Bu yil Tojikistonga bahor juda erta keldi. Bozor rastalarida yanvar oyi tugamasdan ko’k somsa uchun dorivor o’simliklar paydo bo’ldi. Fevral oyida adirlarda boychechak ochildi. Ariq lablarida momoqaymoq gulladi, yalpiz undi.
Bozorlarda o’tgan yilgi kuz hosili hali mo’l. Garchi, 2015-yil bahoridagi qattiq sovuq mamlakat shimoliga katta zarar yetkazib, asosiy hosilni nobud etgan bo’lsa-da, mamlakat janubi va Eron hamda Qirg’izistondan keltirilayotgan meva-chevalar rastalarni to’ldirmoqda.
Ob-havoning issiq kelishi sabab, mamlakat rahbariyati keyingi 20 yil orasida birinchi marta qish faslida aholi uchun elektr energiyasiga joriy etilgan cheklovni butun Tojikiston bo’ylab bekor qildi. Odatda elektr energiyasiga cheklov aprel oyi o’rtalarigacha, ba’zida esa yoz oylarigacha cho’zilardi.
Ba’zilar nazarida mamlakatda elektr energiyasiga cheklovning muddatidan ilgari bekor qilinishini Tojikiston konstitutsiyasiga kiritilayotgan o’zgartirishlar sabab may oyida o’tkazilishi rejalangan umumxalq referendiumiga bog’liq. Shu bilan birga issiq ob-havo tog’lardagi qor va muzliklarning tez erishi tufayli daryolarda suv miqdorining ortganligi kundek ravshan. Bu esa, o’z navbatida gidroelekr stansiyalarida generatorlarning maksimal ishlashiga imkon beradi.
Respublika konstitutsiyasiga kiritilayotgan o’zgartirishlar hozir mamlakat bo’ylab qizg’in muhokamada. Ayrim ziyolilar fikricha, asosiy o’zgarish prezidentlikka Tojikiston fuqorolari endi oldingidek 35 emas, 30 yoshdan nomzod ko’rsatilishi mumkinligi va millat peshvosining umrbod daxlsizligidir. Shuningdek, oliy sud organlari bosh lavozimlariga ham yoshlar tayinlanishi mumkin bo’ladi. Bu esa, mamlakatda yosh kadrlarga e’tiborning ortayotganidan dalolat beradi deyilmoqda. Qo’lgan o’zgartirish va qo’shimchalar esa u qadar ahamiyat kasb etmaydi.
Oddiy xalq esa bahorgi dala ishlari, yangi bog’lar yaratish, yer maydonlarini ekinga tayyorlash, ariq-zovurlarni tozalash bilan band. Birgina Xatlon viloyatida shu yil bahorida besh ming gektardan ortiq mevali bo’g yaratish ko’zda tutilgan bo’lib, o’tgan yil oxirida millat peshvosi titulini olgan prezident Emomali Rahmon o’zi ko’chat ekishda shaxsan ishtirok etmoqda.
“Biz yangi va yangi bo’glar yaratilayotganidan xursandmiz, lekin bir narsaga aq’lim etmaydi. Har yili minglab gektar maydonga miilionlab tup daraxt tikiladi, agar bularning 50-60 foizi tutib ketganda ham aqalli o’n yil orasida ba’zi nohiyalar o’rmonga aylanib ketgan bo’lardi, ammo qani o’sho o’rmon, hosil qaerda? Bozorlarimizdagi meva rastalarining oldini Eron mahsulotlari egallagan, o’zimizdagilar nahot 3-4 yilda hosilga kirmasa?” -deb ajablanadi bir qishloq agronomi.
Tojikiston, Eron va Afg’oniston hukumatlari orasidagi kelishvga muvofiq, bahorgi Navro’z bayrami galma-gal shu mamlakatlarning birida xalqaro miqyosda o’tkaziladi. Navro’zga bu yil Tojikiston mezbonlik qiladi, asosiy tadbirlar mamlakat shimoli – Sug’d viloyatida o’tkazilishi ko’zda tutilgan.
Har yilgidek, bu yil ham Sug’d viloyat markazi Khujand shahri asosiy maydonini odamlar ko’zini quvontirib, dillarga zavq bag’ishlab ramziy gullayotgan o’rik daraxti bezadi,
Havolar isib, Tojikistondan asosan Rossiyaga mehnat muhojirligiga yo’l olayotgan kishilar qarindosh-urg’lari, turli-tuman banklardan qarz ko’tarishmoqda. Respublika aholini ish bilan ta’minlash va muhojirat davlat qo’mitasi nohiya ma’sullaridan Bahrom Saydulloev aytadiki, migrantlar uchun hozir moliyaviy muammo dolzarb masala bo’lib qolmoqda.
“Shunday odamlar borki, duppa – durust mutaxassis, tajribali usta bo’lib etisgan, ilgarilari Rossiyada ishlab tajriba ham orttirishgan. Lekin mana endi yana safarga chiqishlari uchun pullari yo’q. Aholining aksariyati banklardan qarz olib qo’ygan, majbuiyatlari bor, boshqa kredit ololmaydi, ketish uchun aqalli yo’lkiralari yo’q. Bu masalada ko’mak so’rab, bizga murojaat qilayotganlar miqdori tobora ortib bormoqda, nima yo’l ko’rsatishni ham bilmaymiz”, – deydi Bahrom Saydulloev.
Uning fikricha mikrokredit banklari berayotgan qarzlari uchun ustama foizlarni kamaytirishi kerak, hozir ular yiliga o’n sakkizdan o’ttiz foizgacha sudxo’rlik qilishmoqda.
“Dunyoning biron mamlakatida banklar o’z mijozlarini Tojikistondagichalik terisini qo’shib chilmasa kerak”,- deydi Rossiyadan qaytib, boshqa borolmayotgan mehnat muhojirlaridan biri.
Tojikistonning eng yosh aholisi, bolalar va o’smirlar esa har qanday siyosiy-iqtisodiy tashvishlardan chekkada, bahorgi issiq kunlar quvonchini bir-birlari bilan baham ko’rishib, dalalardan yalpiz teradi, endi kurtak urib, barg yozayotgan tol navdalaridan boshlariga tolpopuk to’qib, uzun-uzun yasama soch ulashadi, chiroyga intilishadi.
Ravshan Shams
Xo’jand, Tojikiston