u qonun talablariga rioya qilingan holda, ya’ni u tegishli sub’yekt – dalilni olish bilan bog’liq bo’lgan protsessual harakatlarni o’tkazishga vakolatli mansabdor shaxs – surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan olingan bo’lsa, uni olish bilan bog’liq protsessual harakatni o’tkazishga oid qoidalar va tartibga rioya qilingan bo’lsa.

O’z. Res. Oliy sudining 2004-yil 24-sentabrdagi “Dalillarning maqbulligiga oid jinoyat protsessual qonun normalarini qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi Plenum qarorida bu masalalar batafsil bayon qilingan bo’lib, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonunni aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko’ra yuz berganligidan qat’i nazar, shu yo’l bilan olingan dalillarning nomaqbul (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi. Mazkur holat bo’yicha mavjud voqeani videotasvirga olishning, albatta, uchinchi shaxs ko’magida amalga oshirilganligini ham e’tiborga olib, tergovchi, prokuror va sud uni ish bo’yicha to’plangan boshqa dalillar bilan solishtirib, jinoyat ishi bo’yicha dalil sifatida ishga qo’shish mumkinligini muhokama qilishi lozim bo’ladi.

Bu jinoyatni isbotlash uchun yana qanday dalillar taqdim qilinishi lozimligiga kelsak, jabrlanuvchining ko’rsatuvi, videotasvirga olgan va boshqa guvohlarning ko’rsatuvlari ham taqdim qilinishi mumkin.

Homilador va yangi onalarga qanday moddiy yordamlar bor?

Posted October 7th, 2013 at 2:43 am (UTC+0)
Leave a comment

Savol: O’zbekistonda homilador yoki yangi ona bo’lgan ayollarga beriladigan qanday moddiy yordam turlari bor? Ishlayotgan onalarga dekret pulining berilish tartibi qanday?

Javob: O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 233-moddasida homiladorlik va tug`ish ta’tillari ko`rsatilgan. Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug`ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug`ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug`ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqa to`lanadi.

Homiladorlik va tug`ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug`ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar, ayolga to`liq beriladi.

Read the rest of this entry »

Militsiya tadbirkor ishiga aralashishi mumkinmi?

Posted September 30th, 2013 at 2:24 am (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Tadbirkor faoliyatini militsiya tekshirishi mumkinmi? Umuman, tadbirkorlik subyektlarini kimlar va qachon tekshirish huquqiga ega?

Javob: Mahalla militsiya noziri xususiy tadbirkor faoliyatiga har qanday tartibda aralashishga haqqi yo’q.

O’zbekiston Respublikasining Xo’jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to’g’risidagi qonuniga ko’ra, tekshirishga ruxsat berilganligi to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma yoki shaxsiy guvohnomaga ega bo’lgan nazorat qiluvchi organlarning xodimlarigina xususiy tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqiga ega.

[AUDIO: Militsioner tabdirkor faoliyatiga aralashishi mumkinmi?]

Kichik tadbirkorlik sub’yektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko‘pi bilan to‘rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko‘pi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.

Qonunning 101-moddasiga ko’ra, yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyati ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshirishlardan mutlaqo ozod qilinadi.

Read the rest of this entry »

Paxta terimiga chiqish uchun yoziladigan tilxatlar qonuniymi?

Posted September 22nd, 2013 at 3:40 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Talabalarning paxtaga o’z ixtiyori bilan chiqishi haqida bunday tilxat yozishi qanday huquqiy maqomga ega? Talaba tilxatda bergan va’dasining ustidan chiqmasa, paxta terishdan voz kechsa, kollej ma’muriyati mazkur tilxat asosida talabani “jazolashi” mumkinmi?

Javob: Avvalo, tilxat tushunchasi haqida biroz ma’lumot bersak.

Kundalik hayotimizda tilxatlardan juda ko’p foydalaniladi. Qonunchilikda tilxatning ta’rifi berilmagan bo’lsa ham, uni bitim turlaridan biri deb aytish mumkin. Tilxatlar bir taraflama tuzilgan bitim hisoblanadi. Chunki uni tuzish uchun bir tarafning xohishi zarur va yetarli bo’ladi. Bitimlar ba’zi holatlarda haqiqiy emas deb hisoblanadi. Masalan, qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitimlar (FK, 116-modda), o’n to’rt yoshga to’lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimlar (FK, 117 modda) va o’n to’rt yoshdan o’z sakkiz yoshgacha bo’lgan voyaga yetmagan shaxslar bitimlarni ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylari roziligisiz (FK, 118 modda) tuzgan holatda haqiqiy hisoblanmaydi. Shu bilan birga, aldash, zo’rlik, qo’rqitish, shuningdek, fuqaro og’ir holatlar yuz berishi tufayli o’zi uchun o’ta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur bo’lgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qo’lgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchi da’vosi bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bitim haqiqiy bo’lmaganda, taraflarning har biri bitim bo’yicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi kerak. Olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin bo’lmaganida esa, uning qiymatini pul bilan to’lashi shart bo’ladi.

Read the rest of this entry »

O’qishga qayta tiklash mumkinmi?

Posted September 14th, 2013 at 11:35 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Noma’lum sabablarga ko’ra o’qishni tashlab ketgan yoki oliy o’quv yurtini o’z vaqtida bitira olmagan sobiq talabalar o’qish joylariga qayta tiklanishi mumkinmi?  Buning tartibi qanday?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qaroriga “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi to’g’risida”gi 3-ilovaga muvofiq, o’qishdan chetlashtirilgandan so’ng 5 yilgacha bo’lgan muddatda o’qishga qayta tiklashga yo’l qo’yiladi.

[O’QISHGA QAYTA TIKLASH MUMKINMI? – AUDIO]

O’qishdan chetlatilgandan keyin 5 yildan ortiq muddat (harbiy xizmatda bo’lganlik, uch yoshgacha bo’lgan bolalarni parvarish qilish bilan bog’liq mehnat ta’tili hamda sog’liqni qayta tiklash vaqtlari ushbu muddatga kirmaydi) o’tgan hollarda talabalar o’qishini qayta tiklash Idoralararo komissiyaning ruxsati bilan amalga oshiriladi.

O’qishga qayta tiklash haqidagi ariza bir oy muddatda ko’rib chiqiladi.

Read the rest of this entry »

“Grin karta” g’oliblari uchun foydali ma’lumotlar

Posted September 8th, 2013 at 9:36 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi “Grin karta” lotereyasida ishtirok etish uchun hujjat topshirilgach, uning javobini qanday va qachon bilish mumkin? G’olib chiqqanlar nima qilishi kerak?

Javob: DV 2014 Lotoreya Dasturi arizachilari lotoreya natijalarini elektron DV vebsaytida 2013-yil may oyidan boshlab 2014-yil sentabrgacha tekshirishlari mumkin.

Lotereya natijalarinini tekshirishda arizachiga DV lotoreyaga ariza topshirgan mahal berilgan tasdiq xati kerak bo’ladi. Ushbu xatdagi tasdiq nomerini vebsaytga kiritib, lotereyada yutgan yoki yutmaganligingizni aniqlashingiz mumkin.

Read the rest of this entry »

Xorijda pasport yo’qolsa, nima qilish kerak?

Posted August 26th, 2013 at 6:01 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: O’zbekiston fuqarosi xorijda pasportini yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yo’qotib qo’ysa, nima qilishi kerak?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risida Nizomga ko’ra, xorijda pasport yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda, fuqaro bu haqda konsullik hisobiga qo‘yilgan joyga darhol xabar berishi shart. Ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-qoidalar bajarilgandan keyin fuqaroga yangi pasport beradi.

Xorijda yo’qolgan pasport haqida [AUDIO]

Vaqtincha chet elda bo‘lgan va konsullik hisobida turmagan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasiga qaytish ruxsatini beruvchi sertifikat olish uchun O‘zbekiston Respublikasining tegishli konsullik muassasasiga murojaat qiladilar.

Vaqtinchalik konsullik hisobiga olish o‘qish, davolanish, xalqaro sport musobaqalarida, madaniy va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun xorijga olti oydin ortiq muddatga chiqqan fuqarolarga va xorijga vaqtincha chiqishni belgilangan tartibda rasmiylashtirgan voyaga yetmagan shaxslarga rasmiylashtiriladi.

Read the rest of this entry »

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

December 2024
M T W T F S S
« Jun    
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031